Anjumandan keyingi oʻylar

12:33 11 Iyul 2025 Jamiyat
113 0

Koʻhna Zomin togʻlarida karnay-surnaylar gʻata-gʻuti bilan boshlangan adabiyot va kitobxonlik bayrami bulbullar chah-chahiga ulanib ketdi.

Zamin va zamon yashillik va navqironlik nafasi bilan yorqin tus oldi.

Joriy yilning 7-9-iyul kunlari Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminari yangi – 28-mavsumini yuqori koʻtarinkilik bilan oʻtkazib, yigirma sakkiz qirni oshib oʻtdi.

Yigirma sakkiz yosh bir yigitning unib-oʻsib, kuch-gʻayrati ichiga sigʻmay, toʻlib toshayotgan navqiron fasli, desak, ushbu anjuman ham mazmun va mohiyatan tobora takomillashib, yanada kengayib borayotgani tabiiy hol.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida ” gi 147-son Qaroriga asosan, joriy yilda mamlakatimizdagi mavjud ijod maktablarining har biridan 5 nafardan, jami 45 nafar iqtidorli oʻquvchilarning ishtiroki ushbu anjumanning koʻlamini yanada kengaytirdi.

Seminarda ishtirok etayotgan iqtidorli yoshlar salmogʻi bu yil yanada ortgani navqiron avlod uchun quvonarli hodisa boʻldi. Mazkur adabiyot bayramida shu paytgacha yurtimizning har bir viloyatidan 5 nafardan iqtidorli yoshlar saralab olinib, jami 85 nafar isteʼdod egalari qatnashib kelayotgan boʻlsa, bu yil ijod maktablarining iqtidorli oʻquvchilari hisobiga ishtirokchi yoshlar soni 128 nafarga yetdi.

Yana bir jihati, milliy adabiyotimiz tarixida “Zomin maktabi” nomi bilan zarhal harflarda yozilayotgan mazkur anjuman bu safar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Zomindagi sanatoriysida faoliyat koʻrsatdi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati sanatoriysiga begʻaraz joylashtirildi. Shuningdek, ushbu muddat davomida seminar ishtirokchilari, ustoz adiblar va tashkilotchilardan iborat 185 kishi sihatgohga begʻaraz joylashtirilib, ovqatlanishi bilan bogʻliq barcha xizmatlarga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati ” homiylik qildi.

Seminarning tantanali yopilish marosimida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Xalq banki” Respublika boshqarmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Jizzax viloyat hokimligi tomonidan ishtirokchilarga seminar statuyetkasi, sertifikat, noutbuk, telefon, pul mukofotlari va kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Anʼana bu yil ham davom etmoqda. Bu ragʻbatlantirishlar siz aziz yoshlarga berilgan kichik bir boʻnak, deb qabul qilgaysiz.

Zero, asl adabiyotning asl bahosini beradigan boʻlsak, dunyo xazinasi yetmaydi.

Adabiyot ana shunday qudratli kuchga ega!” — dedi Jizzax viloyat hokimi oʻrinbosari Akmal Savurboyev.

Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun mohiyati bilan yaqindan tanishtirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, xalqimizning buyuk tarixi va maʼnaviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh isteʼdod egalarining ijodiy va intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish, nazm, nasr, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika, adabiy tanqid, badiiy tarjima, dramaturgiya yoʻnalishlari boʻyicha “Mahorat darslari”ni yuqori saviyada oʻtkazib, “Ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish kabi ezgu maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgan anjumanning natijasi xayrli boʻlishiga shubha yoʻq.

Xoʻsh, bu haqda seminar ishtirokchilari qanday fikrda?..

Ushbu savolimizga javob olish uchun anjuman ishtirokchilariga yuzlandik.

Men ushbu anjumanga Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari ichidan saralab olingan ishtirokchilardan biri sifatida qatnashayotganimdan xursandman, – deydi “Nazm” yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etayotgan yosh shoira qiz Goʻzal Jumamuratova. – Ochigʻi, bu yerga kelib, Zomin togʻlarining goʻzalligidan hayratga tushdim. Saratonning jazirama issigʻi avjiga chiqqan bir pallada bu goʻshadagi salqinlik, mavjlanib oqayotgan zilol suvlar, yashil archazorlar bagʻridagi sirli goʻzallik har qanday odamni maftun qilib qoʻymay, iloji yoʻq, shekilli, xuddi ertaklardagi Bogʻi Eramga tushib qolgandek boʻldim, Bu yerda ijod qilmaslik mumkin emas. Butun dunyoning tashvishlarini yigʻishtirib qoʻyib, ijod, ijod va yana ijodga shoʻngʻigisi kelarkan odamning. Bunday goʻzalliklar ichida ijodkor insonlar albatta goʻzallik yaratadi. Shunday jannatmonand joyda biz uchun yetarli sharoitlar yaratib berib, biz yoshlarni qanotlarim, deb ulugʻlayotgan, oʻzimizga boʻlgan ishonchimizni oshirib, yangi marralar sari chorlayotgan Prezidentimdan minnatdorman.

Endi seminarning “Nasr” yoʻnalishi qatnashchisi, yosh nosir Oʻtkir Burxonovning fikrlariga quloq tutamiz.

2025-yilgi Zomin seminaridan olgan taassurotlarim men kutganimdan ham ziyoda boʻldi. Men bu seminarda nasr yoʻnalishida ishtirok etdim. Ayniqsa, ustozlarning har bir ishtirokchi ustida individual ishlashlari, har bir ishtirokchining fikr-mulohazalarini eshitib borishlari va toʻgʻri yoʻnalish berishlari menga juda maʼqul keldi, — deydi jizzaxlik Oʻtkir Burxonov. — Yurtimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar oʻrtasida fikr almashish imkoniyati mavjud boʻldi. Mashgʻulotlar mobaynida ham va mashgʻulotlardan boʻsh vaqtimizda ham adabiyot haqida turli xil suhbatlar oʻtkazdik va oʻzaro fikr almashdik. Bunda har bir ishtirokchi oʻz asarini oʻqishi va uni boshqa tengdoshlari tahlil qilishi, asarning yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishi, taqdim qilingan asarlar yuzasidan qiziqarli bahslar uyushtirilishi natijasida har birimizning adabiyot haqidagi qarashlarimiz, shu jumladan mening ham qarashlarim birmuncha yangilandi: xatolarimdan toʻgʻri xulosa chiqardim, ijod namunalarim ustida yanada koʻproq ishlashim kerakligini angladim. Bunday xulosalarga kelishimizga ustozlarimizning fikrlari, adabiy saboqlari sabab boʻldi. Ular bizga sof, haqiqiy badiiy adabiyot qanday boʻlishi kerakligi haqida amaliy tavsiyalar berishdi.

Mazkur seminardan soʻng, men oʻz oldimga katta maqsad qoʻydim. Xalqning dardi, uning quvonch va tashvishlari bilan yashab, el-yurt ravnaqiga, xalq maʼnaviyatini oshirishga xizmat qiluvchi asarlar yozishga harakat qilaman va buni albatta uddalayman, deya oʻz-oʻzimga vaʼda berdim.

Nigohimizni “Badiiy publitsistika” yoʻnalishida ijod qilayotgan gʻallaorollik qizimiz Muslima Pardaboyevaga qaratamiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, adabiyot – xalqning yuragi boʻlsa, milliy matbuotimiz – davr vijdonidir. Prezidentimiz tashabbusi va yaratib bergan imkoniyatlari doirasida boshlangan va yillar mobaynida davom etib kelayotgan seminar nihoyatda koʻtarinki ruhda oʻtdi. Seminar doirasida yurtimizning turli goʻshalaridan kelgan ijodkorlar bir davrada jam boʻlishdi. Taniqli adiblar, adabiyotshunos olimlar, publitsist va tarjimonlardan iborat ustozlar olib borgan mahorat saboqlari biz uchun haqiqiy maktab boʻldi. Zomin maktabidan olgan saboqlarimiz – yoʻllarimizni yorituvchi yoʻlchiroq boʻlishiga ishonaman.

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirida ishtirok etib, hurmatli Prezidentimizga adabiyot turizmini tashkil qilish haqidagi oʻz taklifimni bildirish baxtiga muyassar boʻldim, — deydi seminarning “Badiiy tarjima” yoʻnalishida qatnashayotgan yosh tarjimon Nilufar Ruxillayeva. — Chet ellarda oʻzbek adabiyotini targʻib qilish uchun milliy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilib, adabiyot turizmi orqali milliy qadriyatlarimizni umuminsoniy qadriyatlarga aylantirish orzusi bilan yashayapman.

Ha, ijodkor yoshlarimizning orzu va intilishlari yuksak. Zomin maktabi saboqlari ularning orzu-istaklariga qanot beruvchi chinakam MAHORAT MAKTABI boʻlib xizmat qilmoqda.

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning seminar ochilishi marosimida soʻzlagan nutqidan bir parcha keltirishni joiz, deb bildim.

Bayramlar bayramlarga ulanib ketayotgan ushbu qutlugʻ kunlarda biz kattalar sizlarga havas bilan boqib turibmiz. Davlatimiz rahbari sizlarga katta umid va ishonch bildirib, siz aziz yoshlarni oltinlarim, qanotlarim, deb ulugʻlamoqda. Bugungi kunda sizlar uchun ochilgan imkoniyat eshiklari bizning davrimizda tush kabi edi. Bizning bolaligimiz, yoshligimiz paxta dalalarida qolib ketgan. Oʻquvchilik davrimizning aksar qismida gʻoʻza chopigʻi, paxta terimi kabi dala ishlari bilan band qilinganimiz uchun, juda koʻp dars soatlari oʻtilmay qolib ketardi.

Bugun sizlar shunday baxtli yoshlarsizki, kerakli bilimlarni qunt bilan egallab, oʻzlaringizni namoyon qilishlaringiz, yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanishlaringiz uchun vaqt ham, zarur shart-sharoitlar ham mavjud. Sizlardan faqat oʻqib-oʻrganish, olgan bilim va koʻnikmalaringizni kelajakda shu aziz Vatan taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida sarf etuvchi asl farzandlar boʻlib ulgʻayishingiz talab etiladi.

Zero, inson farzandining bu yorugʻ dunyodagi eng oliy yumushi – oʻzgalarga baxt ulashib, baxtga erishish.

Shu oʻrinda Prezidentimiz yonlarida Umra safariga borib, muqaddas Kaʼbatullohda guvoh boʻlganim bir hodisani aytmasam boʻlmaydi. Oʻsha qutlugʻ dargohda davlatimiz rahbari Ollohga munojot qilar ekan, qayta-qayta yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik, baxt-saodat soʻrab, “xalqimga, xalqimga, xalqimga”, deya iltijo qilaverdilar. Shunda mufti hazratlari:“Hurmatli Prezident, oʻzingizning oilangizga, farzandlaringizga ham soʻrang, axir”, — deganlaridan soʻnggina, oxirida oʻz farzandlariga ham soʻradilar.

Xalq shoiri Kaʼbatullohda kechgan oʻsha voqeani eslash jarayonida koʻzlariga kelgan yoshni toʻxtatib qolish uchun bir muddat sukutga choʻmdi. Soʻng Vatan va yoshlik tarannum etilgan sheʼrlaridan oʻqib berdi.

Albatta, shoirning hayajoni ishtirokchilarga ham yuqib, qalblar ezgulik nurlari ila poklanganday, Zomin togʻlari navqiron avlodning dilidan tiliga chiqqan yoshlik va shodlik qoʻshiqlaridan yanada yuksalganday boʻldi...

Aytganday, yana bir ishtirokchi Mahliyo Xurramova haqida aytishni unutay, debman. Uning fikr-mulohazalari, falsafiy qarashlarini tinglab, yurtimiz kelajagi aqlli, dunyoqarashi keng yoshlar qoʻlida boʻlishiga ishonch va umiddan yuraklar yolqinlanadi.

Qarang, qanday fikrlaydi bu zukko qizimiz.

Baʼzida insonga harakatdan toʻxtab, fikrlash kerak boʻladi. Zomin aynan shunday makon. U yerga kelgan yoshlar, avvalo, tashqi olamdagi shovqindan, zamonaviy hayotning tezligidan, oʻzlarining jamiyatga isbotlashga qaratilgan doimiy kurashidan bir muddat ajralishadi. Bu ajralish esa ularga ichkariga qarash imkonini beradi — oʻz “men”ini eshitish, anglash va tushunish uchun, — deydi Mahliyo Xurramova. — Zomin maktabining eng katta yutugʻi — bu yerda inson bir shaxs sifatida qadrlanadi. Bizdan javob emas, fikr soʻraladi. Bizdan toʻgʻri yoʻl talab qilinmay, oʻz yoʻlimizni topishimiz kutiladi. Seminar – yoshlarni tayyor gʻoyalar bilan toʻldirish emas, balki ularga savollar berish orqali oʻz fikrlarini shakllantirish makoni.

Seminar davomida yuragimda allaqachon yashirinib yurgan, lekin ifoda topmagan fikrlar tilga kirdi. Odam bilan odam oʻrtasidagi chin dildan boʻlgan suhbat, ustozlarning samimiy nigohi, tengdoshlarning hayotga, ijodga, jamiyatga oid chuqur qarashlari — bularning barchasi masʼuliyat beradi odamga.

Zomin — yoshlar ongida ildiz otayotgan, lekin hali gullamagan fikrlar uchun hosildor zamin. Bu yerda hech kim sendan mukammallik kutmaydi — lekin ichingdagi haqiqatga sadoqat kutishadi.

Zomin seminari menga — ilhom va eng muhimi, harakat qilishga ishonch berdi. Bundan soʻng u yerda olgan tajribalarimni amalda qoʻllashni, oʻz ustimda muntazam ishlashni rejalashtiryapman.

Ijodimni yanada chuqurlashtirish, yozganlarimni jamoatchilikka taqdim etish, koʻproq oʻqish va oʻrganish — bu eng yaqin maqsadlarimdan. Shuningdek, seminarda tanishgan yosh ijodkorlar bilan aloqa uzmasdan, yangi loyihalarda hamkorlik qilish niyatidaman.

“Zomin” menga yoʻl koʻrsatdi, endi navbat — shu yoʻl boʻylab qatʼiyat bilan yurishimda!

Uch kunlik mushoiraning davomi uzun yoʻl boʻylab, yurtimizning har bir goʻshasiga, har bir xonadoniga koʻchib, adabiyot ziyosi qalblarimizni birlashtiradi, deya umid qilamiz.

Qutlugʻ yoʻlga tushgan yoʻlovchilar, yoʻlingiz munavvar boʻlsin!

Mehribon ABDURAHMONOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер