Asossiz qoʻyilgan barcha taqiqlovchi belgilar olib tashlanadi

16:36 09 Iyul 2025 Siyosat
198 0

Illyustrativ foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish boʻyicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangani qayd etildi.

Xususan, Toshkent shahrida 200 kilometr yoʻl, 4 ta koʻprikni taʼmirlash uchun Xitoydan 300 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi.

Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.

Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.

Prezidentimiz yana bir masalaga eʼtibor qaratdi.

Ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning maʼmuriy binosi joylashgan koʻchalar yopib qoʻyilganidan, shusiz ham tirband koʻchalarda ularning xodimlari yoʻlni 2-3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi.

Prezident topshirigʻiga koʻra, 15 ming nafar haydovchilar oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yoʻl boʻyiga qoʻyishga majburligini bildirgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yoʻq”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qoʻyilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi.

Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar oʻrnatib, jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish boʻyicha namuna boʻlishi kerakligi qayd etildi. Endilikda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yoʻllarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер