Badiiyat olami
Yoʻldosh ESHBEK
SENING QOʻSHIGʻING
1
Biz baxtiyor boʻlgaymiz xoʻb,
Bizni zafar quchajak!
Tepamizda charx urishib
Qaldirgʻochlar uchajak!
Shunday qoʻshiq aytgan eding sen,
Shunday qoʻshiq… hayotday aziz.
Va dunyoga qaytgan edim men,
Dunyo menga qaytdi oʻsha kez.
Qoʻshigʻingni buloqlar tinglab,
Shamollarning tili tugildi.
Osmon yuzi koʻzing nusxalab,
Oʻpmoq boʻlib senga egildi.
Qaldirgʻochlar uchdi tepangda,
Qoʻshiq aytib shoʻxshan, dilrabo.
Oʻn yettida eding oʻshanda.
Oʻn yettiga toʻlgandi dunyo.
Dunyolardan rashk qildim seni,
Dunyolarga ishonmas edim...
2
Qaldirgʻochlar kelmoqda uchib,
Bahor quvib yasharlar doim.
Ushbu damda sen yodga tushib,
Alamlarda qovrilar oʻyim.
Sen umringai boʻlding ikkiga,
Endi menga ikki xil oʻysan.
Toʻlib ketsa dardpar koʻksimga,
Yolgʻizlikning hukmidan toʻysam,
Madadga zor odamday goho,
Atrofga javdirar nigohim.
Koʻzlarimda intiq iltijo,
Koʻzlarimda tizilar ohim.
Shunda izlab qolaman zor-zor,
Oʻn yetti yosh koʻhligim qayda?
Va qaytmoq boʻlaman intizor
Oʻn yetti yosh dunyoga qayta.
Meni chorlar ilk umring maʼsum,
Meni chorlar ul pokiza ishq.
Qaygʻularga chek qoʻyib, bir zum –
Ruhimda tirilar ul qoʻshiq:
“Biz baxtiyor boʻlgaymiz xoʻb,
Bizni zafar quchajak!
Boshimizda charx urishib,
Qaldirgʻochlar uchajak!”
Sardor SAʼDULLAYEV
BELGI
Koʻzlarim yoʻlingda, demak, ishonar,
Armonga eltmagay balki bu soʻroq.
Bugun ikki shamning birisi yonar –
Visolmi, hijronmi, bilmayman biroq...
Umidning qoʻllari boʻynimdan quchar,
Zumda mahv boʻlajak abadiy firoq.
Bugun ikki shamning birisi oʻchar –
Hayotmi, oʻlimmi, bilmayman biroq...
* * *
Mardlar xiylalardan koʻrganda jabr,
Va fasod atrofga otganda ildiz.
Tarix daftaridan oʻchdi davlatlar,
Osmonda soʻnganday lahzalik yulduz.
Toʻgʻri, boqiy emas biror saltanat,
Lek bu evrilishning bor sabablari.
Saroy ichidagi xudbinlik hamda
Xoinlik agʻdardi ularning barin.
Shul sabab soʻzimni shior etib ol,
Manfur illatlarni aylagin agʻyor.
Toki parchalarga ketmay boʻlinib,
Yuragim egangga pand berma zinhor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 17 nafar professor-oʻqituvchiga ilmiy unvon berildi
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring