Bayrogʻimiz — faxrimiz!

10:45 20 Noyabr 2023 Jamiyat
350 0

Har bir xalq, millat uchun oʻz vatanining ramzlari muqaddas hisoblanadi. Boisi, ularda oʻsha xalqning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlari oʻz aksini topadi. Ana shunday ramzlardan biri bu — davlat bayrogʻidir.

18-noyabr — “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan kun. Davlat bayrogʻi Oʻzbekiston davlat suverenitetining ramzidir.

Shu munosabat bilan 2023-yilning 17-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligiga bagʻishlangan “Bayrogʻimiz - faxrimiz” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, parlament axorot markazi boʻlim boshligʻi Gʻolibjon Mahamadjanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi Munisa Ergasheva, Akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ozod va obod Vatanimiz — Oʻzbekistonning bayrogʻi bizni ulugʻ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼala ekani hamda Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli boʻlish bilan birga millat bayrogʻi sifatida yuksak eʼzozlanishi xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʻzbekiston farzandlari qaerda boʻlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʻini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuygʻularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari boʻlgan davlat ramzlarini ulugʻlash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Farhodjon XOʻJAYEV,

FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?