“UzAutoMotors” mashinalar narxini shakllantirishida maxfiy hujjatlarga asoslangani maʼlum qilindi

15:12 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
1794 0

Bugun, 9-oktyabr kuni, Toshkent shahar maʼmuriy sudida “UzAutoMotors” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi shikoyat arizasini koʻrib chiqish boʻyicha oʻtkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

Ushbu maʼmuriy ish sudya Gʻ. Davlatov raisligida koʻrilmoqda.

Bugungi sud majlisida dastlabki soʻz navbati arizachi vakiliga taqdim etilib, “UzAutoMotors” AJ vakili oʻz vajida javobgar oʻtkazilgan tekshirish natijalariga koʻra maxsus komissiyasi tomonidan ishni koʻrishda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi, jumladan komissiya yigʻilishi 3, 7-avgust kunlari oʻtkazilgan boʻlsada, mazkur yigʻilish bayonnomalari yuritilmaganligini, faqatgina komissiyaning 19-avgust, yaʼni qaror qabul qilingan kundagi yigʻilish bayonnomasi mavjudligi, maxsus komissiyaga yigʻilishni oʻtkazishni boshqa kunga qoldirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma kiritilgan boʻlsada, Nizomning 18-bandi talabi buzilib, ish “UzAutoMotors” AJ vakili ishtirokisiz koʻrilib, jamiyatga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklanganligini, shuningdek jamiyatda oʻtkazilgan tekshirish dalolatnomasida koʻrsatilmagan holatlar komissiya yigʻilishida muhokama qilinganligi, komissiya aʼzolari tarkibida MQKQ raisi N. Sharipov boʻlmasada, yigʻilishda ishtirok etganligi, tekshirish davomida avtomobillarning tan narxi asossiz oshirilgan degan nomaqbul dalillar keltirilganligini bildirib, tekshirishda aniqlangan kamchiliklarni inkor etuvchi hujjatlar taqdim etildi.

Shuningdek, arizachi vakili tomonidan sudga iltimosnoma kiritilib, jamiyatda oʻtkazilgan tekshirishga asos boʻlgan hujjatlarni taqdim etish soʻraldi.

Ushbu iltimosnomani qanoatlantirish toʻgʻrisida sud oʻz oʻrnida ajrim qildi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakillarining arizachi talablariga nisbatan keltirilgan vajlari tinglandi.

Barcha taraflarning fikri tinglanganidan soʻng, arizachi “UzAutoMotors” AJ vakili tomonidan dastlabki sud majlisida kiritgan iltimosnomani muhokama qilishni, yaʼni jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning tan narxi shakllantirilishida maxfiy hujjatlarga asoslanilganligi, MQKQ tomonidan esa ushbu hujjatlar tegishli tartibda oʻrganilmasdan qaror qabul qilinganligini, shu sababli oʻtkazilgan tekshirish va qabul qilingan qarorga nisbatan oʻz eʼtirozlarini bildirishlari lozimligini maʼlum qilib, sudga “maxfiy” grifi ostidagi hujjatlarni taqdim etib, sud majlisini mazkur muhokama qismini yopiq tarzda oʻtkazish soʻraldi.

Ushbu iltimosnomani muhokama qilish va sud muhokamasiga taqdim etilgan qoʻshimcha dalillarni oʻrganish uchun ishni koʻrish keyinga qoldirildi.

Navbatdagi sud majlisi 2020-yil 16-oktyabr kuni soat 10.00 da oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?