Aholi daromadining katta qismini dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi

14:00 10 Noyabr 2025 Siyosat
170 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yigʻilish xalqimiz uchun ham, tibbiyot sohasi va uning vakillari uchun ham foydali boʻlishi kerakligini koʻrsatib oʻtdi. Shu bois, yechimini kutayotgan masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishni taklif etdi.

Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.

«Ixtisoslashgan markazlarga soʻnggi besh yilda 7,5 trillion soʻm mablagʻ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi?

Mana shu mablagʻlar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yoʻgʻi 25 foiz foydalanilyapti», – dedi Prezident.

Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilgʻor diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish boʻyicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarma va boʻlimlarining kelajagi yoʻqligi qayd etildi.

Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik koʻpaygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash boʻyicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablagʻ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?