Oliy Majlisda “Rosatom” bosh direktori birinchi oʻrinbosari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”
18 dekabr kuni parlament quyi palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari B.Alixonov va deputatlarning Atom energetikasi boʻyicha “Rosatom” Davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari A.Lokshin boshchiligidagi delegatsiya bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuvda ikki davlat prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi qalin hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Ikki mamlakat Hukumatlari oʻrtasida Oʻzbekiston hududida atom elektr stansiyasi qurish boʻyicha Kelishuv imzolangan. Ayni paytda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, yaqinda Rossiya Federatsiyasining atom energetikasi sohasidagi ilgʻor ish tajribasi bilan tanishish maqsadida B.Alixonov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Novovoronej AESga tashrif buyurdi.
Oʻz navbatida, A.Lokshin ham ayni paytda jahonning 12 mamlakatida 36 ta energoblok qurayotgan “Rosatom” Davlat korporatsiyasi faoliyati va toʻplagan tajribasi xususida soʻzlab berdi. Bunda mazkur energobloklar va Oʻzbekistonda quriladigani mavjud barcha xavfsizlik talablariga javob bera oladigan, jumladan, ekologik, shuningdek, MAGATEning zamonaviy talablari va takliflariga mos keladigan innovatsion obyektlarning “3+” uchinchi avlodiga tegishli ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida qayd etilganidek, taklif etilayotgan Rossiya texnologiyasi zilzila, sunami, boʻron, samolyot qulashidan himoyalash boʻyicha barcha postfukusima xavfsizlik talablariga ham javob berishi aytib oʻtildi. Bundan tashqari, energoblok qoʻshhimoya qobigʻiga ega boʻlib, bu uning ekspluatatsiyasi xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasini taʼminlab beradi. Energoblokning xizmat koʻrsatish muddati 60 yilni tashkil qiladi
Muhokamalar chogʻida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atom elektr stansiyasi maydonini tanlash, loyihalashtirish, qurilishi va kafolatlangan ekspluatatsiyasi jarayonlarini huquqiy tartibga solishni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda atrof-muhit muhofazasi va yongʻin xavfsizligi borasida Oʻzbekiston Respublikasi norma va qoidalarini qoʻllash taklif etilmoqda. Atom elektr stansiyasi loyihasiga ularni qoʻllab boʻlmaydigan holatlarda esa, Rossiya Federatsiyasining tegishli sohadagi federal norma va qoidalari tatbiq etiladi.
Uchrashuvda, shuningdek, AESning ishga tushirilishi yiliga 3,7 mlrd. kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga chiqadigan is gazi, xususan, 14 mln. tonnagacha is gazi va 36 ming tonnagacha azot dioksidi chiqarilishi miqdorini kamaytirish imkonini berishiga eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, AES qurilishi davrida 8 ming nafardan ziyod, ekspluatatsiya davrida esa, 3 ming nafar odamni yangi ish oʻrni bilan taʼminlashga imkon yaratishi taʼkidlab oʻtildi.
Ochiq va oʻzaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring