310 yoshli Turontut

14:14 10 May 2021 Jamiyat
517 0

Gʻijduvon tumanidagi Qutchilik qishlogʻida istiqomat qiluvchi Said Sharipov xonadoniga kelgan kishi eʼtiborini hovlida savlat toʻkib turgan tut tortishi tayin. Xonadon sohiblarining aytishlariga qaraganda, u 310 yoshda.

— Tasodifan shu qishloqqa yoʻlim tushdi-yu, qadimiy tutni tomosha qilish istagi tugʻildi, — deydi hamkasbimiz, mehnat faxriysi Murod Mahmudov. — Bu daraxt uch asr muqaddam Said akaning bobokaloni Koʻchang ota tomonidan oʻtqazilgan ekan. Keyin tutni parvarish qilish navbati uning oʻgʻli Eshod boboga oʻtgan. Eshod bobodan soʻng uning farzandi Tugal ota, keyin esa Sharif ota bu tutni parvarishlab, asrab-avaylashgan.

Qarang, uch asr davomida bir tut butun boshli avlod uchun oʻziga xos timsolga aylanib ulgurdi.

Shu davr mobaynida bu qadimiy daraxt ne-ne kechmishlar guvohi boʻlmadi, ne-ne jonlarga oro kirmadi, deysiz. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida u nafaqat Sharipovlar xonadoni aʼzolari, balki qoʻni – qoʻshnilarning ham panohiga aylandi. Ocharchilik, qahatchilikda mevasidan qishloq ahli bahramand boʻldi. Momolar tutmayiz qilishdi. Mevasidan shinni tayyorlashdi. Bargi ipak qurtiga ozuqa sifatida ishlatildi. Qurigan shox-shabbasi oʻchoq-andirga yaradi.

Aytmoqchi, 100-yil umr koʻrgan Sharif ota bu daraxtga yaxshi niyat bilan Turontut deya nom bergan ekan. Otaxon shu yoʻsinda koʻhna Turon zaminda yashovchi turli millatu elatlarning ildizi birligiga, ular ahil va totuv yashashi kerakligiga ishora qilgan boʻlsa ajab emas.

Boʻyi 12 metrdan oshadigan, tanasining yoʻgʻonligi toʻrt metr boʻlgan Turontutning hozir toʻrtta shoxi yaxshi saqlangan. Jazirama yozda ostidagi soʻriga oʻtirsangiz beminnat soyasidan taningiz yayraydi.

Shu kunlarda esa Sharipovlar sulolasining eng kenja vakillari-bolajonlar, qoʻni-qoʻshnilarning oʻgʻil-qizlari Turontutning ostidan nari ketishmayapti. Marvaridday tovlanib turgan tut mevasidan yeyishgani- yeyishgan. Keksalarning qoʻli esa duoda. Negaki, Yaratganning oʻzi bizni tut pishigʻiga yetkazdi. Qolaversa, xalqimiz topib aytgan: Bir yil tut ekkan ming yil gavhar teradi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?