Maqsadga yetaklagan jasorat
Oʻn besh yoshimda koʻrish qobiliyatimni yoʻqotgach, bir muddat juda ogʻir holatga tushib qoldim. Ota-onam meni tushkunlikdan chiqarish maqsadida sportga olib borishdi. 2015-yildan shahrimizdagi sport toʻgaraklaridan birida para atletika bilan shugʻullana boshladim. Xuddi shu yili Toshkent shahrida oʻtgan musobaqada yugurish sport turi boʻyicha oʻz imkoniyatlarimni sinab koʻrdim. Bu hayotimdagi birinchi yirik turnir ekaniga qaramay, gʻoliblikni qoʻlga kiritdim. Shu musobaqa menga kurashish, gʻolib chiqish kayfiyatini his etishimga imkon berdi. Qalbimda katta musobaqalar, jahon arenalariga chiqish orzusi, kurashish, oldinga harakat qilish maqsadi paydo boʻldi.
Dadam bilan maslahatlashib, para-yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Sardor Abduxoliqovning yoniga bordik. Maqsadim qatʼiy ekanini koʻrgan murabbiy meni Toshkentda olib qoldi. U kishining tavsiyasi asosida para atletikaning uzoqlikka sakrash turi bilan shugʻullana boshladim. Tinimsiz mashgʻulotlar, katta musobaqalarga tayyorgarlik boshlanib ketdi.
2016-yilda Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtkazilgan musobaqada uchta yoʻnalish boʻyicha uchta oltin medalni qoʻlga kiritdim. Shundan soʻng “Tokio-2020” yozgi Paralimpiya oʻyinlarida sovrindor boʻldim. Jahon chempionligiga erishdim. 2022-yilda “Xanchjou — 2022” Paraosiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandim. Shu yili Osiyo qitʼasining “Eng yaxshi ayol para atleti” deb topildim.
Oʻtgan yil hayotimda butunlay yangi sahifa ochdi. Parij shahrida boʻlib oʻtgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida 5.24 metr natija qayd etgan holda oltin medalni qoʻlga kiritdim. Bu natijam bilan 28-yil davomida saqlanib kelgan Paralimpiya rekordini yangilashga muvaffaq boʻldim. Prezidentimiz telefon qilib, shaxsan tabriklaganlarida qanday holatga tushganimni soʻz bilan taʼrif etib bera olmayman.
Davlatimiz rahbariga 2028-yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadigan yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ham yurtimiz bayrogʻini eng balandga koʻtarishga vaʼda berganman. Hozir buning uchun qattiq tayyorgarlik koʻryapman.
Bugun yurtimizda sportga yuksak eʼtibor qaratilmoqda. Biz yoshlarning sport bilan shugʻullanishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bugun erishayotgan barcha yutuqlarimiz zamirida ana shu imkoniyatlar hosilasi mujassam.
Asila MIRZAYOROVA,
Para atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma
jamoasi aʼzosi, paralimpiya oʻyinlari chempioni.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring