“Kelinlar qoʻzgʻoloni” va “Achchiq danak” filmlari Rossiyadan Oʻzbekistonga qaytarildi

12:31 14 Dekabr 2020 Jamiyat
3520 0

Rossiya Federatsiyasi Davlat film fondida saqlanayotgan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” va “Achchiq danak” filmlari hamda 60 yillarning 9ta multiplikatsion filmlari etalon negativlaridan raqamlashtirilib Oʻzbekistonga qaytarildi. Loyiha Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati koʻmagi bilan amalga oshirilmoqda.

Oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” filmi suratga olinganiga 35 yil toʻldi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad asari asosida yaratilgan film rejissyori Melis Abzalov, ssenariy muallifi Eduard Akopov, postanovkachi operator Najmiddin Gʻulomov, kompozitor Mirhalil Mahmudov, postanovkachi rassom Emonuel Kalantarov. “Achchiq danak” filmi esa joriy yilda 45 yillik yubileyini nishonlamoqda. Bolalar uchun moʻljallangan film rejissyori Qamara Kamolova, ssenariy muallifi Yaroslav Filippov, postanovkachi operator Aleksandr Pann, kompozitor Rumil Vildanov, postanovkachi rassom Narimon Rahimboyev.

Respublika kinofondi DUK Rossiya Federatsiyasi Davlat kinofilm fondi bilan oʻzbek kinosining oltin merosiga aylangan “Tohir va Zuhra” (1945, rejissyor Nabi Gʻaniyev), “Mahallada duv-duv gap” (1960, rejissyor Shuhrat Abbosov), “Ali bobo va 40 qaroqchi” (1980, rejissyor Latif Fayziyev), “Leningradliklar, bolalarim mening…” (1980, rejissyor Damir Salimov) kabi oʻnlab filmlarni raqamlashtirib, Oʻzbekistonga qaytarish rejalashtirilgan. Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida tadbirkor Alisher Usmonovning koʻmagi bilan “Oʻtkan kunlar” filmi ham xuddi shunday tartibda yurtimizga qaytarilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?