2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida

00:30 01 Mart 2023 Hujjatlar
4083 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlarimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

1. Jamoatchiligimiz va xalqimiz bilan keng muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Davlat dasturi ijrosini samarali, qatʼiy tartib-intizom asosida tashkil etib, 10 kun muddatda har bir tuman, shahar va mahalla kesimida amaliy chora-tadbirlarni belgilasin hamda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muntazam ravishda masʼul shaxslarning hisobotini eshitib borsin.

Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarga Davlat dasturining bajarilishini tumanlar, shaharlar va mahallalarga borib oʻrganish, masʼul davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.

2. Xalqimizning ogʻirini yengil qilish, aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida, 2023-yil 1-iyuldan boshlab:

a) barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilansin.

Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda oʻz tizimida masofadan turib, shu jumladan, mobil ilovalar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini koʻpaytirish, undiriladigan toʻlovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, koʻrib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishga oʻqitish boʻyicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga eʼlon qilsin;

b) davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 tagaYagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkazilsin;

v) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyilsin;

g) elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda koʻrsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning oʻz tashabbusi bilan) taklifini yuborish yoʻlga qoʻyilsin.

3. 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratish bilan bogʻliq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma”siga oʻtkazilsin hamda subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda, subsidiyalar ajratish toʻgʻrisidagi arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyatini yaratish hamda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va boshqa korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish taʼminlansin.

4. Fuqarolarning pensiya taʼminotini yaxshilash va pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, 2024-yil 1-yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin oʻz vaqtida olinmagan pensiyani toʻlash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilsin.

5. Nogironlikni belgilashda fuqarolarga qoʻshimcha yengilliklar yaratish maqsadida:

a) 2023-yil 1-apreldan boshlab nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgananatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi;

b) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev) 2023-yil 1-aprelga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi loyihasini kiritsin, unda:

fuqarolarning mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasidan kelib chiqib nogironlikni belgilash amaliyotidan voz kechib, uning oʻrniga jahon standartlari asosida nogironlikni belgilashga hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va ularning sogʻligʻini qayta tiklashga;

nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratishga eʼtibor qaratilsin.

6. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 2023-yilda:

“Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkazilsin. Bunda, uy-joy hamda ijtimoiy va savdo obyektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalarining turargohlari, shu jumladan, koʻp qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishi taʼminlansin;

32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablagʻlar yoʻnaltirilsin;

aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirilsin;

xalqaro va mahalliy fond birjalarida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun kompaniyaning ustav fondi 100 million AQSH dollari ekvivalentiga yetkazilsin. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablagʻlar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtirilsin.

7. Tashabbusli byudjet amaliyotini hamda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadida:

2023-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion soʻm yoʻnaltirilsin;

2023-yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion soʻm ajratilsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) uch oy muddatda loyihalarni jamoatchilik fikri va “Ochiq byudjet” portalida toʻplangan ovozlar asosida moliyalashtirishning samarali tizimini yaratsin va amaliyotga kiritsin.

Bunda, ovoz berish jarayonlarini xolis va maʼmuriy aralashuvlarsiz tashkillashtirishning aniq mexanizmlarini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilsin.

8. Taʼlim sifatini oshirish, sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

a) 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilsin;

b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ koʻnikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa boʻlib ishlash, tadqiqotchilik kabi koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlari amaliyotga kiritilsin.

Bunda:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1-4-sinflarida oʻquvchilarni ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish;

5-9-sinflarda oʻquvchilarga umumtaʼlim fanlaridan tayanch bilimlar berish;

10-11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos boʻlgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinsin;

v) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda, ovqat turlari oʻquvchilarning yoshi va sogʻligʻi holatiga koʻra meʼyorlangan holda yetkazib berilishi hamda sanitariya talablariga javob berishi taʼminlansin;

g) 2023-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish maqsadida:

yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni taʼmirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etilsin;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari boʻyicha garovga qoʻyilishiga oid cheklovlar bekor qilinsin;

d) professional taʼlim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos boʻlgan malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida:

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual taʼlim shakli boʻyicha ham ajratilsin;

2023-yil 1-sentyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish sifatini taʼminlash tizimi talablariga toʻliq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilsin;

ye) 2023-yil 1-apreldan boshlab:

professional taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;

professional taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan, malaka toifasiga ega boʻlmagan oliy maʼlumotli hamda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy oʻrta taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli oʻqituvchisi hamda oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilsin.

9. Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish va fuqarolarni sifatli tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, shuningdek, bemorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):

2023-yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;

18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik koʻrikdan oʻtkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi boʻlmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish;

spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolani dori vositalari bilan taʼminlash;

250 nafardan ortiq zaif eshituvchi bolada koxlear implantatsiya operatsiyalarini oʻtkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar oʻtkazilgan 132 nafar bolada nutq protsessorlarini almashtirish choralarini koʻrsin;

b) vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalarni berish bosqichma-bosqich elektron shaklga oʻtkazilsin. Bunda:

vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalarni berish Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023-yil 1-iyuldan boshlab, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida – 2024-yil 1-yanvardan boshlab elektron shaklga oʻtkazilsin.

2024-yil 1-yanvardan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalarni qogʻoz shaklda talab qilish taqiqlansin;

v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilsin;

g) 2023-yil yakuniga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlami 30 ming nafarga yetkazilsin.

10. Aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati yoʻlga qoʻyilsin:

aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida oʻz sogʻligʻi va ovqatlanishini nazorat qilishni oʻrgatish, toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha mobil ilova yaratish;

bolalarga moʻljallangan nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlarni kuchaytirish;

taʼlim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyogʻlar miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, taʼm va rang beruvchi qoʻshimchalar roʻyxatini tasdiqlash va ularning isteʼmolini kamaytirish;

mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sogʻlom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;

yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarsogʻlomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari toʻplamini yaratish;

ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi va sogʻlom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

11. 2023-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma amal qilish muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yigʻimni toʻlashdan ozod etilsin.

12. Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 2023-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy oʻrnatilsin.

Adliya vazirligi (A.Tashkulov) Bosh prokuratura (N.Yoʻldoshev) bilan birgalikda bir oy muddatda savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni maʼmuriy yurisdiksiyaga oʻtkazish orqali bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Qishloq xoʻjaligini suv resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida 2023-yilda:

suv resurslarini boshqarishda uzluksiz tizimni yoʻlga qoʻyish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yoʻqotishlar hajmi
10 foizgacha kamaytirilishi;

qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliq yetishtirish (oʻstirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha soliq stavkasini oshirish orqali suv soligʻi boʻyicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sugʻorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yoʻnaltirilishi taʼminlansin.

Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.Xamrayev) 2023-yil yakuniga qadar:

a)  suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard metr kub suv iqtisod qilinishini hamda 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sugʻorishga yoʻnaltirilishini taʼminlasin;

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda:

suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish maqsadida 13 mingta suv xoʻjaligi obyektlarini raqamlashtirish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni Davlat byudjeti mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtirish;

16 ta yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritsin.

14. Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilsin:

jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qoʻllash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga oʻtkazish;

jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish;

advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlish talabini bekor qilish.

Oliy sud (B.Islamov), Adliya vazirligi (A.Tashkulov) va Bosh prokuratura (N.Yoʻldoshev) mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar boʻyicha tegishli qonunlar loyihalarining Davlat dasturida belgilangan muddatlarda ishlab chiqilib, kiritilishini taʼminlasin.

15. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” gʻoyasi asosida isloh qilish maqsadida:

a) 2023-yil 1-apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilsin;

b) 2023-yil 1-dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini oʻtkazganligi haqida xabardor qilish huquqi berilsin.

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilansin.

16. Adliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati:

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqsin;

Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi hamda kelishilishida amaliy yordam koʻrsatib borsin;

Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlasin;

monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har oyda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga kiritib borsin.

17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) muntazam ravishda Davlat dasturining maqsad va vazifalari, shu jumladan, mashhur davlat arboblari, tajribali siyosatshunos, huquqshunos, iqtisodchi va boshqa mutaxassislar ishtirokida keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini taʼminlasin.

18. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2023-yil 28-fevral

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер