“Badiiyat olami”

19:33 24 Oktyabr 2023 Madaniyat
141 0

Foto: Arxiv surat

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.

www.xs.uz saytimizda “Badiiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.

Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Zebo MIRZO

IZTIROB

Nima boʻpti, eslamasangiz,

Nima boʻpti, qarab qoʻymasam?

Dilingizda tosharmidi his,

Siz deb kuysam,

yoki kuymasam?

Menga laʼnat boʻlgan bu ishqdan

Yonib ketsa hayotim beiz,

Butun umr sevib oʻtsam-u,

Bir lahza ham

sevolmasangiz...

Nima boʻpti, men sizning emas,

Sevgingizning boʻlsam tutquni?

Sevib oʻtsam,

Sevib oʻpsam mast,

Xayolimda saqlab men uni?

Kipriklarim yumsam,

U hozir

Huzurimda boʻladi paydo:

Mana, titroq qoʻllarim suzar

Uning toshqin sochlari aro!

Men sevgan U – judayam yorugʻ!

Men sevgan U – magʻrur va halol!

Suyanaman yelkalariga

Tongni quchgan atirgul misol!

U – mening mard,

tengsiz Qirolim,

Men u bilan Hur malikaman,

Baxt yaratib har nafasidan,

Osmonlarga yulduz ekaman!

...Yuragimni yengaman demang,

Yuragimda garchand faqat Siz!

Bilsangiz...

Men juda baxtliman!

Nima boʻpti...

Bilolmasangiz!

Koʻnglingizni boʻlaklab bering,

Qushchalarga yediring, mayli.

Siz sevgimga qilmangiz shafqat,

Baxtsiz oʻtgan baxti tufayli!

Qoʻl silatamang...

kulmang...

achinmang...

Achinaman men sizga koʻproq.

Sevilgan-u, buyuk ishq bilan,

Sevilganin bilmagan biroq!..

* * *

Sen – chashma,

Eng yuksak osmon toqida,

Xudoyim yashirgan jannatiy chashma.

Sen – chashma,

Oy – mavjing soyasi, senga

Talpinar dunyoda jamiyki tashna.

Sen-chashma,

Tangrining huzuridagi,

Malaklar tilangan ilohiy buloq.

Sen – chashma,

Bir umr ruhimda oqqan,

Muntazir qoʻllarim yetmagan biroq.

Sen – chashma,

Berilgan faqat uyquda,

Bir lahza tajalling komiga choʻmib,

Olgin deb, ozurda jismu jonimni,

Uxlab oʻtayapman koʻzlarim yumib!

Sen – chashma,

Yulduzlar ortidan yelib,

Nur kabi koʻksimda yonguvchi chashma.

Sening koʻzlaringdan dunyoga kelib,

Mening lablarimga tomguvchi chashma!

Sen – chashma...

Dadaxon MUHAMMADIY

* * *

Yomgʻir yogʻayapti koʻnglingga,

Qara!

Kutaman, ruhimda bir ilinj sarson.

Qushlar shom boshladi va soʻnggi chora –

Toʻfonlar yubordi qoshingga osmon.

Yolgʻizlik istaysan, faqat yolgʻizlik,

Bulutlar boshingda toʻzgʻiydi bir dam.

Tun choʻkib boradi, koʻzingda hadik,

Uzoqlab boradi kulgularing ham.

Toʻfonlar yubordi qoshingga osmon,

Yomgʻir isin tuyar qaysidir sezgi.

Ana shu toʻfondan oʻtolsak omon,

Baxtiyor yashaymiz, baxtiyor sevgi.

Yomgʻirday toʻkilib kutyapti bir jon,

Tomchilar koʻnglingga yetar tobora.

Endi qaytish kerak – kelishing gumon,

Yomgʻir yogʻayapti.

Koʻnglingga qara!

* * *

Maylimi ketmasam,

Maylimi qolsam?

Koʻrsam bu zamonning bebosh zaylini.

Sizga keng, menga tor kelgan dunyoning

Bir chetida yashab tursam maylimi?

Xudo bir asradi, koʻnglingiz qoldi,

Manzili yoʻq makon qidirgan kunda.

Ishonch muhabbatdan ustun keldi va

Qaytadan yaraldi koʻnglimiz shunda.

Men sizni sevaman,

Isbot shart emas,

Umringizga ranglar, ishq, olov solsam…

Saharlar bizniki, jonim, saharlar,

Maylimi ketmasam,

Maylimi qolsam?!

Bobur ELMUROD

* * *

Nahot endi sevgi – otashin,

Yondirolmas hech bir kishini.

Yetti alpga shart qoʻyib Barchin,

Kutmay qoʻydi Alpomishini.

Suv qidirib ketdi Farhodlar,

Lek oqmadi daryolar toʻlib.

Alpomishdek ketib oʻgʻlonlar,

Qaytolmadi Alpomish boʻlib.

Ichimizda koʻp edi Shiroq,

Umid qildik, toʻsar gʻovlarni.

Biz kutganday boʻlmadi biroq,

Boshlab keldi ular yovlarni.

Kimdir hamon tushmadi otdan,

Egarlarga mingashdi kibor.

Endi chiqing, oʻzingiz chohdan,

Qutqargani kelmas Boychibor.

Tor koʻngilga sigʻmayin qoldi,

Majnunlarning muhabbatlari.

Otabeklar Kumushlariga

Yozmay qoʻydi sevgi xatlari.

Xotiramda bari – ularning,

Eslayversam qiynaydi yodi.

Buncha goʻzal – insoniyatning

Kitoblarda qolgan hayoti.

* * *

Bir koʻngil oʻstirsang, ichingda

Yashasa eng buyuk zotlaring.

Ichkariga kira olmasa

Yomonotliq, yomon otlaring...

Agʻanasa tuygʻularingni

Bosib yotgan ming-minglab xarsang.

Aldamasa quloqlaring hech,

Koʻzlaringga butkul ishonsang...

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda,

Ichingda bir koʻngil yoʻqlasang.

Koʻz yumsang, qorongʻu boʻlmasa

Yop-yorugʻ kunlarda uxlasang...

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер