Bizga vaksina yoʻq — Alisher Qodirov koronavirusga qarshi vaksina Oʻzbekistonga yetmasligidan xavotirda
Kecha Koronavirusga qarshi kurashish Respublika komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi. Vaksina masalasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda deputat Alisher Qodirov.
«Mamlakatimizda mikrobiologiya sohasida dunyo eʼtirof etadigan olimlar borligi va ularning fikrlari dunyoda davom etayotgan oʻrganishlarda ahamiyatli boʻlayotganiga xursand boʻldim. Ulardan biri, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekistonda Xitoyning Zijilong vaksinasini klinik sinov natijalari boʻyicha taqdimot qildi.
Shaxsiy xulosalarim haqida ikki ogʻiz aytmoqchiman.
Dunyoda vaksina biznesi boshlangan. Hamma oʻz vaksinasini oʻtkazishga harakat qilmoqda. Kimdir yopiq, kimdir ochiq bosim bilan, kimdir ilmiy hamkorlik orqali. Komissiya har qanday bosim taʼsiriga berilmagan holda eng xavfsiz vaksinani tanlash uchun harakat qilayotganiga, men shaxsan toʻliq ishondim.
Bugun dunyoda 200 ga yaqin vaksina ustida ishlanayotgan boʻlsa, Jahon sogʻliq tashkiloti bittagina vaksinani roʻyxatdan oʻtkazibdi - AQSHning Pfizer kompaniyasi vaksinasi. Tushunarli. Lekin bu vaksinani eng yaxshisi emasligini bilish uchun natijalarga qarash yetarli boʻldi.
Biz Xitoyning Zijilong, Rossiyaning Sputnik V, Britaniyaning Astrazaneka va Hindistonning Bxarata Biontek vaksinalarini oʻrganyapmiz. Xitoy vaksinasini ishlashda bizning olimlar ham faol ishtirok etgani uchun ushbu vaksina nomlanishida -UZ qoʻshimchasi qoʻshilmoqda.
Bu sohada bilimdon emasman, lekin tushunganlarimni aytmoqchiman.
Vaksinalar 2 xil boʻladi:
a) Virusning oʻzidan olingan vaksina (Sputnik V). Tirik xujayradan iborat vaksina kutilgan vazifani bajarganidan keyingi uzoq davrda oʻzini qanday tutishini bilmaymiz. Yaʼni, vaksina qilingan odamning farzandida qandaydir kutilmagan gen paydo boʻlib qolmasligiga kafolat berilmagan;
b) Gen muhandisligi natijasida olingan vaksina (Zijilong, Astrazaneka). Bu vaksinada foydalanilgan genlar yuklangan vazifani bajarganidan keyin faollikni toʻxtatadi va tanadan chiqib ketadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 7 mingdan ortiq odam shu vaksina bilan emlanibdi. Ijobiy natijalar haqida shaxsan emlanganlar aytib berishdi.
Bundan tashqari ayrim vaksinalarni tashish va saqlash uncha-muncha davlat tashkil qilishi qiyin boʻlgan jiddiy tizim talab qiladi. Masalan, vaksinani saqlab turish uchun -80 daraja sovuq harorat taʼminlash, foydalanishga tayyorlash uchun 2 kunlik maxsus jarayon zarur (Pfizer). Saqlash muddati ham cheklangan. Katta pulga olib kelinsayu, odamlar vaksinani rad etsa nima boʻladi? Hamkorlikda ishlab chiqarish boʻyicha takliflar rad etilmoqda.
Yana muhim tomoni, hamma vaksina ishlab chiqarayotganlar reklama uchun shovqin koʻtaryapdi, lekin “vaksina ber, puli naqd” degan takliflarga javob yoʻq. Masalan, Rossiyaning "Sputnik V” vaksinasi boʻyicha olimlarimiz joyida oʻrganib kelishdi, hali vaksinani koʻp miqdorda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan. “Siz vaksinani reklama qilavering, biz sizga yetkazib beramiz” qabilidagi nasiya gaplar. «Oʻzbekiston bizning vaksinadan foydalanyapdi», degan gap uchun bir quti vaksina bilan tashrifni ham koʻrdik.
Qisqasi, olarmon pul toʻlamasa vaksina ishlab chiqaruvchilar xarajat qilmoqchi emas. Jahon sogʻliq tashkiloti esa bor vaksinani sharoiti ogʻir mintaqalarga birinchi boʻlib yetkazib berish tarafdori. Bu AQSH bilan Yevropa boʻlsa kerak, taxmin qilish qiyin emas. Oʻzbekiston sharoiti moʻtadil davlat ekanligi sababli, bizga vaksina yoʻq. Demak, oʻzimiz uchun harakat qilishimiz kerak.
Davlat rahbari tomonidan aholini vaksina bilan taʼminlash uchun barcha choralar koʻrish boʻyicha koʻrsatma berilgan. Komissiya real holatdan kelib chiqib yaqin kunlarda masalani xalq vakillari bilan muhokama qilmoqchi», deydi u.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring