Vaksinatsiya — davr talabi

Hayot — naqadar goʻzal va jozibador tushuncha! Hayotda yashash, uning barcha neʼmatlaridan bahramand boʻlish, hayotning saodatli onlarini ajib xotiralarga bogʻlash naqadar ulugʻ baxt!
Yoshi ulugʻ keksalarimiz qoʻllarini duoga ochganda, Parvardigordan tinchlik-omonlik, baxt-saodat bilan birga albatta mustahkam sogʻlik soʻraydilar. Darhaqiqat, hayotni bekamu koʻst yashab oʻtish uchun insonga avvalo sihat-salomatlik zarur. Salomatlikning mustahkam boʻlishi esa, har bir insonning oʻz qoʻlida.
Men ham bu dunyoning baxtu saodatini toʻlaqonli anglashni istagan insonlardan biriman. Barcha odamzod qatori erta tongda ezgu niyatlar bilan uygʻonaman va oʻzimning baxtu saodatimga yuzlanib yashayman.
Oʻtgan yili yurtimiz boʻylab mashʼum koronavirus infeksiyasi tarqalganda, koʻplab hamyurtlarimiz ogʻir kasallik girdobiga tushib azob chekdi, yana koʻplab qadrdonlarimiz kasallik tufayli hayotdan bevaqt koʻz yumdi. Afsuski, vafot etgan qarindoshlarimiz, doʻstu birodarlarimizni endi qaytarolmaymiz. Endilikda, qoʻlimizdan keladigan yagona narsa – ehtiyot choralarini koʻrib, oʻzimiz va yaqinlarimizni kasallikdan himoya qilishdir.
Men doimo ertangi kunimning salomatligi va barqarorligini taʼminlashga harakat qilaman. Negaki, oilam bor, qadrdon doʻstlarim yonimda, jondan ortiq sevgan kasbu hunarim hayotimga mazmun beradi. Ertangi kun uchun tuzgan orzu-niyatlarim bisyor. Menga umid koʻzi bilan qarab turgan odamlarni aytmaysizmi? Ularni noumid qilishim notoʻgʻri boʻladi, axir!
Ertaga yuz beradigan ulkan darajadagi muvaffaqiyatlarimga eson-omon yetish hamda hayot atalmish baxtu saodatimni qoʻldan boy bermaslik uchun men qaror qabul qildim!
Men Covid-19 infeksiyasiga qarshi vaksina oldim. Bu ishni oʻz xohish-irodam va hayotiy pozitsiyamga koʻra amalga oshirdim.
Bugungi kunga kelib, zamon taraqqiy etdi. Qadimda odamzod turmushiga tahdid solgan vabo, ichterlama, qizamiq singari xavfli kasalliklarning oldini olish uchun biz aynan vaksinaga murojaat etganmiz. Yoki boʻlmasa, ebola, choʻchqa va parranda grippi singari dahshatli viruslarni jilovlashda ham vaksina asosiy qurol vazifasini oʻtadi.
Covid-19 infeksiyasiga qarshi yaratilgan vaksina bugungi kunda insoniyatning qalbida oʻziga xos hadik uygʻotayotgani tabiiy, albatta. Negaki, nomaʼlum narsa har birimizning qalbimizda nomaʼlum tuygʻularni uygʻotadi. Darhaqiqat, vaksinatsiya jarayonining barqaror oʻtishi uchun aholiga vaksina haqida har tomonlama yetarli maʼlumot berish zarur. Faqat shu yoʻl bilangina aholi oʻrtasida kuchli jamoaviy immunitetni hosil qilishga erishish mumkin boʻladi.
Men oʻzimning hayotiy pozitsiyam va ertangi kunga boʻlgan kuchli ishonchim bois, Covid-19 infeksiyasidan holi boʻlgan sogʻlom va barqaror hayotni tanladim. Sizni ham shunga chaqiraman!
Covid-19 infeksiyasiga qarshi emlashda faol boʻling!
Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring