Baliq emas, qarmoq bering

16:45 13 Dekabr 2024 Jamiyat
292 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Baʼzan oliy maʼlumoti boʻlmasa-da, oddiy hunari orqali oilasini toʻkis qilib qoʻyganlarga havasimiz keladi. Uyda turib bir qarich tomorqasidan xazina topayotganlar, bir qoʻli yoki oyogʻi boʻlmasa-da, ikki qoʻli butun, ikki oyogʻi sogʻlom odamlardan koʻproq muvaffaqiyatga erishganlarni koʻrib, tasanno aytamiz. Ammo shunday toifa ham borki, davlat menga uy qurib berishi, boqishi kerak, degan daʼvo bilan yashaydi. Toʻrt muchang soppa-sogʻ boʻlsa, biror kasb-hunarning boshini tut, desangiz boshingiz baloga qoladi. Toʻgʻri, tirikchilikning aybi yoʻq. Ammo andishaning oti qoʻrqoq emas. Boqimandalik – tirikchilik manbaiga aylanib qolmasligi kerak.

Fargʻona viloyatida ham hali boqimandalik kayfiyatida yurgan, qayerda sayyor qabul boʻlsa, oʻsha yerda paydo boʻlib hokimiyat vakillaridan uy-joy, oziq-ovqat, pul talab qiladiganlar yoʻq emas. Qiziq-da, baʼzan chindan muruvvatga muhtojlar hatto mahallasidan beriladigan yordam puli yoki oziq-ovqat mahsulotlarini borib olishga orlanadi. Mahalla vakillari xonadoniga eltib berganida ham ming andisha bilan yordamni qabul qiladi. Qaniydi, kunora turli idoralarga qatnab, nimadir talab qiladiganlar shulardan oʻrnak olsa!

Jurnalistik kuzatuvlarim asosida shunga amin boʻldimki, kam taʼminlangan oilalar roʻyxatiga turganlarning hammasi ham yordamga muhtojmas. Kuni kecha hududlardagi sayyor qabulda yana bir tanish chehrani uchratdim. Togʻni talqon qiladigan bu erkak har kuni sahardan hokimiyatga keladi. Shu tarzda hokimlik koʻmagi bilan barcha qurilish materiallarini olib, uy qurdi. Lekin hali hamon boqimandalik kayfiyatidan qutilgani yoʻq.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyatidagi Xalq qabulxonasi masʼullarining maʼlum qilishicha, joriy yilning 11 oyida viloyatda sektor rahbarlari ishtirokida qariyb 4 mingta ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi. 25 mingdan ortiq murojaatlar koʻrib chiqildi. Ularning 16,7 mingtasi – 70 foizi ijobiy hal etildi. Albatta, har bir murojaat ortida inson hayoti turibdi.

Quva tumanida istiqomat qiluvchi M.M. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq va Virtual qabulxonasiga 417 marotaba murojaat yoʻllagan. Asosan kompensatsiya undirish, moddiy yordam olish va uy-joyini taʼmirlash boʻyicha yordam soʻragan. Sektor rahbari bir necha marta quruvchilarni jalb etib, homiylik asosida uy-joyini taʼmirlatib berdi. Yashash xonadonining buzilgan qismi uchun tuman markazidan alohida yer maydoni ajratildi. Mahalliy byudjet hisobidan naqd pul koʻrinishida 100 million soʻm kompensatsiya berildi. Doimiy ravishda oilasi oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlandi. Salomatligini tiklash uchun sanatoriyga yoʻllanma taqdim etildi. Lekin u doim hammadan norozi, hamisha yordamga muhtoj. Uyiga bitta mix yetmasa ham bunga xuddi hokimiyat aybdordek rahbarlar ustidan yumaloq xat yozishdan toʻxtamaydi.

Qoʻshtepa tumanida yashovchi Z.E. ham shu kungacha Prezidentning Xalq qabulxonasiga 120 dan ziyod murojaat qilgan. Murojaatida asosan moddiy yordam va oziq-ovqat mahsuloti, shifoxonaga yotib davolanishi uchun yordam soʻraydi. Har yili murojaatiga koʻra, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan oʻrtacha 10-15 million soʻmlik yordam koʻrsatiladi. Bu yil ham unga 11 marotaba moddiy yordam berildi. Bundan ham qoniqmay, davlat idoralariga yana murojaat yoʻllashda davom etmoqda.

“Betimning qattigʻi – jonimning huzuri” deya yordam soʻrab kelganlarga mutasaddi rahbarlar tomonidan bir necha marta doimiy yoki mavsumiy ish oʻrinlari taklif etiladi. Aksariyati oylik maoshi kamligini roʻkach qilsa, baʼzilari boshqa turli bahona-yu karsonolarni oʻylab topadi. Xullas, ishla desa yoqmaydi. Tekinxoʻrlik, boqimandalik qon-qoniga singib ketgan. Nima boʻlganda ham, hamma narsaning chegarasi bor. Bir murojaatchiga qayta-qayta berilayotgan moddiy yordam yoki oziq-ovqat mahsuloti boshqa bir hamyurtimiz, mahalladoshimiz, qoʻshnimizning haqi boʻlishi mumkin.

Dunyo tajribasidan ayonki, har bir jamiyatda davlat koʻmagiga muhtoj maʼlum bir toifa boʻladi. Bunday insonlarga har kuni baliq emas, qarmoq bergan maʼqul. Bundan davlat ham, oʻsha insonning oʻzi ham birdek manfaat koʻradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер