Adabiyot bogʻining chinorlaridan biri

10:41 20 Iyul 2023 Jamiyat
430 0

20-iyul — yozuvchi Asad Dilmurod tavallud topgan kun

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi Asad Dilmurod hozir hayot boʻlganida 76 yoshga kirgan boʻlardi.

Adabiyoti bogʻiga qadam ranjida qilsangiz, unda turfa daraxtlar unib-oʻsayotganiga — biri koʻrk-u salobat kasb etganiga, boshqasi gullab, shigʻil-shigʻil mevalar berayotganiga guvoh boʻlasiz. Asad Dilmurod ham bu bogʻning chinorlaridan biri edi. U oʻziga xos uslubi, tarixiy, falsafiy mavzulardagi asarlari bilan ajralib turadi.

Adibning “Sirli zina”, “Togʻlar, sukut saqlamang”, “Oq ajdar sayyorasi”, “Mezon burji” kabi qissalari, “Mahmud Torobiy”, “Fano dashtidagi qush”, “Pahlavon Muhammad” singari romanlari, shuningdek, “Afrosiyob sukunati”, “Koʻchki” kabi kitoblari oʻquvchilar mehrini qozongan.

Umrini adabiyotga, soʻzga bagʻishlagan chinakam yozuvchi asrlar osha asarlarida umrini yashayveradi. Asad Dilmurodning kitoblari bugun adabiyotsevarlar tomonidan oʻqib kelinayotgani ham buning yaqqol tasdigʻidir.

QOʻNGʻIROQ

(hikoya)

Yarim kechada uyqusi qochgan Tugalboy muallim koʻrpani siltab ustidan uloqtirdi, soʻng bir chirillab yigʻlayotgan Maqsudjonga, bir uni ovutolmay yuragi qon-u zardobga toʻlgan Shafoatga parishon tikildi. Endigina uchni qoralagan yolgʻiz farzandning boshi darddan chiqmadi, Xudodan shifo soʻrayverib xotini ayniqsa qiynalib ketdi.

Tugalboy visol damlaridan birida Shafoatni hazil-u chin aralash koʻnglim guli, muhabbatim qoʻriqboni deb atagandi, mazmunli oʻtgan toʻydan keyin ham uni, shirin muomalasini ayamay, iloji boricha kaftida koʻtarishga urindi, peshonasiga aqlli-hushli, husni malohatda tengsiz ayol bitilgani uchun Tangriga shukrona aytardi.

Lekin iloj qancha, dunyo biri kamda, bir yostiqqa bosh qoʻyishganiga yetti yildan ziyodroq vaqt oʻtsa ham tirnoq buyurmadi, eskicha-yu yangicha rasm-u rusumlardan najot istab tinkai madorlari quridi. Oxiri taqdirga tan berishgach, buni qarangki, koʻp oʻtmay xonadonda chaqaloq “inga”ladi.

Otalik zavq-u shavqi buyurgan Tugalboy oʻshanda osmon-u falakda parvoz etayotgan qushga oʻxshardi. Soʻng kuchli boʻronda qanotlari singandek nogoh quyiga shoʻngʻidi. Xudodan tilab olingan goʻdak chillasi chiqmay kakradek koʻkarib yigʻlaydigan boʻldi.

Qishloq shifokori Odinaqul Maqsudjonni mehri iyib davoladi va u miyasida oʻsimta orttirib tugʻilgan degan xulosada toʻxtadi. Taxminiy tashxis shaharda tasdigʻini topgach, eru xotin paytavasiga qurt tushdi. Achchiq ichakday choʻzilgan muolaja tayinli natija bermagach, topish-tutishlari qanaqa ekanidan bexabar professor aqldan ozdiruvchi fikr aytdi: yagona yoʻl xorijda davolatish!..

Hozir Maqsudjonning yigʻisidan halovatini yoʻqotgan Tugalboy esiz shuncha muolaja degan oʻyda ezildi. Soʻng dilida umid shamini yoqqan farzand kelajagi endilikda qanday yoʻl-yoʻriq tutishiga bogʻliq ekanini xayolidan oʻtkazdi. Shunday ekan, arzimas maosh bilan kifoyalanmay, jonini garovga qoʻyib boʻlsada, moʻl-koʻl mablagʻ topishi kerak. Tijorat ummoniga shoʻngʻimay bunga erishmogʻi dargumon!..

Tugalboy tong otguncha mijja qoqmay shu haqda oʻyladi va boshqa imkon yoʻqligiga qayta-qayta imon keltirdi. Ahd-u qarorini shahlo koʻzlarida qaygʻu va hasrat balqib turgan Shafoat bilan boʻlishar ekan, oldida boshqa muammo koʻndalang boʻldi, axir, pichoqqa ilinadigan yoru birodarining barchasidan ozroq yoki koʻproq qarz koʻtargan, yana qaysi biri bu borada mushkulini oson qilishi mumkin?!

Muddaosi qatʼiylashgach, betiga charm qoplab, koʻpdan beri tijorat nonini yeb uchovoraga qoʻshilgan devor-darmiyon qoʻshnisining naqshinkor darvozasini qoqdi. Serhasham ayvonda yolgʻiz bilyard oʻynab ovunayotgan Akmal shirakayf ekan, toʻldirib quyilgan paxta gulli piyolani uzatgach, arzini tingladida, ishqilib noumid qaytarmadi…

Tugalboy tong azonda tuman markaziga oshiqdi, it egasini tanimas toʻs-toʻpolon bozorga oralar ekan, shovqin-suron orasidan bot-bot maktab qoʻngʻirogʻi jiringlashi eshitilardi. Ajib ohang sehrini tuygani sayin necha yil mobaynida eʼzozlagan kasbini begona hayot tarziga almashtirish uchun bu yerga ataylab qadam ranjida qilgandek xijolat cheka boshladi.

Tugalboy betartib kappon boʻylab onasidan adashgan buzoqday uzoq tentiradi, oxiri tez-tez Xudoni yod etayotgan choʻpdek ozgʻin koʻsa kishi atrofida oʻralashdi. Soʻng butun bozorda bundan sarasi yoʻq deb taʼriflagan gʻalvirak yongʻogʻiga talabgor boʻldi. Agar ikki tonnadan ziyod shu yukni shaharga eltib sotsa tuzukkina foyda qolishi mumkin – ichida bir ovoz shunday demoqda edi.

Faqat ish bexosdan teskari tomonga aylandi, yukni shahar bozoriga tushirgan hamono kimdir gʻalati gap aytdi. Avval ishonmadi, yukni nazardan kechirgach, qoq boshiga soʻyil tekkan kabi dovdirab qoldi. Endi arz-u dodini kim eshitadi, hayhot, barcha xalta dabdala boʻlib, bozor lahjasi bilan aytganda, ustakorlik bilan “oʻqlab” qoʻyilgandi, yaʼni usti tozayu, osti sidirgʻa toshday qattiq koʻrak edi, magʻzini ochofat kuya-mita ilma-teshik qilib tashlagan…

Tugalboy oʻlimdan boshqasiga chora bor degan aqidani esladi, soʻng qosh-u koʻzlari oʻynoqlagan olgʻirlarga taqlid qilib, molini eshilib maqtashga kirishdi. Hayal orasida tomogʻi yirtilgudek holda shunchalar koʻp baqirdiki, oxiri tovushi moylanmagan arava gupchagi gʻichirlashiga oʻxshab qoldi. Faqat xaridor anqoning urugʻi boʻldi, yoniga kelgan kalondimogʻ va tantiq kaslar, ogʻzi ochiq xaltalarga birrov qarashardida, sekin bosh chayqab jadal burilib ketishardi.

Gʻanimat fursat zerikarli va samarasiz kechaverdi, sovuq va ochlik jonidan oʻtgan Tugalboy kecha-yu kunduz uxlamay qurtlagan yongʻoqlarini qoʻriqlardi. Asta-sekin tavbasiga tayandi, maktabda tinchgina darsimni berib yursam oʻlarmidim degan oʻydan miyasi qatigʻi achib ketdi. Hatto yukni foyda deganda jardan tashlashga tayyor jalloblardan biroviga suvtekin yoki nasiyaga berib ketishni chamaladi, soʻng qarshisida hali dumbulligi sezilib turgan qoraqosh yigitni koʻrdi. Nogoh sergak tortib ishshaydida, zumda bisotidagi jami koʻz boylovchi soʻzlarni gumburlatib ishlatdi. Laqqa baliqday qarmoqqa ilingan yigit, arzon molga yoʻliqqani uchun sevinib, koʻp oʻylamay dangal qoʻl olishdi va bor baraka qildi…

Birdan oʻzini tutib olgan Tugalboy shahar bilan tuman markazi oʻrtasida erinmay boʻzchining mokisidek qatnayverdi, baʼzan oppa-oson chuv tushdi, baʼzan buning alamiga kimgadir devor ushlatib ketdi. Bir safar binoyidek “oʻqlangan” yetti tonna olma va nokni hovliqmaroq mevafurushga amallab oʻtkazdiyu, koʻpdan beri uy-joyi, xotini va betob bolasidan hol soʻramaganini eslab bozordan uzildi. Avtobus oʻrindigʻiga choʻkib, birpas nafas rostlagach, xayolidan belni baquvvat qilish iloji oson ekanku tarzidagi ajib mulohaza kechdi, saldan keyin erta-kech maktab ostonasida yotib olgani Xudo urgan mirquruqqa aylanishiga xizmat qilishdan boshqasiga asqotmaganini afsus ila taroziga soldi.

Tugalboy qachondir pinak qilibdi, notekis joyda avtobus silkinib ilkis koʻzlarini ochsaki, aʼzoyi badani isitma ogʻushida, ikkala tovoni gʻalati lovullab zirqirayotir, goʻyo etlari bilan suyaklari orasida bir necha danakday choʻgʻ oʻrnashib olgandi. Ancha ilgari koʻcha-koʻyda yupun kiyinib yurgani bois qahraton sovuqda shamollab qolgandi. Gʻalati lohaslik shuning asorati boʻlsa kerak. Ammo tovonlari achishayotgani sababi nimada?! Uyda harorati pasaysada, doʻzax azobiga teng sirqirash bosilmadi, Maqsudjonning boshida parvona Shafoatni tahlikaga qoʻymaslik ilinjida, ingranish yoki boʻzlashdan arang tiyilardi.

Shafoat befahm emasda, ertalab bir qarashdayoq ahvolini sezdi va nafsoniyatiga tegmaydigan qilib gap kavladi. Oxiri noiloj yorildi, faqat tovonlarini ishgʻol qilgan choʻgʻ nima balo ekanini umuman tushuntirib berolmadi. Laʼnatini unutishga tirishib, sarmoya tiqilgan charm sumkani yelkasiga osdida, yana tuman markaziga shoshildi. Eshikdan chiqar payti Shafoat ehtiyot yuzasidan avval Odinaqul oldidan oʻtgani maʼqul ekanini taʼkidlagach, rejasi oʻzgardi.

Odinaqul top-toza va silliq tovonlariga qayta-qayta jiddiy nigoh yugurtirdi, barmoqlari bilan oʻrtasi va girdlarini goh avaylab, goh qattiq bosib-bosib koʻrdi, achishib kuyishuv sababi xususida tasavvur beradigan nishona topilmagach, asabni tinchituvchi dori ichib turishni buyurdi.

Toʻgʻrisi, Odinaqulning muomalasidan barcha xavotiri tumandek tarqadi va ancha yengil tortdi, faqat asab bilan bogʻliq boʻlsa bemalol davosini qilish mumkin degan oʻyda, dori qogʻozini gʻijimlab uloqtirdiyu, tijoratni yanada tuzukroq yoʻlga qoʻyish niyatida avtobus bekatiga burildi.

Tuman markazidagi bozor bugun yanada toʻs-toʻpolon ekan, gʻala-gʻovurda juda tez toliqdi, kallasi ari inidek gʻuvullardi. Qanday mol moʻmay pul tugʻishini uzoq chamaladi. Oxiri qosh-u koʻzlarini boʻyagan xushroʻy ayol bilan yigirma besh xalta devzira guruch ustida savdo pishitdi. Fahmicha, har jihatdan namunali mol xarid qilgandi. Yana xonadoniga qoʻni-qoʻnji toʻlib borishini oʻylab orziqardi.

Faqat nimagadir shahar bozori yotsirab qarshiladi, savdosi hadeganda yurishmay, yana ruhi choʻkdi, ming bir xayol koʻchasida izgʻidi. Aft-u basharalari sirli xaridorlar moliga xushlamay nigoh otib, burunlarini jiyirgancha nari jilishardi. Qachondir chap yonogʻida noʻxatdek soʻgal boʻrtgan, kalta moʻylovli daroz kishi, birodar, uyalmay-netmay gʻisht kukuni bilan boʻyalgan narsani olib chiqibsizda deya, afsus aralash kesatdiyu, ustidan qaynoq suv quyilgandek seskandi.

Tugalboy hushini yigʻsaki, daroz joyidan qimirlamay hamdardona tarzda javdirab sukutga tolibdi. Bir payt hali dum bermagan sapcha ekansiz maʼnosida iljaydi, soʻng sizni oʻzim tarbiyalayman der ekan, ukki koʻzlari yanada gʻilaylashib sovuq porladi.

Nima qilarini bilmay gangigan va yuragi tagiga tortib gumirayotgan Tugalboy toshingni ter demoq uchun lab juftladi. Lekin nigohi nigohi bilan toʻqnashdiyu, afsun boʻlgan kabi tilini tishladi. Keyin esa u, past tovushda maslahat bergach, Xudo yoʻllagan najotkorga oʻxshadi.

Tugalboy daroz tanishtirgan keksaroq sotuvchidan yuz ellik kilo devzirani arzonroq bahoda nasiyaga oldi, qorongʻi tushib bozorda odam siyraklashgach, daroz koʻmagida barcha xaltani “oʻqlab” tashladi. Ertalab paydo boʻlgan yangi oshnasi tugʻishgan inisidek quyuq soʻrashdi, Xudodan xayr-u baraka tiladi. Hayal kechmay qayoqdandir togʻlik choʻponni yetaklab keldi va asalday shirin lutflar bilan qariyb ikki tonnalik yukni ancha qimmat narxda olishga koʻndirdi.

Tugalboy qalin oʻrmonda ilk marotaba bahaybat filga yoʻliqqan bola taxlit anqayib qolgandi, omadi chopgani va xorij safari tezda amalga oshishini oʻylagani sayin ruhi yuksalardi. Soʻng daroz va nasiyaga mol bergan odam bilan hisob-kitob qildi. Tobora qiziyotgan bozorni tark etgan damda moʻmaygina foyda ilashtirib qaytgan mulla jiring tafti bagʻrini yoqimli isitayotgan edi.

Tushunish qiyin, qachondir oʻsha taft yoʻqoldi, avtobus gavjum shahar koʻchalaridan gʻizillab yelayotgandami yoxud qishloqni yonlab oqadigan soy boʻyiga yetgandami, butunlay soʻndi. Hademay Shafoatning dilini charogʻon etishini oʻylab mamnun borayotgani uchun eʼtibor qilmadi, avtobusdan shoshilib tushgan chogʻda esa, tovonlari jizillab kuyishdi, goʻyo oyoqlari toʻpigʻigacha langʻillagan choʻgʻga aylanib qolgandi.

Yigirma qadam yurmay masrurlikdan asar ham qolmadi, hushsiz odam kabi tevarakka maʼnosiz moʻltirab boqardi. Qachondir gʻoyibda yangragan qoʻngʻiroq sadosi dilida aks sado berdiyu, tovonlari sarjin kabi yona-yona titilib ketgandek tuyuldi. Muloyim jilmayib qarshilagan Shafoatga koʻz qiri bilan beparvo qaragach, yigʻlamsirab chugʻurlayotgan Maqsudjonni dast koʻtarib quchoqladida, endi men ham sendek xastaman maʼnosida qoshlarini chimirdi.

Baxt-u taxti qoʻrgʻoni Maqsudjonning dardi maʼlum, ammo uniki qanaqa ofat ekani qorongʻi – qonga tashna qiluvchi azobi boru oʻzi yoʻq, axir, qoʻyib bersa bemalol Luqmoni hakimman deb keriladigan Odinaqul ham tunov kuni aniqlay olmadi.

Tugalboy bezovtaligini darhol payqagan Shafoat tijorat natijasini ezgʻilab surishtirdi. Qaltis vaziyatni tasodifan uchragan kimsa yordamida daf etganini eslab boʻshashdiyu, koʻnglingni toʻq qilaver, ey xotin, foyda tagida qoldik deya, tilini hakka choʻqigandek mingʻirladi, boʻgʻzidan arang uzilgan boʻgʻiq ovoz ahvoli tang ekanini oshkor aylagandi.

Ana shu fursatdan boshlab Tugalboy poyonsiz va yorugʻ dunyoga sigʻmay boʻgʻiladigan, faqat oʻzi emas, yana allakimlar tomorqasiga gʻijinib tosh otadigan boʻldi. Axiyri, shu qadar tajang bandaga aylandiki, yarimta gap kamlik, bitta gap koʻplik qilardi.

– Tavba-yey, namuncha tegmanoziksiz? – Qaysi bir oqshom enajon deb chorasiz ingrayvergach, Shafoat chiroqni yoqib toʻngʻilladi. – Hatto andak koʻkargani yoʻq, shishgan yoki yiring-piring yigʻgan emas! Fol ochirsak nima deysiz, dadasi!..

Odinaqul koʻmagiga muhtoj ekanini chamalayotgan Tugalboy birdan olaydi va bas deb pishqirdi. Rahmatli otasiga oʻxshab, folbin-u qushnochni xushlamasdi, ayniqsa, koʻplar uydirmakash deb kamsitadigan Xayri momoni eslasa badani uvishardi.

Shafoat chiroqni oʻchirgach, Tangri qoʻlladi chogʻi, borligʻini ajib rohat egallab, kipriklari yumildi. Faqat tovonlaridagi danakday choʻgʻ uyqusida ham soʻnmagani uchun bezovta inqillab qoʻyardi, qachondir tushida chap yonogʻida noʻxatday soʻgal boʻrtgan daroz boʻyladi. Yeng shimargan daroz shaqillatib pul sanardi va Tugalboyga koʻz-koʻzlab qiqirlardi. Sal narida esa tumshugʻida girdlari kemtik qoʻngʻiroq tutgan laylak quchoqlagan Xayri momo toʻrsayib oʻy surayotir, baʼzan qoqsuyak qoʻli bilan devorlari suvogʻi olachalpoq koʻchgan maktabni koʻrsatib xoʻrsinadi…

Tugalboy choʻchinqirab uygʻonganda allaqachon oftob bir argʻamchi boʻyi koʻtarilgandi, gʻalati tushini eslab qovogʻi uyildi. Tinmasak choʻgʻ oʻchakishgan kabi tovonlari osha toʻpiqlarini qamrayotgandi. Bunaqada erta boru yoʻgʻim butkul nomaʼlum dard ixtiyoriga oʻtadi shekilli qabilidagi taxmin xayolini oʻgʻirladi va boʻsagʻada moʻltirab xayolga tolgan Shafoatni koʻrdi.

– Baribir oʻsha taʼviyani tavop qipsanda?..

Ichida qandaydir loyqa yigʻilgani sezilib turgan Shafoat soʻylagani shoshilmadi. Odatdagidek xarxasha qilayotgan Maqsudjonni ovqatlantirib tashqariga yurgach, Xayri momo tilingni kesvoldimi tarzida tagʻin piching yumalatdi. Endi u kaftlari bilan ilkis qizargan betini yopdiyu, zumda bir dunyo safsatani qalashtirdi.

Qanday tushunsinki, tovonlarini Alloh dargohidan quvilgan shayton nafasidan urchigan, ikki dunyoda ham toʻydim demaydigan qandaydir jondor kemirib yotganmish, oxir-oqibat u balo-qazodek butun jussasini bir hovuch talqonday yeb bitirarmish!..

Ana shunaqa, hassasi emas, jagʻiga suyanib qolgan Xayri momo gapga boplab toʻn kiygazibdi, bunaqasi hatto bir yolgʻondan chiqqan qirq yolgʻon haqidagi alomat ertakda ham uchramaydi. Ota oʻgʻilda, uydirmadan beshbattar folga ishonmay juda toʻgʻri qiladi, qolaversa, mabodo ishongani bilan nima ham baraka topardi.

Bugun ertalab Tugalboy muttasil xuruj qilayotgan choʻgʻni laʼnatlab hovlidan uzildi. Mahalliy Luqmoni hakim endi albatta aniq tashxis qoʻyishiga umid bogʻlab odimlardi. Shifoxona qarshisida ilgari sira boʻlmagan uzun navbat koʻrindi. Qovoqlari koʻpchigan yoru birodarlari bilan issiq salomlashdi. Alik oʻrniga tovonlarimiz olov ichida tarzidagi soʻzlar yangrab, tik oyoqda bosinqirayotgan odam ahvoliga tushdi. Navbati yetib Odinaqul huzuriga kirgach, shu qadar mulzam va karaxt ediki, muzlagan kabi tili aylanmadi.

– Haligi… jondor gʻajimoqda, shundaymi?! – nihoyat jimlikni buzdi Odinaqul. – Tavba, kim toʻqidi buni, jigarim?!

– Jondorni bilmadim… Choʻgʻ naqdina, – peshonasi tirishib gʻudrandi Tugalboy, xayolida Xayri momo jonlanib. – Davosini qil, yoʻqsa hozir poyingda yiqilib tinchiyman, uvolimga qolasan!..

Odinaqul nafasingni issiq qil maʼnosida boshini saraklagandan keyin qitirlatib qogʻoz qoraladi, qogʻozni uzatayotib shaharda imkon katta ekanini taʼkidlab qoʻydi.

Tugalboy uyga qadar goʻyo hovuch-hovuch choʻgʻni titrab-qaqshagan koʻyi yalangoyoq bosib keldi, ertalab lovullash toʻpiqlari osha boldiri tomon surilganini yaqqol tuydida, ikki boylam pulni qoʻyniga tiqib, qolganini Shafoatga tutqazdi va ahd-u qarorini maʼlum qildi.

Imoni komilki, Odinaqul uqtirganidek, azim shaharda har taraflama imkoniyat katta, demak, oʻsha yerda samarali davolanib, nomaʼlum langdan qutuladi, agar loqaydlik tufayli toʻshakka mixlanib qolsa, xorij safari amalga oshmay xonumoni kuyishi mumkin, axir, mablagʻ doʻl emaski, duvillab osmondan yogʻilsa!..

Tugalboy uydan chiqqanda ham, avtobus saloniga qadam bosgan chogʻda ham tovonlari va boldirlarida, etu suyaklari orasida, behisob choʻgʻ donalari suvarak taxlit naridan beriga betinim oʻrmalardi, shahar chetrogʻida joylashgan kasalxona darvozasidan kirar ekan, beyoqim gʻivirlayotgan donalar lov etib alanga oldi.

Tugalboy qabulxona eshigi oldida toʻplangan yosh-u qaridan nariroqda kalovlanib toʻxtadi, ajabki, izdihom ahli olazarak holda tovon bilan bosh oʻrtasida aylanib yuradigan jondordan nolirdi. Qayoqdandir paydo boʻlgan nuroniy chehrali chol, mingʻir-mingʻirlarga andak quloq tutdiyu, Tugalboy yaqiniga kelib pichirladi:

– He-ye, oʻgʻlim, seniyam gʻaflat bosibdi. Bilib qoʻyki, buning davosi inshoolloh oʻzingda, behudaga uni boshqa joydan izlama!..

Nogoh Tugalboy tasavvurida Shafoat iltimosi bilan fol ochgan Xayri momo gavdalandi, soʻng hamon quloqlari ostida yangrayotgan tagdor soʻzlarga izoh soʻrash uchun chogʻlandi. Lekin keksa suhbatdosh allaqachon soyadek nom-u nishonsiz yoʻqolgandi, noiloj alanglab qolaverdi.

Quyosh botar pallada dastlabki nazoratdan oʻtgan Tugalboy oq xalatga oʻralgan nozikkina juvon izidan imillab palataga kirdi. Dori-darmon hidi anqiyotgan xonada uch bemor oʻzaro yovlashgandek toʻrsayib oʻtirardi, zimdan ularni kuzatib iljaydi.

Koʻzlari Xudo haqqi aldamayotir, axir, aft-u angorlari, tovushlari va kalomlariga qadar xotirasida naqshlanib qolgan dumbul, koʻsa va darozni tanimay oʻlibdimi?! Yetti uxlab tushiga kirmagan gʻaroyib uchrashuv taʼbini yanada xufton ayladi. Bozorda pashshani fil-u filni pashsha oʻrnida oʻtkazish hadisini egallagan shu qavm bilan taqdirdosh ekanini eʼtirof etish behad ogʻir botayotgandi. Soʻng qaytar dunyo ekanini, yaʼni oʻrnida bular ham pand yegani va soch changallab qolgani ehtimoli dilidan kechar ekan, chegarasiz azob dengizida suzayotgandek nafasi tiqilib hansirardi. Daroz badaningga jir bitgandir tarzida kesatgach, lagʻcha choʻgʻ yanada tezkor surʼatda hujumga oʻtdi va boldirlari orqali tizzalariga sapchidi. Zerikarli uzun kechada shu taxlit yuqori va quyiga sakrab orom bermadi.

Ertalab soat toʻqqizda palata vrachi Sobit Musayevich karavoti yonidagi stulga choʻkkan paytda sonlari tortishib achishayotgandi. Ellikni qoralagan basavlat doktor qanaqa shikoyati borligiga qiziqmadi. Sirli choʻgʻ tanasi boʻylab tobora yuqoriga siljiyotganini aytar ekan, negadir u maʼyus tortib inqillab qoʻydi. Javob qilmay tomir urishini tekshirdi, qon bosimini oʻlchagach, bedana yurish bilan palatani tark etdi.

– Xoʻsh, mulla, ahvoling qanday? – eshik tovushsiz yopilgan zahoti bidirladi daroz. – Uff, mani… ichak-chavogʻim kul boʻldi-yov!..

– Biza bechorani enalarimiz tuvmay oʻlsin, tuvmay!..

– Iy-bi, oʻv, oting oʻchkurri otiniyam bilishmaydiya!..

Hamxonalar bidirlab yozgʻirgani sayin Tugalboy yarador qarchigʻay misoli toʻlgʻanardi. Baʼzan shangʻillayotgan quloqlariga elas-elas qoʻngʻiroq jiringlashi chalinib ohista entikadi, soʻng tanish ohang kechikma, aqling va imoning butun boʻlsa kechikma! – degan xitobga evrilib, qishloq sari qanot bogʻlab uchgisi keladi…

Shahar uzra galdagi tong shafagʻi taram-taram yoyilgan paytda beli-yu qornini olovli halqa chirmadi. Hayrati oshib, hademay borliqni koʻklam kelinchakday bezatishini oʻylarkan, navbatchi hamshira xushchaqchaq ovozda hisob-kitob xonasiga chorladi. Nima gapligini darhol angladi va ensasi qotib ogʻir qoʻzgʻaldi. Torgina xonada saqich chaynab oʻtirgan juvon qornida lagʻcha choʻgʻga evrilgan kirpi agʻanayotganidan nolidi, soʻng sen shoʻrlik ham shunaqa dardi qattolga mubtalosan deb bashorat qilgach, choʻntagida boru yoʻgʻini qoqishtirib joʻnatdi.

– Kassani yoʻrigʻi boʻlak, – palataga qadam bosgan hamono daroz yana yarasiga tuz sepdi. – Himm… Musayevich yaraydi kuningga, oʻsha pismiqning tomogʻini yaxshiroq moyla!..

Olov halqa iskanjasida qaltirayotgan Tugalboy maʼqul maʼnosida iyagini bir tomonga asabiy qayirdi. Soʻng har nimani oʻz qarichlari bilan oʻlchashga odatlangan hamxonalariga ilk marta yoʻliqqan damlarini nadomat onlariga mengzadi. Faqat ularni goʻrdan olib goʻrga tiqqani behuda, yaxshisi aybni oʻzidan qidirsin, muhimi, tezroq sogʻayishi, bozorga chiqishi va foyda evaziga Maqsudjon bilan safarga otlanishi lozim. Shu kungacha toʻplagan puli nestu nobud boʻlsada, sogʻayish alomati gardcha sezilmadi, mudom qovoq solib yuradigan Sobit Musayevich esa goh yuqoriga oʻrlab, goh quyiga enayotgan choʻgʻ nima balo ekanini hanuz aytgan emas, negadir maxfiy tutayotir. Baʼzan negadir vaqt turli ofatlarni oʻylab topayotganidan nolirdi, bugun ertalab, Tugalboy va boshqalarni hayron qoldirib, palataga kirgan hamono oʻzini duch kelgan karavotga otdida, qornini ushlagancha gʻujanak boʻlib yotdi, hamshira va enaga qoʻltigʻidan olib turgʻizgan paytda koʻzlari xonasidan otilib chiqqudek holda gʻalati chaqnayotgandi.

– Koʻzlarimga yaxshilab qara!..

Sobit Musayevich nimagadir Tugalboyga najot farishtasiga murojaat qilgan kabi iltijo ohangida soʻz qotdi, faqat ne bois bunday degani butkul noaniq qoldi. Anqovsirab boqqan Tugalboy nahot siz ham kamina dardiga yoʻliqqansiz maʼnosida bosh irgʻab chimirildi, soʻng gʻiltillab, langdan qachon qutulaman deya soʻradi, lekin javob nasiya boʻldi.

Vaziyat shunday davom etaverishi mumkin emas, oxir-oqibat savoliga tegishli javob topiladi. Kamgaplikni odat aylagan doktorni holi-joniga qoʻymay tiqilinch qilishi kerak. Ammo bugun qorasini koʻrsatmadi, eshik tiq etsa oʻgirilib qarayverib toliqdi. Kechroq navbatchi hamshira kirib sovuq tabassum hadya etarkan, nechundir mudhish xabar eshitadigan mahkumdek yuragi ilkis shuv etdi. Ana sizga bejiz xavotir chekmabdi, tomogʻiga qadar tashvishga koʻmilgan muhtaram doktor dildan suhbatlashish uchun huzuriga chaqirayotgan ekan…

– Xudo toʻz-zum bersin, ogʻayincha!..

Daroz xitobi Sobit pismiq bilan yakkama-yakka uchrashmoq uchun beling baquvvat boʻlishi kerak maʼnosida yangragandi. Yotgan joyida Tugalboy xitob magʻzini chaqdi, ammo pinak buzmadi. Choʻntagi ship-shiydam ekanini bilgan daroz iljaygancha bir dasta pul uzatdi, choʻtalni ber tezroq, qolgani bir gap boʻlar deya, qoʻlidan tortib turgʻazdi.

Tugalboy nogoh Maqsudjonni eslab oʻpkasi toʻldi, yoʻqsa oʻlganda ham qimirlamasdi, palatadan arang sudralib chiqdiyu, yoʻlak toʻridagi eshikni iymanib ochdi va Xudodan sabr tilab olgʻa bosdi. Ostonadan hatlagach, iloji boricha oʻzini xotirjam tutishga urindi. Baland suyanchiqli oromkursida yastangan doktor kirganini sezmadi yoki sezsa ham eʼtibor qilmadi. Nima uchundir u nomaʼlum nuqtaga termilgancha dagʻdagʻ qaltirardi. Saldan keyin esa ogʻzini kappa-kappa ochib gʻuldiradi.

– Vo-ohh, koʻzlarim yonmoqda!..

Tugalboy avval Sobit Musayevich kaminani masxara qilayotir degan oʻyda tutaqdi, sir tagiga yetgach, dilida joʻshayotgan qahr-u gʻazab hayrat va achinishga evrildi. Bir zum taysallagach, choʻtalni stol girdiga qoʻyib, tezgina iziga burildi.

Tugalboy yoʻlakda tovon-u tizzalari osha butun tanalarini qamrayotgan olovdan noliyotgan oq xalatli erkagu ayollar bilan toʻqnashdi. Keng va yorugʻ dunyo ular koʻzlariga toru qorongʻi koʻrinayotgani sezilardi. Palataga kirgan pallada rang-roʻyi otashak urgan dovuchchaga oʻxshab qolgandi. Ancha muddat xayolidan dunyodan toʻygandek behol ingrayotgan Sobit Musayevich va yoʻlakda sudralib yurgan xodimlar jilmadi.

Choʻgʻ xuruji zoʻraygan paytda oʻrta yoshli navbatchi hamshira ajib nozu ishva bilan qoʻliga nimadir tutqazdi. Vo ajab, hali nedir xavotir va shubha bilan stolda qoldirilgan choʻtal! Baraka topgur Sobit Musayevich sadaqangga zor emasman demoqchimi? Yoʻq, bu yerda boshqa muhimroq masala bor, bu narsa togʻni ham bir luqma qiladigan oʻradek ogʻziga noloyiq, shu bois feʼli aynib qaytargan, hoziroq eltib ber, gadoyni siylasin deb mingʻirlagan, evoh, endi peshonasini qaysi devorga uradi.

Tugalboy noiloj daroz sira qoʻlidan qoʻymaydigan jajji telefon orqali Odinaqulga sim qoqdi, amallab muddaosini tushuntirgach, oʻlikday jimgina joyiga choʻzildi. Qattiq charchaganiga qaramay, tun boʻyi uyqudan yolchimadi, nuqul miyasi ari inidek gʻuvillardi, soʻng tushida qandaydir olomon bilan uchrashdi, qaygadir shoshayotgan olomon jism-u joniga oʻt ketgani xususida joʻrlashib qichqirardi, dahshatli nido qachondir qoʻngʻiroq jiringlashi bilan qoʻshilib ketdiyu, sachrab uygʻondi. Hushida ham oʻsha nido yangray boshladi, endi faqat hovliqma olomon emas, bagʻriga behisob bemorni olgan ulkan bino, hatto butun borliq va koinot sirli olovdan nolib xitob qilayotgan edi…

Ertalab oʻzini yolgʻondakam xursand koʻrsatayotgan Shafoat ozib-toʻzgan Maqsudjon bilan yetaklashib kelganda goh beli, goh qornini silay-silay behol yotardi. Nimanidir yoqtirmay tisarilgan Maqsudjon qaroqlaridagi lang koʻlankasini koʻrib oʻksidi, bolajonim, xorijga safarimiz qosh-u qovoq orasidek yaqin, katta samaloʻtda uchamiz deb, tugmadek bejirim burniga asta chertdida, kipriklari namlangan Shafoatga oʻgirildi: xotin, doktor bilan quyuqroq salomlash!..

– Xudoyimga shukr, behisob shukr! Hademay otdek boʻlib ketar ekansiz, dadasi! – Jigarrang sumkasi bilan Sobit Musayevich huzuriga kirib chiqqan Shafoat yonoqlari yashnab entikardi. – Nuqul maktab deyvurib asabni charchatibsiz, asab temir emasda!..

– Ehtimol, dedi boʻzarib Tugalboy. – Lekin shuncha chopganim bilan ilgari bunaqa ogʻriq yoʻgʻiydi tanamda! Yaqindan beri… Xayri momoning folida bir hikmat bor shekilli?!..

Endi Shafoat negadir koʻzlarini yashirdi, saldan keyin Maqsudjonning kasali koʻp ogʻir emasligi, mahalliy doʻxtirlar ham uni bemalol davolashi mumkinligini isbotlashga tushdi. Yaqinda qadrdon dugonasi obuna boʻlgan nufuzli gazetadan oʻzi hijjalab oʻqibdi: taniqli bir olim yirik maqolada barisini miridan-sirigacha hatto koʻrsavod kishiyam oppa-oson tushunadigan qilib yozgan ekan…

Eshik tirqishidan hamshira ikkincha marta moʻralagach, suhbat poyoniga yetdi. Ingranib soʻkinayotgan sheriklari bilan yuzma-yuz qolgach, oʻpkasi toʻldi va koʻzlarida halqa-halqa yosh gʻiltilladi. Tun boʻyi goh oʻzi, goh choʻgʻ bilan olishdi, baʼzan haligi nidoni eshitib xitlanardi. Ertalab yigʻilib qolgan qumaloq dorilarni ilimsiq suv bilan yutdida, nedir tilakda derazadan tashqariga qaradi, qabulxona eshigi oldida toʻplangan bemorlarni gʻashlanib kuzatgach, bular Tangri qargʻagan qavmga mansub deb qoʻydi, tavba, nahot toabad shu qavm ortidan ergashsa?!

Yoqimli jilmayib kelgan navbatchi hamshira tumba chetiga bir parcha sargʻish qogʻoz qoʻygan paytda Tugalboy tutab-tutamay yonayotgandi. Gajakdor imzo chekilgan qogʻozda ancha-muncha semirgan qarzi bitilganini payqab nochor tarzda boʻzardi. Anchadan buyon qorniyu beliga chirmashgan olov halqa esa yuqoriga hamla qildi, hademay yuragini butunlay taslim aylab, miyasiga koʻchsa kerak…

Tugalboy afsuslanib bosh chayqadi, soʻng barisi hoziroq roʻy beradigan kabi ogʻir xoʻrsinar ekan, tuyqus gʻoyibda qoʻngʻiroq jiringlab, qaygadir chorladi. Darhol boyagi qogʻozni burdalab polga sochdida, jadal surʼatda lash-lushini yigʻishtirdi. Endi chindan bu yerda zigʻircha qiladigan yumushi qolmagandi, nomaʼlum dard davosi oʻzida ekanini koʻngli tobora yaqqolroq sezmoqda edi…

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер