Barcha islohotlar markazida – inson
Konstitutsiya — davlatchilikning bosh qonuni, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy mezon va mustahkam poydevordir. Jamiyat hayotini tartibga soluvchi barcha qonunlar aynan shu Asosiy Qonun asosida yaratiladi. “Konstitutsiya” atamasi lotincha “Constitution” soʻzidan olingan boʻlib, “tuzilish”, “tuzuk” maʼnolarini anglatadi. Bu atama ilk bor qadimgi Rimda imperator konstitutsiyasi nomi bilan qoʻllana boshlagan.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqil davlatchiligimiz shakllanishi va jamiyat rivoji uchun haqiqiy huquqiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ulkan taraqqiyot bosqichlarini bosib oʻtdi. Bu jarayonda Konstitutsiyamiz ham zamon talablariga mos ravishda takomillashib bordi. Shu tufayli 2023-yil 1-mayiga qadar amal qilgan Konstitutsiya xalqaro talab va standartlarga toʻla mos kelar edi.
Yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻyilishi natijasida ayrim konstitutsion normalarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish zarurati tugʻildi. 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda xalqimiz yuksak huquqiy madaniyati va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, Konstitutsiyaning yangi tahririni qabul qildi. Zamonaviy mezonlar asosida yangilangan Bosh Qomus davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va sud-huquq tizimining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
Eng muhim yangiliklardan biri — “davlat – jamiyat – inson” tamoyili oʻrniga “inson – jamiyat – davlat” tartibining joriy qilinishi boʻldi. Bu esa inson manfaatini bosh qadriyat sifatida belgilab qoʻydi. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga oshirildi. Jumladan, ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlash, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini insonga munosib turmush darajasini hisobga olgan holda belgilash, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan taqdim etish kabi qoidalar aniq belgilandi.
54-moddada inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilab qoʻyilgan boʻlsa, 20-moddada ushbu maqsadga erishishning muhim asoslari — inson shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, huquqiy taʼsir choralari mutanosibligi va ularning maqsadga muvofiqligi belgilab berilgan. Davlat organlari bilan fuqaro oʻrtasidagi munosabatlarda barcha huquqiy ziddiyat va noaniqliklar inson manfaatiga talqin qilinishi qonun darajasida mustahkamlandi. Yangi tahrirda Konstitutsiya toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan huquqiy hujjat sifatida eʼtirof etildi. Demak, fuqaro amaldagi hayotda Konstitutsiya normalarini qoʻllashi mumkin, tegishli qonun yoki qoidalar mavjud boʻlmagan taqdirda ham Bosh Qomus bevosita ishlaydi.
Shuningdek, “xabeas korpus” instituti yanada kengaytirildi: shaxsni 48 soatdan ortiq sud qaroriga ega boʻlmasdan ushlab turish mumkin emas; telefon soʻzlashuvlarini eshitish va tintuv oʻtkazish faqat sud ruxsati bilan amalga oshiriladi. Jinoyatda gumonlangan shaxsga uning huquqlari — jumladan, sukut saqlash huquqi — ilk soniyalardanoq tushuntirilishi shartligi, hech kim oʻziga yoki yaqinlariga qarshi koʻrsatma berishga majburlanmasligi kabi “Miranda qoidalari” Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu normalar insonni asossiz jinoiy taʼqibdan himoya qilishga xizmat qiladi.
Sud-huquq sohasida ham muhim konstitutsion islohotlar amalga oshirildi. Sudyaning mustaqilligi taʼminlanishi, hisobdorlikka tortilishining cheklanishi, sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etishga asos boʻlmasligi kabi qoidalar odil sudlovni mustahkamlaydi. Konstitutsiyamizga kiritilgan barcha yangiliklarning markazida — inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash gʻoyasi yotadi.
Farhod XUDOYBERDIYEV,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring