Aldagani bola yaxshi(mi?)
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Prezidentimizning 2023-yil 10-aprelda qabul qilingan “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida olib borilayotgan ishlar doimiy nazoratga olingan.
Yaqinda inspeksiya mutaxassislari Fargʻona viloyati hokimligi “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachiligida pudratchi “Bek oltin montaj” xususiy korxonasi tomonidan Oʻzbekiston tumani “Qirqketmon” MFY hududida 16-umumiy oʻrta taʼlim maktabini rekonstruksiya qilish obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻrganish yuzasidan navbatdagi nazorat tadbirlari oʻtkazishdi.
Afsuski, ushbu obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat boʻyicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmagan. Natijada maktab binosining birinchi qavatida baʼzi yumushlar loyihaga zid ravishda bajarilgan. Loyihada xomut qadamlari har 200 mm bajarilishi koʻrsatilgan boʻlsa-da, haqiqatda 300-400 mm larda armokarkas oʻrnatilib, qoliplash va beton quyish ishlari olib borilgan. Bundan tashqari, obyekt qurilish chiqindilaridan kunma-kun tozalab borilmagan.
Qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan qurilishning masʼul shaxslariga koʻrsatmalar berildi hamda sifatsiz va loyihadan chetga chiqqan holda bajarilgan qurilish ishlari joyida buzdirildi.
“Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi“ davlat muassasasi Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi buyurtmachiligida pudratchi “Iftixor taʼmir servis” MCHJ tomonidan Quva tumanining “Ittifoq“ MFYda joylashgan 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabini rekonstruksiya qilish obyektida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Misol uchun, binoning ayrim hududlarida pol ishlari loyiha boʻyicha bajarilmagan. Yaʼni ishchi loyiha hujjatining 14-varagʻida pol tasnifida koʻrsatilgan ketma-ketligi buzilgan. Loyiha hujjatida bino fasad qismiga bazalt qoplamasidan oldin suvoq ishlari bajarilishi koʻrsatilgan, lekin qurilish jarayonida suvoq ishlari bajarilmasdan devorga bazalt qoplamasi qoplab yuborilgan.
“Muhamadsiddiq qurilish invest” xususiy korxonasining Quvasoy shahar 17-umumtaʼlim maktabiga amaliy fanlar uchun qoʻshimcha maxsus bino qurish va mavjud mini stadionni qayta rekonstruksiya qilish obyektida ham nuqsonlar fosh etildi. Aytaylik, binoning tom qismi belgilangan talablarga zid ravishda hamda loyihadan chetga chiqqan holda bajarilgan. Boshqacha aytganda, tomni yopishda meʼyordagidan kam yogʻoch materiallaridan foydalanilibdi.
— Shu kabi oʻrganishlar jarayonida Uchkoʻprik tumanida “Qoʻqonagroqurilish” MCHJ tomonidan “Bogʻiboʻston” MFY Mullazoir mavzesida koʻp qavatli turarjoy binosi qurilishi hamda Qoʻshtepa tumanida “Mirzo Saodat” MCHJ tomonidan “Qiyqi” MFYda joylashgan Tez tibbiy yordam markaziga qoʻshimcha yangi bino qurish obyektida ishchi loyiha hujjatiga zid ravishda bajarilgan ishlar aniqlandi va joyida buzdirib tashlandi, — deydi Fargʻona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Dilmurod Saparov. — Quruvchilarimiz har obyektni bunyod etishda, ayniqsa, taʼlim va tibbiyot muassasalari qurilishida belgilangan meʼyor va normalarga qatʼiy rioya qilishi zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring