Ahmad  Donishning qabri qayerda?

12:03 17 Noyabr 2021 Jamiyat
1507 0

Foto: “Xalq so‘zi”

1826 yilda Buxoroda tug‘ilgan yuksak zako egasi Mir Ahmad ibn Nosir Ahmad Donishning turli sohalarga doir yigirmaga yaqin asarlari bor. Mutaxassislarning eʼtiroficha, u faylasuf, pedagog, tarixchi, shoir, astronom, xattot,  naqqosh, meʼmor, xullas, qomusiy bilim sohibi bo‘lgan.

Tarixchi olim Toshpo‘lat Rahmonov maqolasida maʼrifatparvar Donishning hukmdorlik odobi haqidagi fikr-mulohazalarini tahlil qilar ekan,  uning shunday so‘zlarini keltiradi: “Shoh mansabdor shaxslarning xoinligi va fuqarolarni siquvga olishlaridan boxabar bo‘lishi darkor. U hokimiyatni inson qiyofasida yurgan bo‘rilarga ishonib topshirmasligi kerak. Mansabdor shaxslarning jinoiy ishlari maʼlum bo‘lib qolganda ularni shunday jazolash kerakki, bu boshqa oliy martabali lavozimdor shaxslar va davlat arboblariga saboq bo‘lsin”.

Ahmad Donishning o‘nlab tesha tegmagan fikrlari orasidan yana birini ajratib ko‘rsatgan bo‘lur edik. “Ibrat ko‘zi bilan qarab, aql qulog‘i bilan eshituvchilar uchun bu so‘zlarimning foydasi bor”, deb yozadi u “Navodirul – vaqoye” (“Nodir voqealar”) asarida.  Binobarin, u qoldirgan maʼnaviy meros ahamiyatiga  to‘xtalarkan,  akademik E. E. Bertels  “Donish – O‘rta Osiyo jadidlarining otasi”, deya taʼrif bergani bejiz emas.

Hayoti va faoliyati butun boshli kitobga arzigulik Ahmad Donish (uni  chuqur bilim egasi ekanligi bois Ahmad Kalla  deb ham atashgan) 1897 yilda Buxoroda vafot etgan.

Shu o‘rinda buyuk mutafakkirning xoki poyi qayerda, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirish tayin.

Ahmad Donishning duvarasi, fizika – matematika sohasida yetuk olim sanalgan Saidjon Qurbonovning yozishicha, ulug‘ ajdodimizning qabri Buxoro shahridagi Dahmai Behishtiyon qadamjosida bo‘lgan. Taassufki, o‘nlab avliyolar, hadis ilmi sohiblari mangu qo‘nim topgan bu qabriston sho‘ro tuzumi davrida buzib tashlangan. Uning o‘rnida yog‘-moy zavodi, maktab, texnikum va uy-joylar barpo etilgan. Faqat istiqlol yillaridagina bu ziyoratgoh nomi qayta tiklandi. Buyuk zotlar xotirasi sharafiga yodgorlik tariqasida  maqbara barpo qilinib, u davlat muhofazasiga olindi.

 -O‘shanda men yetti yoshda edim, - deya eslaydi Saidjon aka. - Mozor hududida traktor va ekskvator ishlayotgan edi. Hamma yoqda odam suyaklari sochilib yotardi. Bu manzarani ko‘rgan bobom Mirzo Safaralining “Bir kun kelib hammamiz shunday bo‘lamiz. Unutma, bu joyda amir ham, olim ham, podshoh ham – hamma teng”, deganlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turibdi.

Mozorning oyoqosti qilinayotganini kuzatib turgan Mirzo Safarali bobosi Ahmad Donishning qabridan suyaklarni yig‘ib oladi. Qabrni Buxorodagi boshqa bir qadamjo – Xo‘ja Ismat ziyoratgohiga ko‘chiradi. Aytmoqchi, Xo‘ja Ismat qabristoni ham mustaqillik yillarida obod qilindi. Yangi masjid, ayvon, xazira, shuningdek, ulug‘ mutafakkir qabriga munosib xilxona qurildi.

Taʼkidlash joizki, Ahmad Donishning boy maʼnaviy merosini o‘rganish, ulardan xalqimiz, xususan, yoshlarni chuqur xabardor etish borasida qilinadigan ishlar ko‘p. Qolaversa, ko‘hna shaharda qomusiy bilim egasi yashagan uy-joy aniqlansa, Ahmad Donish uy-muzeyi ochilsa, ayni muddao bo‘lur edi.

 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?