Namanganda erini bolta bilan chopib oʻldirgan ayolga sud hukmi oʻqildi
Namangan viloyat sudi sudyasi D.Kamilovning maʼlum qilishicha, sudlanuvchi R.X. 2006-yilda fuqaro A.K. bilan tanishib, u bilan sharʼiy nikohdan oʻtgan holda yashab kelgan. Oilada farzand tugʻilgandan soʻng 2010-yilda nikohni rasmiylashtirilgan.
2021-yilning 31-yanvaridan 1-fevralga oʻtar kechasi A.K. spirtli ichimlikdan mast holda uyga kelib, yashash xonasida uxlab yotgan 2010-yilda tugʻilgan qizi, voyaga yetmagan B.G.ning kiyimlarini yechib, tegajogʻlik qilmoqchi boʻladi. Shu payt kichik farzandining yigʻisidan uygʻonib ketgan xotini undan nima qilayotganini soʻraydi. Er esa nosqovogʻini qidirayotganini aytib, tezda yana joyiga yotib oladi. Bundan qattiq taʼsirlangan R.X.ning gʻazabi qoʻziydi. Spirtli ichimlik taʼsirida uxlab qolgan erining ojiz ahvoldaligidan foydalanib hovlida boʻlgan bolta bilan uning bosh sohasiga bir necha marotaba urib, qasddan oʻldiradi. Sodir etgan jinoyati izlarini yashirish maqsadida, A.Kning murdasini yashash uyidagi foydalanilmay kelinayotgan xonaga olib kirib, uch kun saqlaydi. Nihoyat, 3-fevral kuni tungi soat 03:30 larda jasadni hovlidagi bodom daraxtining oldiga sudrab olib chiqadi, qon tekkan gilam va matolarni esa boshqa xonaga olib kirib yashirib qoʻyadi.
Shundan keyin qoʻshni uyda yashovchi qaynakasi Q.Aga bodom daraxti tagida kimdir yotganini aytib, uni uyidan chaqirib chiqadi. Q.A. daraxt tagiga borib qoʻl telefoni yorugʻida ukasining oʻlib yotganini koʻrgach, tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilgan.
Dastlab R.X. turmush oʻrtogʻini oʻldirib qoʻyganini aytmasdan, goʻyoki, marhum oʻz ehtiyotsizligi sababli vafot etganday qilib koʻrsatgan. Oradan 2-3 soat vaqt oʻtgach IIB xodimlari kelib, qaytadan suhbatlashganda boʻlgan holatni ochiq-oydin soʻzlab beradi. Shundan keyin unga nisbatan Jinoyat ishi ochilib tergov harakatlari olib borilgan.
Ushbu jinoyat ishini koʻrib chiqqan viloyat sudi qotil ayolga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring