Axsikentda yangi topilmalar

17:07 09 Iyul 2025 Jamiyat
272 0

Namangan viloyatdagi uch ming yillik tarixga ega koʻhna yodgorlik – Axsikent xarobalari negizida tashkil etilgan arxeologik park hududida ochiq osmon ostidagi muzeylar barpo qilish barobarida yer osti qazish ishlari ham davom ettirilmoqda.

Oʻtgan hafta XI qazuv obyektida arxeologlar yana bir nodir xazinaga duch kelishdi. 10 metrga 15 metrlik rejali qazuv tadqiqotlari jarayonida quyi qatlamdan eramizning I-II asrlariga oid boʻlgan qizil angobli koʻzacha topildi. Bu idish tabobatga oid moddalar uchun moʻljallangani aytilmoqda. Dastlabki taxminlarga koʻra unda simob saqlangan.

Shu joyning yuqori qatlamlarida esa XI-XII asrga tegishli ilmiy faoliyatga oid nodir ashyolar — siyohdon, kimyoviy moddalar va geologik rudalarni ajratuvchi ustaxona (laboratoriya) qoldiqlari aniqlandi.

— Soʻnggi vaqtdagi topilmalar orasida aholining ijtimoiy hayotida foydalanilgan ming yillik murgʻobi, karvonda olib yuriladigan suv idish — flyaga, nozik did bilan ishlangan naqshinkor oʻyinchoqlar, beshik sirli tuvaklari va turli mis, bronza tangalar, metall buyumlar ham bor, — deydi Axsikent arxeologiya parki direksiyasi rahbari Anvar Ikromov. — Umuman olganda, birgina joriy mavsumning oʻzida 4 ta yirik muhandislik qurilmasi va toʻrt mingga yaqin turli nodir artefaktlar topildiki, ularning har biri moziydan beradigan xabari bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?