Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tashkil qilish taklifi maʼqullandi

19:10 07 Aprel 2026 Siyosat
338 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida joylarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab boʻlgani bois, toʻliq foydalanilmay turgani koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga bu joylarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Bugun 100 mingdan ortiq yoshlar olimpiya oʻyiniga kirmagan sport turlari bilan doimiy shugʻullanyapti. Ular dzyudo, sport kurashlari, taekvondo, qilichbozlik, ogʻir atletika kabi olimpiya sport turlari uchun tayyor zaxira ekani taʼkidlandi.

Sport vazirligi va hokimlarga sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tashkil qilish taklifi maʼqullandi.

“Shu oʻrinda yana bir masalaga toʻxtalmoqchiman: oʻtgan hafta yangi qonunni qabul qilib, har bir vazir, federatsiya rahbari, hokimni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi masʼuliyati, majburiyati va javobgarligini aniq belgilab qoʻydik. Bundan buyon ushbu rahbarlardan talab ham, soʻrov ham shunga yarasha boʻladi!”, dedi Prezidentimiz.

Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?