Armon

17:03 05 May 2020 Jamiyat
1228 0

1942-yil. Qirgʻinbarot janglar avj olgan kunlarning birida Toʻraqoʻrgʻonning Katta Qurama qishlogʻidan frontga yoʻl olgan yigitlarning navbatdagi guruhida endigina oʻn sakkizni qoralagan Ikromjon Umrzoqov ham bor edi. Poyezd ularni toʻppa-toʻgʻri Stalingradga olib bordi. Uch oylik tayyorgarlikdan oʻtgandan soʻng “yangilar” ham hayot-mamot kurashiga kirishib ketdi.

- Har bir jangga faqatgina “Olgʻa” xitobi bilan qirardik, -deydi frontchi otaxon. – Biroq, roʻparangda seni yakson qilishga shay turgan dushman askari bilan hisoblashmaslikning iloji yoʻq, ozgina boʻsh keldingmi, daydi oʻqqa uchasan. Ajal hamisha yonimizda yurgan. Baʼzan oʻqlar yomgʻiridan sarosimaga tushib yonimizda yaralangan safdoshimizga yordam koʻrsatishga ulgurmay ham qolardik. Uch yuz oʻttiz mingdan ortiq nemis askari qurshab olingan Stalingrad janglaridagi bir holat hali hamon koʻz oldimdan ketmaydi. Yaqinimizda roʻy bergan portlash natijasida uchib chiqqan oskolka mendan besh metrcha narida borayotgan rus yigitning ikki qoʻlini yelkasidan uzib yubordi. Qani endi “suv, suv...” deganicha atrofdagilardan najot kutayotgan bechoraning yaqiniga yoʻlab boʻlsa. Yoʻq, qutqarib qolishning iloji boʻlmadi, bir iloj qilib yoniga borganimizda uning joni uzilgandi.

Beayov janglarning hech biri talafotsiz boʻlmagan. Oʻzini harchand ehtiyot qilmasin dushman oʻqi I. Umrzoqovni ham chetlab oʻtmadi. Yurishlarning birida nemis askari uni yelkasi, oyogʻidan yaraladi. Oyogʻi tuzalib ketgan boʻlsa-da, koʻkragiga yaqin joydagi metall parchasini uzoq vaqt koʻtarib yurishiga toʻgʻri keldi. Besh yil degandagina Vladimir Shapovalov degan professor vrach jarrohlik yoʻli bilan olib tashladi.

-Bolam, biz qanday qilib gʻalabaga erishdik, birinchi navbatda odamlarimizning qatʼiyati, ruhi balandligi bilan,-deydi Ikromjon ota. – Ayniqsa, front orti respublikalari, xususan, Oʻzbekistondan borib turgan yordam, hamyurtlarimizning maʼnaviy madadi har bir oʻzbek jangchisiga kuch, dalda bergan. Serquyosh yurtimiz vakillaridan iborat sanʼatkorlik truppalarining janglar oraligʻidagi konsertlari, Tamaraxonim va Halima Nosirovaning Oʻzbekiston nafasi ufurib turgan qoʻshiq va raqslaridan gʻayratimiz joʻshgan. Ana shunday damlarning birida Tamaraxonim oʻzining zukkoligi bilan hammani qoyil qoldirdi. Uning koʻplab tilda qoʻshiq ayta olishini eshitgan rus ofitseri “Bitta ispancha qoʻshiq aytib bering-chi”, deb qoldi. Opa sira ikkilanmadi. Talabiga javoban qoʻshiq yangragan chogʻda esa ofitser qanday qilib ispancha raqsga tushib ketganini ham sezmay qoldi.

Ikromjon Umrzoqov urushning keyingi bosqichlarida Ukrainaning bir qator shaharlarini fashist gazandalaridan xalos qilishda qatnashdi. Millionlab hamyurtlarimiz qatori janglarda sobit turib, gʻalaba nashidasini surishga muvaffaq boʻldi.

Ikkinchi jahon urushining achchiq xotiralari bilan ona qishlogʻiga qaytgan Ikromjon ota respublika xalq xoʻjaligini tiklash va undan keyingi taraqqiyot yillarida turli jabhalarda astoydil mehnat qildi. Hamqishloqlari uning tuman ijroqoʻmi, madaniyat boʻlimi, qishloq Kengashi va boshqa joylarda yuqori tashkilotchilik namunalarini koʻrsatganligini faxr bilan yodga oladi. Oʻziga mos ayol bilan turmush qurib, koʻpchilik havas qiladigan namuna oila sohibi boʻldi. Uch nafar farzand ortidan 15 ga yaqin nevara, 50 dan ziyod evara-chevaralarning suyukli bobosiga aylandi. Buyuk gʻalabaning 75 yilligi yaqinlashayotgan shu kunlarda yuz yosh ostonasida turgan aziz inson yashayotgan xonadon goʻyoki tabarruk qadamjoga aylanganday. Qoʻni-qoʻshni, qishloqdoshlar, mahalliy hokimiyat, jamoat tashkilotlari vakillarining yoʻqlovidan boboning dimogʻi chogʻ.

- Hayotimdan roziman, chunki, bir inson umricha mazmunli yashadim, -deydi Ikromjon ota. – Biroq, dilimning chetida turgan bir armon borki, sira unutolmayman. U ham boʻlsa, yarador quroldoshimga bir qultum suv tutishga ulgura olmaganim. Yana bir armonim oʻsha 1942-yilda mahallamizdan men bilan frontga otlangan Turdali Boyzoqov, Mamajon Abdullayev, Sulton Jaylonov singari tengdoshlarimning nomaʼlum askarga aylanib, hoki oʻzga yurtlarda qolib ketgani. Urushdan qaytmagan 120 nafar mahalladoshimiz ketar payti tishlab qoldirgan patirlar yaqin vaqtlargacha uylar peshtoqida osilib turdi. Axir, ularning ham shunday yorugʻ kunlarni koʻrishga haqqi bor edi-ku! Mana shunisi armon!

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?