Antibiotiklardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish oʻlim holatiga sabab boʻladi
Maʼlumotlarga koʻra, hozirda antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi.
Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam koʻrsatkich emas. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050-yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimova antibiotiklarni retseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan antibiotikka zarurat tugʻilganda u taʼsir qilmay qolishiga olib kelishini taʼkidladi.
— Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo boʻlgan boʻladi, — deydi Muhabbat Ibragimova. — JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qoʻllaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo boʻlsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik taʼsir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.
Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb oʻylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlagan edi.
Bu taʼkidlar bugun ham dolzarbligini yoʻqotmaganini koʻrib turibmiz.
Antibiotiklardan pala-partish, ayniqsa, uy sharoitida oʻzboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa aʼzolari faoliyatiga ham salbiy taʼsir etadi.
Jumladan, insonda jigar va buyrak yetishmovchiligi boʻlsa, ushbu vositadan oʻzboshimchalik bilan foydalanish oqibatida anafilaktik shok, yaʼni allergik reaksiya boʻlib, oʻlim holatiga sabab boʻlish xavfi bor.
Mutaxassisning fikricha, shu boisdan antibiotiklarni faqat va faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim. Aks holda, kasallikdan davolanaman, deb oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligiga jiddiy zarar yetkazib qoʻyishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, internet tarmogʻida Angren shahrida 11 yoshli bemor qizga uy sharoitida tibbiy koʻrsatmasiz “Seftriakson” antibiotigini inyeksiya qilinganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring