Oliy Majlis Senati Raisi Beruniy va Toʻrtkoʻl tumanlari aholisi bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Murat Kamalov Beruniy tumaniga tashrif buyurdi.
Ular dastlab tuman markazidan eng olisda joylashgan, sharoiti ogʻir hududlardan biri boʻlgan “Oltinsoy” ovul fuqarolar yigʻinida boʻlishdi. Mazkur hudud aholisini ancha vaqtdan buyon toza ichimlik suvi muammosi qiynab kelardi. 2020-yil oxirida hududdagi suv tarmoqlariga yangidan ichimlik suv filtrlari oʻrnatilgach hudud aholisining bu boradagi muammosi hal qilingan edi. Senat Raisi T.Narbayeva va Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Kamalov hudud aholisi bilan uchrashdi va murojaatlarini tingladi.
Shundan soʻng mehmonlar Beruniy tumanidagi Yoshlar markazida bir guruh faol ayollar bilan uchrashdi.
— Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi Beruniy tumani hokimi maslahatchisi Sanamjon Yusupova. — Mana bugun Senat Raisi Tanzila Kamalovnaning shaxsan oʻzlari kelib, tumanimizda ayollar bandligini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish barobarida kelgusidagi vazifalarni ham belgilab berdilar.
Oʻtgan 2020-yil Beruniy tumani “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish boʻyicha namunali tuman, deya eʼtirof qilingan edi. Biz, 2021-yilda ham belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ayollarning oʻzini oʻzi band qilish hamda ish bilan taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xarita”siga asosan amaliy ishlarimizni izchil davom qildiramiz. Zero, yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash doimiy eʼtiborimizda.
Uchrashuvda Senat Raisi kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badallari toʻlab berilganligi boʻyicha sertifikatlar topshirdi, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan bir guruh ayollarga tikuv mashinalari, mini-pechkalar, ayollar sartaroshligi boʻyicha asbob anjomlar, «Beruniy Tekstil Invest» korxonasida uzoq yillar davomida ish faoliyati bilan band boʻlgan faol ayollarga sovgʻalar topshirdi.
Tumanda qoʻshiqchilik sanʼatini puxta oʻrganayotgan yoshlar koʻp. Ulardan biri milliy maqom yoʻnalishida qoʻshiqlar ijro qilib, bugungi kungacha yuqori natijalarga erishgan Beruniy tumanidagi 6-sonli musiqa maktabi oʻquvchisi Murodjon Qodirberganovdir.
Tashrif doirasida Murodjon ijrosidagi ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar hamda Yoshlar markazida tashkil qilingan gimnastika toʻgaragi qatnashuvchilarining mashqlari ham mehmonlar eʼtiboriga havola qilindi. Yoshlar markazi foyesida hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil qilindi.
Senat Raisi Toʻrtkoʻl tumaniga ham tashrif buyurdi.
Mehmonlar Toʻrtkoʻl tumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “DINUR-JOBS” MCHJ bilan hamkorlikda ishsiz aholi, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitishga moʻljallanganmonomarkazning tantanali ochilish marosimida ishtirok qildi.
Mazkur monomarkaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish toʻgʻrisida”gi, 13-oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
— Monomarkaz payvandchi, elektrik, santexnik, umumqurilish mutaxassislari (boʻyoqchi, suvoqchi, betonchi), oshpaz-qandolatchi, batler-ofitsiant, buxgalteriya, tadbirkorlik asoslari, IT-mutaxassisliklari, tikuvchilik, xorijiy tillar (turk, rus tillari) kabi yoʻnalishlar boʻyicha yiliga mingdan ortiq fuqarolarni oʻqitishga moʻljallangan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri U .Saburov. — Kasb yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlari “World Skills” xalqaro uyushmasi talablari boʻyicha Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqilgan. Monomarkazdagi 11 nafar oʻqituvchilarning malakasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida oshirilgan va maxsus sertifikatlar berilgan. Oʻqitish yakuni boʻyicha bitiruvchilarga maxsus sertifikat beriladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan monomarkazga ishsiz fuqarolar (“Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftar”lariga kiritilgan ishsizlarning) oʻqitish xarajatlarini qoplash uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan grant ajratiladi.
Shuningdek, vazirlik mehnat organlarining yoʻllanmasi boʻyicha oʻqitilgan ishsiz fuqarolarning oʻqitish xarajatlarini toʻlab beradi va ularga stipendiya tayinlaydi, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha xarajatlarini qoplab beradi.
Tadbir davomida Senat Raisi va Joʻqorgʻi Kengesi Raisi yangidan ish boshlagan oʻquv markazida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, dastlabki kasb-hunar oʻrganish uchun oʻqishni boshlagan tinglovchilar bilan suhbatlashdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari E.Muhitdinovning taʼkidlashicha, monomarkaz oʻqituvchilarining malakasi “Ishga marhamat” monomarkazlarida oshiriladi, monomarkaz oʻquv qoʻllanmalari vazirlik metodik yordami asosida takomillashtiriladi.
Shuning bilan Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.
Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring