Bosh prokuratura Kusherboyev haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

20:30 12 May 2020 Jamiyat
2545 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bilan bogʻliq turli mazmundagi xabarlar tarqalmoqda.

Bugun, Kusherboyevning oʻzi xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, barcha holatlar hech qanday taʼsirlarsiz xolis oʻrganilib, huquqiy baho berilishi va deputat daxlsizligi, shaʼni va ishchanlik obroʻsi taʼminlanishi kerakligini taʼkidladi.

Ushbu masala yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmat rahbari Hayot Shamsutdinov munosabat bildirdi.

Bosh prokuratura deputatga nisbatan prokuratura organlari tomonidan qandaydir taʼsir koʻrsatishga urunilayotganini inkor etdi. Bunday asossiz iddaolar ortidan kelib chiqayotgan shov-shuvlar jamoatchilik fikrini chalgʻitishi barobarida xolis tergovga taʼsir qilishi ehtimolini yuzaga keltirayotganini taʼkidladi.

Taʼkidlanishicha, “R. Kusherboyevga nisbatan koʻrsatma olish“ uchun goʻyoki “hiqqildogʻidan olinayotgan“ tadbirkorlarning vajlari ham asossiz. Ulardan oʻzlariga nisbatan dastlabki tergov jarayonida nisbatan ruhiy yoki jismoniy bosim oʻtkazganlik holati boʻyicha hech shikoyat kelib tushmagan. Ayblanuvchilar malakali huquqiy yordam olish imkoniyatiga ega, bu borada hech qanday muammo yoʻq.

“Endi qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi haqida ikki ogʻiz.
Dastlabki tergov hujjatlarga koʻra, B. Kuziyev Yangiyoʻl tumanida tashkil etilgan “Qoʻshyogʻoch Oltin Fayzli Baliqlari” MCHJga norasmiy ravishda rahbarlik qilib,(ushbu jamiyatga rasman rahbarlik qilib kelgan) ukasi J. Zokirjonov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.12.2018-yildagi 983-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Foydali qazilmalarni qazib olish uchun kon ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga zid xatti-harakatlar sodir etishgan. Nizomda koʻra, qazib olingan keng tarqalgan foydali qazilmalar va yer osti suvlaridan yer uchastkasi egasi (foydalanuvchi)ning xoʻjalik yoki maishiy ehtiyojlari uchungina foydalanilishi, foyda olish maqsadida qazib olingan foydali qazilmalarni boshqa korxonalar, tashkilotlar va fuqarolarga sotish yoki berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bundan tashqari Toshkent viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiningekspertiza xulosasida — baliq havzasini tashkil etish jarayonida qum-shagʻalni boshqa isteʼmolchilar va korxonalarga foyda olish maqsadida berish va sotish qatʼiyan taʼqiqlanganligi koʻrsatilgan.
“Qoʻshyogʻoch Oltin Fayzli Baliqlari” MCHJni boshqarib kelishgan aka-ukalar yuqoridagi talablar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining“Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga (PQ-3286-sonli) zid ravishda qurilish qurmaslik sharti bilan baliq boqish uchun sunʼiy hovuz qurilishini loyihalashtirish maqsadida Yangiyoʻl tumanining Yangihayot massividan ajratilgan 11,8 gektar yer maydonining 4,0 gektar qismidan(baliqchilik havzasini tashkil etish maqsadida) qazib olingan jami 57.218,01 m3 hajmdagi qum-shagʻal aralashmalarini ish haqi va boshqa maqsadlarda hisob-kitob qilish maqsadida hududdan olib chiqib ketilishiga yoʻl qoʻyishgan. Natijada oʻziga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida boʻlgan davlat va jamoatning qiymati 600 mln. 789 ming 105 soʻmlik juda koʻp miqdordagi mulkini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan”, deyiladi munosabatda. 

Yuqoridagilarga koʻra, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida J. Zokirjonovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Uning akasiga tergovdan yashiringani sababli unga nisbatan ham ayni modda bilan ayb eʼlon qilinib, qidiruvga berilgan.

Jinoyat ishining J. Zokirjonovga tegishli qismi boʻyicha tergov harakatlari yakunlanib, mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер