Fan nomzodi, falsafa doktoriga lavozim maoshining 30 foiz, fan doktoriga 60 foizgacha haq toʻlanadi

17:58 25 Dekabr 2019 Hujjatlar
3957 0

Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Hukumat qarori (1030-son, 24.12.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga:

- fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 30 foizigacha;

- fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 60 foizigacha qoʻshimcha haq toʻlash tizimi joriy etildi.

Qoʻshimcha haq tegishli mezonlarni bajarilishini baholash natijalari boʻyicha hamda tarkibiy boʻlinma rahbarining taqdimnomasi va tashkilot kollegial organi qarori asosida har bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qoʻshgan hissasini hisobga olgan holda belgilanadi.

Qaror bilan shuningdek, ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra, qoʻshimcha haq bir martalik yoki oylik shaklda belgilanishi mumkin. Qoʻshimcha oylik toʻlovini belgilashning eng koʻp muddati bir yildan oshmasligi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?