“Badiyat olami”
Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.
Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.
www.xs.uz saytimizda “Badiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.
Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Aziz SAID
* * *
Uch toʻrtta quzgʻun-u bitta oʻlaksa
Tomosha beradi besh kundan buyon.
Kim gulxan yoqadi, kimdir sangtarosh,
Kimningdir kafti qon, kim aytar azon?
Tomoshabin yoʻq.
Besh kundir, tinmaydi mast-u alastlik,
Kuladi, yigʻlaydi – yolgʻonmi rostlik.
Besh kundir, koʻr usta suyak jamlaydi –
Tersam bas, yigʻsam bas – bitta qafaslik,
Tomoshabin yoʻq.
Besh kundir, arraning ovozi tinmas,
Besh kundir, tutatqi izlar chiroqchi,
Besh kundir, barmogʻin sanar sanoqchi,
Besh kundir, karvonni poylar qaroqchi,
Tomoshabin yoʻq.
Besh kundir, oynasiz gardish qoʻlimda,
Yolgʻonchi qurʼatosh oʻng-u soʻlimda.
Qirq tugun rishtamdan dor ham tikilgan,
Xazina qoʻrmagan ilon boʻynimda,
Tomoshabin yoʻq.
* * *
Sir gʻoriga qoʻyilgan tosh – oy
surilganga oʻxshaydi.
Yaltur-yultur yulduzmi, izmi –
kirilganga oʻxshaydi.
Tun kuylagi yirtiq – qaroqchi
tirilganga oʻxshaydi.
Sabr tortgan qora kamalak
uzilganga oʻxshaydi.
Ufqda qon – qatlmi yo ziyofat
tuzilganga oʻxshaydi.
Muz oʻymoqda koʻzimizni, yoʻl
burilganga oʻxshaydi...

Ikrom OTAMUROD
* * *
...Umrim –
Kasbidan to Toshkentga qadar
farsang-farsang gʻarib choʻzilgan yoʻldir.
Bu yoʻlda tinmayin chopadi qadar.
bu yoʻlda qatnaydi armon tinmagur.
Yoʻldoshim –
chatnagan,
qaqshagan umid,
chayir xayollarim zirqirab ogʻrir.
Parchin dardlarimni kanglumga koʻmib,
nadomatni ichga yutaman - taxir.
Poyezd oʻrinlari tiqilinch rasmi,
uchoqda topilmas boʻsh joy dafʼatan.
Shoshaman.
Sogʻinchim –
qadimiy Kasbi,
bagʻrimda muqaddas tufrogʻim,
zotan.
Sulton Mirhaydarning toshlarin silab,
bir oyat oʻqiyman,
o, Tangrim,
inon!
Sukunat sabriga omonlik tilab:
koʻhna ruhlar iymon,
sogʻinchlar iymon.
* * *
Sen dilingni ochding, men dilim ochdim.
Dilin bayon etib, dillar uchrashdi.
Sen qaylarda eding, men qayda edim,
Qaylardan kelgan bul yoʻllar uchrashdi?
Sen – bagʻri chok-u chok, men – bagʻri chok-chok,
Ishq uyin supurgan qullar uchrashdi.
Sen – tashnai quvra, men – tashna quvra,
Dashti Karbaloda choʻllar uchrashdi.
Sen – qadimiy armon, men – qadim armon,
Armonni yigirgan yillar uchrashdi.
Sen dilingni ochding, men dilim ochdim,
Dilin bayon etib, dillar uchrashdi.

Jontemir
SANʼAT
Pianino chaladi qoʻshnim,
Tungi shahar oromin buzib.
Qanotlari kesilgan qushning
Xayolida yuraman suzib.
Pianino chaladi – Motsart,
Goh Shopenga aylanib, goh Bax.
Yurak – meʼroj, tuygʻu havoza,
Tamakimdan havolaydi baxt.
Pianino chaladi... beton
Devorlarda oʻrmalar ohang.
Mum tishlagan anduhlar betob,
Qiz quchgandek koʻngilda rohat.
Chayqalaman, chayqalar Toshkent,
Tebranadi some daraxtlar.
Oy hijjalar kechani sokin,
Bulutlarni bir-bir varaqlab...
Kuy uzilar tong chogʻi, hasrat
Tunni joylar vaqt idishiga.
Men uxlayman. Joʻnaydi Motsart
Supurgisin sudrab ishiga.
Pianino chaladi qoʻshnim.

Nargiza ODINAYEVA
* * *
Shamol tebratadi avgustni,
Koʻylagini yechar saraton.
Rangpar boʻlib qoldi yer usti,
Etagini toʻldir, kuz, uygʻon.
Toʻlgʻoq tutgan shomni oralab
Shoshiladi qushlar iniga.
Kimdir shunda shamsni avaylab
Solib qoʻyar koʻk xurjuniga.
Ming yillarki dunyo poyloqchi,
Quvib borar yulduz yulduzni.
Qachonlardir yetti qaroqchi
Oʻgʻirlagan pari bir qizni.
Etak tutar yangi bugunlar,
“Alif”, “be”dan boshlar ilmni.
Uygʻonmagan hali bu tunlar
Tanimaydi mening koʻnglimni.
Na bahoru, kuzga kiradi,
Hatlab koʻrdim – umr bir qadam.
Yuragimni toshlab yuradi,
Kunlariga sigʻmagan odam.
Avgustdagi tongni yoqalab,
Yoʻlga chiqdim poyu-piyoda.
Borayapman kuzni orqalab
Qarshimdagi soʻngsiz dunyoga.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring