Aprel oyida ob-havo qanday boʻladi?

14:20 31 Mart 2026 Jamiyat
345 0

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

“Oʻzgidromet” aprel oyi davomida kuzatiladigan ob-havo prognozlarini eʼlon qildi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu yilning aprel oyi bahor fasli uchun xos boʻlgan beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi oʻn kunligida respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi.

Yogʻingarchiliklar mahalliy (lokal) xususiyatga ega boʻlib, ular hamma joyda va har kuni ham kuzatilmaydi. Masalan, Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida 1-3-aprel kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi.

Taʼkidlanishicha, aprel oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida ayrim kunlarda, har bir oʻn kunlikda 1-3 kundan yomgʻir yogʻishi kutilmoqda. Oy davomida havo harorati ancha yuqori fon koʻrsatkichlarida: kechalari 12-17 daraja iliqdan 7-12 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 27-32 daraja iliqdan 15-20 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

Respublika hududining katta qismida aprel oyining oʻrtacha harorati mart oyiga nisbatan 5-7 darajaga yuqori boʻladi. Respublika shimolida va choʻl hududlarida havo jadalroq isiy boshlaydi, bunda aprel oyining oʻrtacha harorati mart oyi qiymatlaridan 8-10 darajaga koʻp boʻladi.

Ushbu oydagi harorat foni koʻpincha bahoriy beqaror boʻladi. Havoni bahoriy tez isishi qisqa davrga, ammo baʼzida juda sezilarli sovuqlar bilan davom etadi.

Eng iliq davrlarda havo harorati kunduz kunlari 28-33 darajagacha koʻtariladi. Mutlaq maksimal harorat 35-38 darajani, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 39-41 darajani tashkil etadi. Sovuq davrlarda, mart oyidagi kabi tez-tez emas, lekin baʼzida tungi harorat darajasi sovuqqacha pasayadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?