Aydarkoʻl — sahro marvaridi
Rustam Nurmatov/“Xalq soʻzi”. Aydarkoʻl ona tabiatimizning betakror moʻjizasi. Bir tarafda Qizilqum, boshqa tarafda koʻm-koʻk keng koʻl, uning ortidan togʻ tizmalari koʻrinib turadi. Bu goʻzal manzilga shahar shovqini va behalovatligidan charchab kelganlar tabiat sukunatiga choʻkib, koʻl boʻyida maroqli dam oladi. Tadbirkorlar uchun esa katta imkoniyat eshigini ochadi.

Baxtli mahallasidagi Navroʻz qoʻrgʻonidan to Aydar – Arnasoy koʻligacha boʻlgan 4 kilometrlik masofada toza ichimlik suvi, 10 kVlik elektr tarmoqlari tortilmoqda. Yoʻllar yorugʻ va ravon boʻlishi uchun taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Aydar – Arnasoy sohilida barpo etilayotgan “Aydarkoʻl tibbiyot markazi” – sogʻlom turizmning yuksak namunasi. 4,76 gektar maydonda qad koʻtarayotgan sanatoriy nafaqat tibbiy xizmatlar, balki shinam dam olish, ruhiy ozodlik va tabiiy shifo bilan ham sayyohlarni oʻziga rom etadi. Zamonaviy uskunalar, shifobaxsh balchiq bilan tabiiy davolash usullari, eng muhimi – tinchlik va tabiat bagʻrida shifo topish imkoniyati koʻplab sayyohlarni oʻziga chorlamoqda. 4,17 gektar maydonda qurilayotgan zamonaviy mehmonxonada har bir sayohatchi oʻzini erkin tutadi. Bundan tashqari, 128 oʻrinli ovqatlanish zali, milliy anʼanalar bilan uygʻunlashgan zamonaviy dizayn – bularning barchasi turizm sohasining yangi qiyofasidir.

Aydar – Arnasoy hududida qurilishi rejalashtirilayotgan aerodrom – bu nafaqat texnik yutuq, balki strategik burilish nuqtasidir. Endi mazkur hududga havo orqali oson yetib borish mumkin boʻladi. 2,4 gektar maydonda barpo etiladigan bu loyiha sayyohlar uchun qulaylik, mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Sohil boʻylab qurilayotgan kempinglar, milliy uslubdagi oʻtovlar, arzon xostellar, suv transporti, savdo doʻkonlari, sport maydonlari va bolalar uchun maydonchalar – bularning har biri Aydar – Arnasoyning imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Aydarkoʻl faqat dam olish emas, balki iqtisodiy imkoniyat maskani hamdir. Koʻlda baliq ovlash va sadok usulida baliq yetishtirish keng yoʻlga qoʻyilgan. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun yangi daromad manbai, mamlakat iqtisodi uchun taraqqiyot yoʻlidir.

Aydar – Arnasoy hududida olib borilayotgan ishlar inson va tabiat uygʻunligining hayotbaxsh namunasi. Sayyohlik orqali iqtisodiyotni yuksaltirish, sogʻlom turmush tarziga intilish va milliy boyliklardan oqilona foydalanishga qaratilgan saʼy-harakatlardir. Kelajakda bu maskan nafaqat yurtimiz, balki dunyo boʻylab sayyohlarning ham sevimli yoʻnalishiga aylanishi muqarrar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring