Kelayotgan yakshanbadan Namanganda katta gul sayli
Gullar bayrami — Namanganning oʻz tarixiga tarixiga ega, ismi jismiga monand qadriyati. Bu yil shahardagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻi gul shaydolarini oltmishinchi bor kutib oladi. Ayni paytda kelayotgan yakshanbada tantanali ochiladigan maftunkor gul sayliga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Faqat Namangagina xos boʻlgan bu bayram endilikda xalqaro maqom kasb etib, keyingi paytlarda unga nafaqat, qoʻshni mamlakatlar — Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmanistondangina emas, balki, olis xorij — Janubiy Koreya, Turkiya, Gollandiya,Eron davlatlaridan ham mehmonlar tashrif buyurishmoqda. Eʼtiborli jihati, ular orasida oddiy tomoshabin boʻlib emas, oʻzining noyob gullari bilan kelayotgan ishtirokchilar ham talaygina. Misol uchun, gollandiyalik va eronliklar bu gal ham oʻz koʻrgazmalari bilan bayramning nufuzini yana-da oshirish niyatini bildirishgan.
Bugun Namangan turfa rang gulu chechaklardan olovlanganday. Shaharda katta bayramga munosib hozirlik koʻrildi. Nafaqat, madaniyat va istirohat bogʻi, balki, koʻcha va xiyobonlar ham tabiat inʼomidan oʻzgacha manzara kasb etgan. Avvalgi yili maxsus kompozitsiyalarni yaratish uchun 4 million tupga yaqin gul koʻchati oʻtqazilgan edi. Bu gal koʻrsatkich 10 million tupdan ortadi.
23 — 31-may kunlari boʻlib oʻtadigan bayram dasturiga koʻra, anjuman gul bilan bezatilgan 150 dan ortiq avtomashinalar karvonining shahar koʻchalari boʻylab sayridan boshlanadi. Bobur bogʻida gulchi-tadbirkorlar, shahardagi korxona va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan rango-rang koʻrgazmalar tomoshabinlarni turfa chechaklar iforidan bahramand etadi. Yuzdan ortiq badiiy kompozitsiyalarning har biri hozirdanoq zavqli koʻrinishi bilan koʻpchilikni hayratga solmoqda.
— Yubiley festivali tomoshalari har qachongidan keng va mazmunli boʻladi, — deydi Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Farhod Mamadaliyev. — Xususan, bogʻning turli hududlarida tashkil etiladigan konsertlar, soʻz ustalari va milliy oʻyinlar ijrochilarining chiqishlari gullar jozibasini tuygan koʻngillarga yana-da hush kayfiyat ulashadi. Boshqa jihati, bayramning faol ishtirokchilari, ayniqsa, usta gulkorlarni qimmatbaho mukofotlar kutmoqda. Chunonchi, oliy oʻrinni egallagan gulchi tadbirkor, shuningdek, korxona va tashkilotga munosib sovrin-yengil avtomashina topshiriladi. Nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar ham munosib taqdirlanadi.
Aytish lozimki, Namangandagi katta anjumanga bir qator xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari qiziqish bildirmoqda. Jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Qozogʻiston davlatlarining 25 dan ortiq axborot agentlik hamda televideniyelari oʻz muxlislarini gul saylidan toʻgʻridan-toʻgʻri xabardor qilish uchun Namanganga tashrif buyurishadi.
Tashkilotchilarning fikriga koʻra, 60-Xalqaro gullar festivali tadbirlariga 300 mingdan ziyod tomoshabin tashrif buyurishi kutilmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring