Andisha yoʻqolmasin

14:43 04 Sentyabr 2025 Jamiyat
113 0

Xalqimiz odobida andisha, degan fazilat bor. Boshqa halqlarda ham shu xislat boʻlsa bordir, biroq boshqa xorijiy tildagi bir qator soʻzlar uning mohiyatini toʻliq aks ettira olmaydi. Soʻzni misol bilan ifodalab, slavyan xarakterini mukammal biladigan hamkasbim Vladimir Poletayevga tushuntiraman.

– Vladimir Aleksandrovich, misol uchun siz istiqomat qilayotgan hovli yoki ishlayotgan idora yoniga qoʻshnilarning axlat toʻkishini bilsangiz, yoshi ulugʻ ayolni xijolatga qoʻymay, deb indamasangiz, sizning bu harakatingizni millatdoshlaringiz nima deb atashardi.

V. Poletayev tushunmadim, degandek yelka qisadi. Xalqimizning mulohazakorligi, bosiqligi tufayli alamini ichiga yutishidan yana bir qancha misollar keltiraman.

– Albatta, men qozi emasman, – deydi Poletayev pinagini buzmay. – Lekin buni qoʻrqoqlik deb hisoblayman. Boshqa tarafdan nomardlikdan boʻlak narsa emas.

Xalqimiz chindanam oriyatli – adolatsizlik suyak-suyagidan oʻtib ketsa ham andishaga boradi. Baʼzan nimadandir yoki kimdandir yozgʻirib, atrofdagilarni bezovta qilganlarni noshukr sanab, koʻpam xushlamaslik holati ham oʻzbekchilikka xos. Shundan boʻlsa kerak, biror muammoga duch keldimi, tanish-bilish va boshqa yoʻsinlar bilan hal etishga urinishi bor gap.

Mamlakatimizda inson omili va uning manfaatlari yuksak qadriyat darajasiga koʻtarildi. Barcha harakatlar uning ertangi kunga mustahkam ishonch bilan farovon hayot kechirishini taʼminlashga yoʻnaltirildi. Davlat rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida barcha davlat idoralarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash faoliyati qayta koʻrib chiqilib, sayyor qabul koʻrinishidagi uchrashuv va muloqotlarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Haqli talab qanoatlantirilib, uzoq yillik muammolar bartaraf etildi.

Birgina Navoiy misolida olsak, yaqin sakkiz yilda uy-joyli boʻlgan qariyb 40 ming oilaning salkam 800 tasini nogiron va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari tashkil etadi. Murakkab jarrohlik operatsiyalari viloyatning oʻzida amalga oshirilib, oʻtgan yilda 1358 nafar bemor yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazilishi natijasida darddan forigʻ boʻlishdi. Bolalar milliy markazi bilan birgalikda 59 nafar bolada yurak tugʻma nuqsonlari operatsiya yoʻli bilan bartaraf etildi. Navoiy, Zarafshon shaharlarida buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shifo istab markaziy va xorijiy klinikalarga murojaat etish ehtiyojlari keskin kamaydi.

Yetti-sakkiz yil avval “Xalq qabulxonalari”ga yopirilgan fuqarolar asosan yuqorida biz sanagan muammolar bilan kelar, tabiiyki ularga birvarakay yechim topish mushkul edi. Amaldagi qonun talablariga mos kelmaydigan murojaatlar rad etilib, norozi boʻlsa, yuqori turuvchi idoraga shikoyat qilish huquqiga egaligi haqida tushunchalar berildi.

Tahririyatimizga Karmana tumanida istiqomat qiluvchi Salima Sobirovadan kelgan murojaat shulardan biri boʻlib, unda fuqaro turmush oʻrtogʻi nomidagi va ayni paytda oʻzi yashayotgan xonadonga roʻyxatdan oʻtishiga yordam soʻraydi. Bir qarashda xamirdan qil sugʻurgandek oson hal etilishi lozim boʻlgan masala. Biroq mazkur talabning qanoatlantirilishi ikkinchi tomon, yaʼni murojaatchining turmush oʻrtogʻi Hikmat Obidovning haq-huquqini poymol etishini inobatga olsak, masalaning naqadar chigalligi oydinlashadi.

Uni qisqagina bayon etsak, H. Obidov va S. Sobirova 2014-yilda turmush qurishgan. Unga qadar Hikmat Komila Safarova bilan oila qurib, ikki nafar farzandli ham boʻlishgan. Komila ogʻir kasallikdan soʻng vafot etgach, H.Obidov Salimaga uylanadi. Oradan bir yil oʻtib, oilada egizaklar dunyoga keladi. Oilada farzand dunyoga kelishi, albatta cheksiz quvonch. Ayniqsa, ikki nafar va undan ziyod egizaklarning tugʻilishi necha yil, necha yuz oilada bir bor roʻy beradigan hodisa. Mazkur oila quvonchiga Salima ishlagan korxona ham sherik boʻlib, ikki oʻrinli bolalar aravachasi sovgʻa qiladi. Tuman hokimligi bir bosh sogʻin sigir, boshqa roʻzgʻor buyumlarini suyunchi sifatida topshiradi. Tuman tibbiyot birlashmasining bosh shifokori, uning oʻrinbosari tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi egizaklar va onaning holidan tez-tez xabar olib, imkon darajasida koʻmaklashadi. Albatta, bularning barchasi lavozim taqozosigina emas, balki xalqimizga xos mehr-oqibat, tashvishlarga yelkadoshlik ifodasidir.

Hayot esa bir maromda kechmaydi. Baʼzan oiladagi quvonchni sanoqli daqiqalarda noxushlik egallashi mumkin yoki aksincha. Xullas, roʻzgʻordagi kelishmovchiliklarning birida Salima Hikmatga egizaklarning biologik otasi u emasligini maʼlum qiladi. Oila qoʻrgʻoniga darz ketadi.

Hikmat Obidov Salima bilan bugun ham bir hovlida yashaydi. Uni haydab solmagan, gʻavgʻo qilmagan, shunchaki hovlisining burchagidan bir uy, bir dahliz ajratib bergan. Murojaatchi bugun ushbu hovlida roʻyxatdan oʻtkazishlarini talab etib, turli idoralarga arz qilmoqda. (tahririyatdan: mazkur murojaat ortida fuqaroning taqdiri, egizaklarning kelajagi turganligini inobatga olib, ismi shariflari oʻzgartirildi).

Oila murakkab xilqat. Jamiyatning ushbu eng qoʻyi boʻgʻinida ziddiyatlar barcha davr va barcha mamlakatlarda uchrab turadi. Qolaversa, u bilan bogʻliq muammolarni yechishning yagona yoʻli ham mavjud emas. Mazkur holatga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qonuniy baho berib, nuqta qoʻyishlari aniq. Biz esa masalaning insoniy, axloqiy jihatlariga eʼtiborimizni qaratmoqchimiz. Shu maqsadda Hikmat Obidovga bir necha savollar bilan murojaat qildik. U genetik ekspertizaga murojaat qilmaganligining sababini sobiq turmush oʻrtogʻi inkor etmayotgan narsani ekspertizagacha olib borib, elga ovoza qilishni oʻzimga ep koʻrmadim, deya izohladi.

— Hovlidan chiqarib yuborsam, uch bola bilan boradigan joyi yoʻq, — deydi H. Obidov. — Bolalarga achindim. U boʻlsa, endi roʻyxatdan oʻtib, men bilan uy talashmoqchi. Bunisiyam mayli, roʻyxatdan oʻtay, erga tegib shu uyda er-xotin yashaymiz, deydi.

Bunga yana bir misol. Ushbu holat viloyatdagi umumtaʼlim maktablardan birida sodir boʻldi. Maktabning bitiruvchi qizlari xonadonlardan birida sumalak tayyorlashadi. Ushbu tadbirga onasi qildan qiyiq axtarib, janjal koʻtaradigan sinfdosh dugonalaridan birini qoʻshishmaydi. U esa xabar topib, butun soha mutasaddilarini oyoqqa qoʻyadi. Maktab direktori qizning onasidan sinfda doʻstona munosabatlar barqarorligini taʼminlay olmagani uchun bosh egib kechirim soʻrattirildi. Shu yoʻl bilan doʻstona munosabat taʼminlanadimi, degan savol hech kimni oʻylantirmaydi ham. Sirtga chiqarishga esa andisha izn bermaydi.

Andishali kishi oʻz ozori evaziga boʻlsa-da obroʻ-eʼtiborini ihotalaydi, himoya qiladi. Andishasizlar koʻra bila turib, nainki odob axloq meʼyorlari balki amaldagi qonunni mensimaydi. Biroq, shunga qaramay choʻkayotgan odam xasga yopishadi, deganlaridek javobgarlikdan boʻyin tovlash va jazodan qutulib qolish maqsadida turli uydirmalar oʻylab topib, birovni malomat qilishga urinadilar. Ularning xatti-harakatlarini maʼqullab, ha barakalla, deya “ovoz” yigʻishga mukkasidan ketgan ijtimoiy tarmoqlar “shovvoz”larini aytmasak ham hamma bilib qoldi. Bugun milliard soʻmdan oshiq yoki 150 ming dollar aliment toʻlayotgan otaning “qahramon” darajasiga koʻtarilishi shu kabi munosabat hosilasi.

Aslida hamma narsa qaysi rakursdan turib, kuzatishga bogʻliq. Tuyaga tepadan qarasang, oʻqday toʻgʻri koʻrinadi. Yonidan esa “oʻzi qayerim toʻgʻri”, deganiyam rost. Kimdir uni “sahro kemasi” deb maqtasa, boshqa birov “yildan qolgan tuya” deya masxara qiladi. Karvon esa oʻtaveradi.

Andishasizlarga yashash osonroq. Misol uchun ishda muntazam “progul” qiladigan xodim avvaliga rahbarni yigʻilishlarda ikki-uch bor tanqid qiladi, keyin u yer bu yerga yozadi. Mabodo u ayol kishi boʻlsa, rahbar senu menga borishdan andisha qiladi. “Progul” qilsayam, ragʻbatlantirishdan quruq qolmaydi.

Bugun ayrim telekanallar orqali namoyish etilayotgan seriallar nazarimizda oʻzbek ayoli fitratidan andishani siqib chiqarmoqda. Oilada, ish joyida, koʻchada bu kabi seriallarni deyarli har kuni uchratish mumkin. Millatimizga xos boʻlgan xulqning ajoyib koʻrinishi andisha haqida esa hech kim yozmaydi. U bugun qoʻrqoqlik alomatiga chiqarilgan.

Temur ESHBOYEV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер