Ayolning baxti oila bilan

18:49 04 Mart 2022 Jamiyat
620 0

Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh omili — insondir. Inson esa haqiqiy shaxs sifatida jamiyatda, uning kichik bir koʻrinishi boʻlgan oilada shakllanadi. Bu oʻrinda bizda ming yillardan buyon shakllangan yana bir maktab borki, bu — mahalla. Mahalla bizni tarbiyalaydi, ulgʻaytiradi, nima yaxshiyu nima yomonligini oʻrgatadi.

Kasb tanlashimiz, oʻzimizni baholashimiz, kelajagimizni belgilashimiz — hamma-hammasida mahallaning alohida oʻrni bor. Bugungi kunda mahalla instituti rivojiga davlat siyosati darajasida eʼtibor berilayotgani ham bejiz emas. Mahalla va oilalar birligi azaldan qon-qonimizga singib, bizning ajralmas va oʻzgarmas qarashlarimizga aylanib ulgurgan.

Prezidentimiz tomonidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bu juda toʻgʻri qaror boʻldi. Chunki mahalla, oila, nuroniylar tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Sababi mahalla — tarbiya oʻchogʻi. Tarbiyada esa yoshi ulugʻ nuroniy keksalarimizning oʻrni katta.

Yurtimizda yoshi ulugʻ keksalarni hurmat qilish, ularning nasihatlariga koʻra ish tutish odati shakllangan. Bu vazirlikning tashkil etilganligi ushbu mavzuni yanada qoʻllab-quvvatlash bilan birga, ulkan masʼuliyat ham yuklaydi. Davlatimiz hozirgi globallashuv jarayonlarida keksalarimizning maslahatlari, dono va oqilona ish koʻrishda yaqindan koʻmaklarini nazarda tutadi. Buni hozirgi yoshlarimizni oʻz milliy anʼanalarimizga sodiq holda tarbiyalash, ularda insoniy fazilatlarni shakllantirishda oʻziga xos namuna koʻrsata olish bilan belgilash mumkin.

Buning uchun nuroniy keksalarimizdagi iymon, eʼtiqod, insof va donishmandlikni keng targʻib etishimiz, ularni kelajak yoshlarimizga chuqur singdirish yoʻllarini topmogʻimiz zarur. Yurtimizda keksalar azaldan eʼzozlanib, qadrlanib kelingan. Bu esa islohotlarda yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Maqsadlarimizning asl mohiyatiga toʻgʻri yondashuv shakllanishi uchun global muammolar yechimida keksalarimiz maslahatlariga koʻproq tayanishimiz lozim.

Sir emaski, mamlakatimizda eʼtibordan chetda qolgan eng kichik iqtisodiy masalalarga ham yechim topilmoqda. Ulardan biri yaqinda kiritilgan yangilik — xususiy sektorda mehnat qilayotgan ayollarga davlat tomonidan homiladorlik nafaqasi tayinlanishi boʻldi.

Jumladan, joriy yil 1-sentyabrdan bu sohada mehnat qilib homiladorlik taʼtiliga chiqqan ayollarga ham toʻrt oylik nafaqa pullari toʻlab beriladigan boʻldi. Buning uchun byudjetdan joriy yil uchun 200 milliard soʻm, 2023-yil uchun 1,7 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Bu ham mamlakatimizda onalik va bolalik muhofazasi yoʻlidagi eʼtiborning yana bir namunasi boʻldi.

Yana bir muhim jihat: onalik, farzandni dunyoga keltirish va uni tarbiyalash ota-ona oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Bunda onalar yanada koʻproq himoyaga, yordamga muhtoj boʻladi.

Mamlakat tomonidan ajratilgan sarmoyalar har bir onaning sogʻligʻi, farzand barkamolligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu borada ularni hayotga tayyorlash, malaka toifalarini oʻstirish, taʼlim olishlari uchun yetarli sharoitlar yaratish, pul mablagʻlarini koʻpaytirish, toʻlovlarni amalga oshirishda koʻmaklashish ularda oʻziga ishonch va muammolar yechimini topishni osonlashtiradi.

Bu borada ularni ilm-hunarga yoʻnaltirish, taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz kredit berish gʻoyasi ayni muddao boʻldi. Bu juda koʻp bilimli va salohiyatli talaba qizlarning taʼlim olishiga yoʻl ochadi. Ayniqsa, hayot, uy-roʻzgʻor hamda turmushning ilk bosqichlari — yangi qurilgan oilalarning koʻpchiligida iqtisodiy muammolar mavjud boʻlgan va ayni paytda kelajak gʻoyalari uchun poydevor shakllanayotgan davrda berilishi uning maqsadli sarflanishini taʼminlaydi. Zaruriy kasb-hunar hamda malaka darajasiga ega boʻlgan yoshlar oʻz taʼminotlarini yoʻlga qoʻyishlariga koʻmak boʻladi.

Umuman, qabul qilingan qarorlarning aksariyati ayol-qizlar va ularning taʼlim olishlariga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatli. Xususan, oliy taʼlimdan keyingi bosqich — magistraturada tahsil olayotgan qizlarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi oʻrni oshirilishiga xizmat qiladi.

Davlat tomonidan berilgan barcha imkoniyatlar mohiyatini yetarli darajada tushuntirilishi va undan koʻzlangan maqsad oila tinchligi, farovonligi, kelajak avlodlarning intellektual salohiyatini koʻtarish hamda onalar tafakkurini kengaytirish ekanini chuqur anglab yetish zarur. Bu borada odob-axloq meʼyorlarini chuqur singdirish, ayol, ona tushunchalarining shakllanishida oilada otalarga boʻlgan hurmat va oila muqaddasligini birinchi oʻringa qoʻyish gʻoyalarini singdirish zarur.

Zero, ayolning baxti oila bilandir. Uning oilada va jamiyatda ilgʻor boʻlishi, oʻziga ishonchining shakllanishi oilani mustahkamlashi, dunyoqarashining kengayishi faqat foyda keltirishga xizmat qilishi zarur. Davlat va jamiyat kishilari tomonidan eʼzozlanishi hamda qoʻllab-quvvatlanishiga ayol-qizlarimiz mos ravishdagi hurmat hamda yuksak maʼnaviy baho bilan javob beradilar, deb oʻylayman. Zotan, ayol oʻzini baxtiyor his etgan oʻlkada masrurlik hamda saodat yuz ochadi. Bunga bizning buyuk tariximiz, dinimiz hamda anʼanalarimiz guvohlik beradi.

Umuman olganda, islohotlarimiz asosi ayol, ularga berilgan keng imkoniyatlar va eʼtibor bilan yoʻgʻrilgan. Bu harakatlarga mamlakatimiz ayol-qizlari koʻzda tutilgandan ham ziyoda holatda javob berishi ishonchim komil.

Sayyoraxon QURBONOVA,

Fargʻona davlat universiteti katta oʻqituvchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?