Deputatga yordamchi kerak(mi?)

15:39 16 Iyun 2021 Siyosat
1468 0

Bugungi kunda vakillik organlarining rolini yana-da kuchaytirish borasidagi islohotlar deputatlarning oʻz saylov okruglarida saylovchilar bilan tizimli muloqotini kuchaytirishni, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etishni taqozo etmoqda. Bu masala Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda siyosiy partiyalar faollari bilan oʻtkazgan uchrashuvida koʻtarilib, davlat rahbari tomonidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Qonunchilik palatasi deputati bilan saylovchilar oʻrtasidagi uzviy aloqani yana-da mustahkamlash maqsadida deputat yordamchisi institutini joriy etish va uning maqomini qonunchilikda belgilash shunday vazifalar sirasiga kiradi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Qonunchilik palatasining deputatlari saylov okrugida oʻz vakiliga ega. Lekin ular partiyaning tegishli hududiy boʻlimi xodimlari orasidan jamoatchilik asosida tayinlanib, faoliyat yuritishi sababli ular asosan siyosiy partiya ishlari bilan band boʻlib qolmoqda va buning natijasida deputatlar faoliyatiga koʻmaklashish imkoniyati cheklanmoqda. Bundan tashqari, deputat vakili institutining faoliyati oʻrganilganda, qonun hujjatlarida uning huquqiy maqomi, unga qoʻyiladigan talablar, uni ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish tartibi, deputat vakili faoliyatini moliyalashtirish masalalari aniq belgilanmaganligi maʼlum boʻldi.

Bu boradagi huquqiy boʻshliqni toʻldirish va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari – Zafar Xudayberdiyev, Oʻktam Islamov va Odinaxon Otaxonova tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 142-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7- hamda 18-moddalariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 142-moddasida deputat yordamchisi boʻlish uchun qoʻyiladigan talablar, ularning vazifalari, deputat yordamchisini ishga qabul qilish va ularning mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq normalar bayon etilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida deputat bir nafar deputat yordamchisiga ega boʻlishi mumkinligi, 18-moddasida esa deputatlarni axborotga oid va maʼlumotnoma materiallari, mutaxassislarning maslahatlari bilan taʼminlashni tashkil etish deputatlarning tegishli yordamchilari tomonidan ham amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shu oʻrinda Qonun loyihasida taklif etilayotgan asosiy qoidalarga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz:

birinchidan, amaldagi qonunchilikda belgilangan Qonunchilik palatasi deputatining vakili oʻrniga saylov okrugida (partiyalarning hududiy boʻlimlarida) doimiy asosda faoliyat yurituvchi Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda (bunda, 150 ta deputat 1 nafardan yordamchiga ega boʻladi);

ikkinchidan, deputat yordamchisiga qoʻyiladigan talablar, jumladan uning 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi, deputat bilan qarindoshlik aloqalari hamda sudlanganlik holati boʻlmasligi nazar tutilmoqda;

uchinchidan, deputat yordamchisining funksiyalari sifatida tugatilayotgan deputat vakilining funksiyalariga qoʻshimcha vazifalar belgilanmoqda, jumladan, okrug saylovchilarini Qonunchilik palatasi deputatning faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish, saylov okrugida deputatga jismoniy va yuridik shaxslardan qilingan murojaatlarda bayon etilgan masalalarni oʻrganish, deputatni saylov okrugi hududida yuz berayotgan voqealar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar toʻgʻrisida xabardor qilish, deputatning oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash shular jumlasiga kiradi;

toʻrtinchidan, deputat yordamchisini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish tartibi belgilanmoqda, yaʼni mehnat shartnomasi deputat bilan kelishilgan holda deputat yordamchisi va partiya rahbari oʻrtasida deputatning vakolat muddatiga tuziladi, deputat vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda mazkur shartnoma tugatiladi;

beshinchidan, deputat yordamchisining faoliyatini moliyalashtirish partiyaning amaldagi shtat birliklariga ajratilayotgan davlat byudjeti mablagʻlari doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Finlyandiya mamlakatlarining bu boradagi qonunchiligi oʻrganildi va ularning ayrim jihatlari milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilinmoqda.

Ushbu Qonun loyihasining qabul qilinishi deputatlarning oʻz saylovchilari va partiya elektorati bilan oʻzaro aloqalarining yana-da kuchayishiga, deputat okrugdagi vaziyat, elektorat kayfiyatidan doimiy ravishda xabardor boʻlib turishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15-iyun kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda, konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatlandi.

Qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish yuzasidan siyosiy partiyalarning fraksiyalarida oʻtkazilgan muhokamalarda deputat yordamchisining yosh senzi, maʼlumoti, uning huquqlari bilan bogʻliq va boshqa takliflar bildirildi. Shu oʻrinda deputatlarimiz tomonidan bildirilgan takliflarni ushbu Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida muhokama etib, qonun loyihasini takomiliga yetkazishda albatta foydalanishimizni aytib oʻtishni joiz deb bilaman.

Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер