Navoiyda YPX xodimlariga qoʻl koʻtargan ayolga jazo tayinlandi

22:49 04 Yanvar 2023 Jamiyat
1515 0

Foto: Arxiv surat

Bu voqea aslida 2022-yilning 20-avgust kuni tungi soat 3:30 lar atrofida sodir boʻlgan. Oʻsha kuni tungi xizmatga jalb etilgan YPX xodimlari Nexia rusumli 85 D 334 FA davlat raqamli avtomashinani toʻxtatib, haydovchidan avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini soʻrashadi.

Haydovchi soʻralgan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortgach, holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 194-moddasiga (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Qoidabuzar haydovchi javobgarlikdan qochish maqsadida voqea joyiga tanish ayolni chaqiradi. Ayol YPX xodimlarini kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqoratlab, ishdan boʻshatib yuborish bilan doʻq-poʻpisa qiladi va bir necha bor tan jarohati yetkazish maqsadida xizmat vazifasini oʻtayotgan xodimlarga qoʻl koʻtaradi.

Mazkur holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudida koʻrib chiqilib, daʼvogarning daʼvosi yoʻqligi, ayolning qaramogʻida voyaga yetmagan farzandi borligi, aybidan pushaymonligi inobatga olingan holda unga nisbatan uzil-kesil 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Albatta, ikki yil muddat oz ham, koʻp ham emas. Lekin shaxsiy varaqadagi “sudlangan” degan soʻz va nohaqdan birovga yetkazilgan ozor kishini ancha vaqt qiynab yursa kerak. Ustiga-ustak “nozik xilqat, munis va moʻtabar” kabi taʼriflar yarashadigan ayol kishi bu jinoyatni sodir etgani gʻoyatda taassufli.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?