Kuzda ekilgan koʻchatlarning 3,9 mln. tupida doimiy sugʻorish tizimi mavjud emas
Joriy yilning 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi hamda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda boshqa masʼullarning axborotlari eshitildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxtlar va butalarni muhofaza qilish, yashil zonalarni kengaytirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi 80-maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarning ekologik ahvolini yaxshilash vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, joriy yil bahor mavsumida yurtimizda 126,8 mln. tup, shuningdek, kuzgi koʻchat ekish “Dolzarb 40 kunlik” doirasida 75,9 mln. tup daraxt va buta koʻchatlari ekilgan hamda “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan. Koʻchat ekish ishlarining bajarilishida iqlim-sharoitga mos suvsizlik va qurgʻoqchilikka chidamli koʻchatlar turlarini ekishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qayd etilganidek, kuzgi mavsumda koʻchat ekish ishlarini toʻgʻri tashkil etish maqsadida hududlarda shtablar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, olimlar va tajribali mutaxassislardan iborat ekspert guruhlari tomonidan amaliy koʻmak va nazorat-tahlil ishlari olib borilgan. Ekish ishlarini tashkil etish boʻyicha tajribali agronom, olim va bogʻbonlar ishtirokida 700 dan ortiq amaliy seminarlar oʻtkazilgan.
Mavsum davomida tuman va shaharlarda 450 ga yaqin koʻchat yarmarkalari va savdo nuqtalari tashkil etilib, narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha targʻibot tadbirlari olib borilgan.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan yil davomida 312 gektar maydonda yangi koʻchatxonalar tashkil etilgan, oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan kuzgi mavsum davomida 13,5 mln. tup koʻchatlar yetkazib berilgan. Oʻrmon fondining togʻ va togʻoldi hududlarida 2,2 ming gektarda yongʻoq-mevali plantatsiyalar tashkil etilgan. Zomin tumanining togʻoldi hududlarida degradatsiyani oldini olish maqsadida 232 gektar maydonda 57 ming tup sharq tuyasi, 24 ming tup bodom, 9 ming tup oʻrik koʻchatlari ekilib, madaniy oʻrmonzorlar barpo etilgan.
Mahalla guzarlari, koʻchalar va aholi xonadonlari atrofida jami 19,3 mln. tup daraxtlar va butalar koʻchatlari ekilgan.
Ishtirokchilar tomonidan qayd etilganidek, amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar bilan bir qatorda loyihani amalga oshirishda kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, sugʻorish tizimlari holati yuzasidan “Yashil makon” elektron platformasi maʼlumotlari tahlili, kuzda ekilgan koʻchatlarning 3,9 mln. tupida doimiy sugʻorish tizimi mavjud emasligini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, ayrim hududlarda koʻchatlarni parvarish qilish, sugʻorish, chorva mollari tomonidan payhon qilinishining oldini olish maqsadida masʼullar biriktirilmagan. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar tomonidan kam taʼminlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan jami 5 mln. tup mevali daraxt koʻchatlari bepul tarqatish ishlari toʻlaqonli bajarilmagan. Bu borada 2,2 mln. tup koʻchat bepul tarqatilgan boʻlib, vazifa 44 foizga bajarilgan xolos. Ayrim hududlarda kam taʼminlangan xonadonlarga koʻchat tarqatish ishlari umuman tashkil etilmagan.
Eshituvda Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani A-373 avtomagistrali yoqasida 10 km masofada ekilgan 2,5 ming tup koʻchatlarni tomchilatib sugʻorish tizimi, Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida 24 ming tup koʻchatlarni tomchilatib sugʻorish tizimi ijobiy tajriba sifatida boshqa hududlarda ham qoʻllash tavsiya etildi.
Shuningdek, yigʻilishda koʻchat ekilgan maydonlarda sugʻorish tizimlarini xatlovdan oʻtkazish, koʻchatlarni koʻkaruvchanligini taʼminlash maqsadida mahalliy hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan koʻchatlarni parvarishlash, xususan, sugʻorish, mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi tadbirlarni oʻz vaqtida va doimiy amalga oshirib borish, ishsiz fuqarolarni mazkur tadbirlarga haq evaziga ishga jalb etish, 2023-yil bahorgi mavsum uchun koʻchatlar zaxirasini tayyorlash ishlarini jonlantirish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Yigʻilish yakunida masʼullarga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berilib, ushbu yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan qatʼiy parlament nazorati davom ettirilishi maʼlum qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy Majlis palatalari qoʻmitalarining Qoʻshma qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring