“Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi

12:33 07 Fevral 2025 Jamiyat
154 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro ilmiy konferensiyasi bu yil Qozogʻistonning Shimkent shahrida boʻlib oʻtdi. Dastlabki yetti anjuman Oʻzbekistonda oʻtkazilgan boʻlsa, keyinchalik u tom maʼnoda xalqaro ahamiyat kasb etdi. 2023-yilda konferensiya Ozarbayjonda, 2024-yilda Turkiyada boʻlib oʻtgan edi. Joriy yilda esa tadbir Qozogʻistonning J.Tashenov nomidagi universitetida tashkil etildi va dunyoning turli davlatlaridan olimlar, turkologlar, adabiyotshunoslar hamda yosh tadqiqotchilarni bir joyga toʻpladi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodini chuqur oʻrganish, targʻib qilish hamda uning merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etishdan iborat. Tadbir davomida Navoiy ijodining jahon madaniyatidagi oʻrni, matnshunoslik va tarjimashunoslik masalalari, shuningdek, uning asarlarini zamonaviy taʼlim tizimida oʻqitish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Anjumanda Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Eron kabi davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etdi. Ular oʻz maʼruzalarida Navoiyning adabiy, falsafiy va ilmiy merosi nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun turkiy dunyo va jahon madaniyati uchun noyob manba ekanligini taʼkidladilar.

Konferensiya doirasida akademik Shuhrat Sirojiddinov qalamiga mansub “Amir Alisher” kitobining qozoq tiliga qilingan tarjimasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Ushbu muhtasham asarni J.Tashenov nomidagi universitet olimasi Sh. Naraliyeva qozoq tiliga oʻgirdi. Mazkur asar Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va tarixiy shaxs sifatidagi ulugʻvorligini aks ettiruvchi chuqur ilmiy-biografik tadqiqot boʻlib, uni qozoq tilida chop etish nafaqat qozoq kitobxonlari, balki turkiy xalqlarning adabiy merosi bilan qiziquvchilar uchun ham katta ahamiyatga ega.

Konferensiya doirasida Navoiy ijodini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishildi. Tadbir yakunida ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining “Alisher Navoiy” medallari va faxriy yorliqlari taqdim etildi.

Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu xalqaro konferensiya nafaqat oʻzbek adabiyoti va madaniyatini targʻib qilish, balki turkiy xalqlarning madaniy aloqalarini mustahkamlash va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qoʻshmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер