Shavkat Mirziyoyev hokimlarning sportga befarqligini tanqid qildi

17:16 07 Aprel 2026 Siyosat
226 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlarning sport musobaqalari oʻtkazish va umuman sportga befarqligini tanqid qildi.

Hozirda olimpiya sport turlari boʻyicha 26 ta federatsiyaning har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. Oʻtgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Prezident vakili etib belgilandi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federatsiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga litsenziya olish boʻyicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori boʻlishi mumkin edi.

Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashdi. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan birgalikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni, fitness klubi tashkil qilindi.

Infratuzilma yaxshilangani uchun Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Yoki qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor oʻz hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard soʻmlik sport inshootlari qurib berdi.

Qolgan tumanlarda aholini ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, hokimlarning musobaqalar oʻtkazish va umuman sportga befarqligi tanqid qilindi. Zarbdor tajribasini oʻrganish va barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?