Atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq xoʻjalik faoliyati toʻxtatildi

10:15 13 Noyabr 2025 Jamiyat
173 0

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 106 xoʻjalik faoliyati vaqtincha toʻxtatildi, 58 issiqxona xoʻjaligiga nisbatan esa maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Bu haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-fevraldagi 59-F-son farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklari, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha obyektlarining faoliyatida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tutun, chang va zaharli gazlar miqdorini kamaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan 300 dan ortiq mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Ular tomonidan poytaxt hududidagi issiqxona xoʻjaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilgan.

Nazorat tadbirlari natijasida 4 ming 869 obyekt oʻrganilib, ulardan 595 tasi issiqxona xoʻjaliklari (Toshkent viloyatida — 381 ta, Toshkent shahrida — 214 ta), 2 ming 265 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 1 ming 998 sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirilgan.

Oʻrganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlanib, ayrim xoʻjaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik taʼsir koʻrsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan. Aniqlangan har bir qonunbuzilish holati boʻyicha keskin choralar koʻrilgan va ularning oldini olish hamda kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Jumladan, dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 issiqxona xoʻjaligiga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan, 106 xoʻjalik faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Shuningdek, 387 holat boʻyicha ekologik talablariga muvofiqlashtirish hamda plyonka, avtoshina va oʻsimlik qoldiqlarini yoqilgʻi sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?