Aholini roʻyxatga olish nimaga kerak?

17:05 21 Oktyabr 2025 Jamiyat
330 0

Mamlakatimizda “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonun 2020-yil 16-martda qabul qilinib, uning asosiy maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Maqsad esa Oʻzbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborotlarni umumlashtirishdir.

Modomiki, bu iqtisodiy-siyosiy va ijtimoiy muhim ahamiyatga ega ekan, respublikamizda ushbu tadbir soʻnggi marta 1989-yilda amalga oshirilgan boʻlib, oʻshandan buyon demografik va iqtisodiy koʻrsatkichlarda katta oʻzgarishlar yuz bergan. Shu bois 2026-yil 15-yanvaridan 28-fevraligacha aholi va qishloq xoʻjaligini uygʻun tarzda roʻyxatga olishni uyushqoqlik bilan yuqori saviyada oʻtkazishni taqozo etadi.

Navoiy shahrida statistika idoralari tomonidan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining mohiyati va ahamiyati yuzasidan oʻtkazilgan oʻquv seminarida shu xususda soʻz borib, unda tadbirga jalb etilajak barcha masʼullar ishtirok etishdi.

— Seminarda qariyb bir yarim oy davom etadigan ushbu tadbirning mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga egaligi atroflicha tushuntirilib, unga yuksak masʼuliyat bilan yondashish lozimligi uqdirildi, — deydi Navoiy shahar statistika boʻlimi boshligʻi Husniddin Qarshiboyev. — Shuningdek, ushbu tadbirning axborot olish va yigʻish texnologiyalari rivojlangan zamonamizda texnik jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda aholini roʻyxatga olishning mazmun-mohiyati, qishloq xoʻjaligini qamrab olishdagi yangiliklar, roʻyxatga olish jarayonlarining bosqichlari hamda toʻplanadigan maʼlumotlarning ahamiyati haqida batafsil tushuncha berildi.

Temur ESHBOYEV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер