Oʻzbekistonga qariyb 2 mln dollarlik COVID-19ga qarshi vaksina muruvvat yordami sifatida keltirilmoqda

16:42 16 Mart 2021 Jamiyat
1418 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, YUNISEF va JSST bilan hamkorlikda respublikamizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish boʻyicha milliy dastur ishlab chiqildi. Dasturga koʻra aholining yuqori xavfga ega qatlamlari belgilanib, ularni emlash uchun 3138 ta emlash punktlari hamda 862 ta mobil brigadalar shay holga keltirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans) tashkilotining COVAX dasturiga aʼzo davlatlar qatoriga kiritilgan. 2021-yil yanvar oyida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi emlash uchun vaksina yetkazib berish yuzasidan buyurtma GAVI tashkilotiga taqdim etilgan edi. Ushbu hamkorlik doirasida yilning oxiriga qadar mamlakatimizga umumiy miqdorda 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajada vaksina, shpris va xavfsiz utilizatsiya qutilari yetkazib berilishi koʻzda tutilgan. COVAX fondi hisobidan Oʻzbekistonga 2,64 mln. doza AstraZeneca vaksinasini, shundan 2021-yilning I-choragida 35-40 foizini, qolgan qismini II chorakdan dunyo boʻylab vaksinalarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich yetkazib berilishi maʼlum qilingan edi. 2021-yil 5-mart kuni respublikamizga shpris va xavfsiz utilizatsiya qutilari keldi va taqsimot asosida joylarga tarqatildi.

Joriy yilning 17-mart kuni soat 01-55 da (Toshkent vaqti bilan) Oʻzbekiston Respublikasi Canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga Hindiston davlatidan COVAX dasturi orqali YUNISEF tashkiloti tomonidan umumiy narxi 1 980 000,00 AQSH dollarlik 660 ming doza COVID-19ga qarshi COVISHIELD vaksinasi muruvvat yordami sifatida Toshkent Xalqaro aeroportiga kelmoqda.

Ushbu vaksinalar bilan respublikamizda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarining boshlanishini mamnuniyat bilan maʼlum qilamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?