Andijonliklar ham saylovda faol ishtirok etmoqda
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ovoz berish jarayoni uyushqoqlik bilan oʻtmoqda. Saylovchilar Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 35 nafar, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining 275 nafar, shahar va tuman Kengashlarining 1975 nafar deputatlikka nomzodlar orasidan oʻzlari munosib deb topgan nomzodlarga ovoz bermoqda. Shu kungacha 36 ming 486 nafar saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
— Saylov uchastkalarida nogironligi mavjud boʻlgan fuqarolar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi Baliqchi tumanidagi 328-saylov uchastkasidan ovoz beruvchi Nuriddin Almatov. — Buning uchun tumandagi 61 ta saylov uchastkalarining barchasida nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yoʻlak (pandus) barpo etilgan boʻlib, “Yordamga chaqirish” tugmasi ham oʻrnatilgan. Bu men kabi imkoniyati cheklanganlar uchun qulay sharoitdir.
Viloyatda 7 ta saylov okrugi hamda 938 ta saylov uchastkalari faoliyat olib bormoqda. Ularning har birida saylovchilar uchun qulay muhit yaratilgan. Jumladan, Andijon shahridagi 127-saylov uchastkasi ovoz beruvchilar bilan gavjum.
— Hududimizda 2570 nafar saylovchilar boʻlib, shundan 27 nafari fuqarolik huquqidan ilk bor foydalangan holda birinchi marta saylovda ishtirok etmoqda, — deydi saylov uchastkasi masʼul kotibi Lolaxon Muxtorova. — Bugun turli sabablar bilan saylov uchastkasida boʻla olmaydigan 131 nafar saylovchilar esa muddatidan avval ovoz berish imkoniyatidan foydalandi. Hayotimizdagi bu muhim siyosiy jarayonda mahalladoshlar faol ishtirok etmoqda. Shuning uchun ovoz berish jarayonining birinchi soatidayoq saylovchilarning 30 foizi oʻzlari munosib deb bilan nomzodlarga ovoz berdi.

Gulhayo Sobirova kuni kecha 18 yoshga toʻldi. Shu bois ilk bor saylovda ovoz bermoqda.
— Bu jarayon men uchun nihoyatda masʼuliyatli va hayajonli, — deydi u biz bilan suhbatda. — Shu bois unga jiddiy yondashdim. Dastlab nomzodlar haqidagi maʼlumotlar va ularning dasturi bilan tanishdim. Saylov uchastkasidagi saylovga oid maʼlumotlardan deputatlarning jamiyatimizdagi oʻrni va ahamiyati haqida toʻliq tushunchaga ega boʻldim. Men ovoz beradigan nomzod mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olgan holda Andijon shahridagi 28-saylov uchastkasida oʻzim munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdim.
Baliqchi tumanida yashovchi 88 yoshli Qambarali ota Ibragimov 1958-yilda ilk bor saylovda ishtirok etgan edi. Oradan oʻtgan davr mobaynida bu jarayon tubdan oʻzgarganini aytdi.
— U paytlari kimni tavsiya qilishsa shunga ovoz berib ketaverganmiz, — xotirlaydi otaxon. — Nomzodlar bilan uchrashuv, dasturlar bilan tanishuv degan narsalar boʻlmagan. Qolaversa, oilamizdan bir kishi hamma uchun ovoz beravergan. Bir soʻz bilan aytganda, barchasi yuzaki oʻtar edi. Bugun boʻlsa vaziyat umuman boshqacha. Jamiyatimizda deputatlarning oʻz oʻrni bor. Bu esa har bir ovozning nechogʻli ahamiyatli ekanligidan dalolatdir. Shuning uchun bugungi saylovga oilamizning 70 nafar aʼzolarini boshlab keldim.
Saylovda ovoz berish jarayonlari viloyatning har bir hududida davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring