Tekin pishloq qopqonda boʻladi yoxud tarmoqdagi “qarmoq”larga ilinib qolmang

14:16 07 Aprel 2026 Jamiyat
293 0

Bugungi kunda fan va texnika sohasida ulkan muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilmoqda. Ayniqsa, internet tarmogʻining jadal rivojlanishi tufayli barcha sohalar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Ammo bu yanфgilanishlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalanayotgan kiberfiribgarlar paydo boʻlmoqdaki, ular sodda va ishonuvchan odamlarni osongina oʻz “tuzogʻi”ga ilintirmoqda.

Hozirgi paytda telegram orqali “apk” viruslar juda avj oldi. Ularning mazmuni haftasiga oʻzgaryapti. Oxirgi paytda sud qarori yoki majburiy ijrodan “Sizga nisbatan jarima belgilandi” kabi xabarlarga odamlar koʻp aldanishyapti. Baʼzan bu roʻyxatdan oʻtkazilgan maʼlumotnomaga oʻxshaydi, muhr qoʻyilgan, rahbarning ism-familiyasi ham yozilgan boʻladi. Odamlarda uni rostdan ham sud qarori yoki majburiy ijrodan kelgan ekan deb, ochish ehtimoli juda yuqori.

Ochib qoʻyadigan boʻlsangiz, birinchi navbatda telegramingiz sizning ixtiyoringizdan chiqib, firibgarning ixtiyoriga oʻtib ketadi. Keyin telefoningizdagi ilovalardagi plastik kartalaringiz ham firibgarlar qoʻliga oʻtadi. Ular sizning nomingizdan telegramdan bemalol foydalanadi. Kontaktingizdagi barcha odamlardan qarz soʻrashi yoki “apk” viruslarni barchaga tarqatishi mumkin. Eng yaqin qarindoshlaringiz sizdan kelgan narsani ochib koʻradi, albatta. Keyin ular ham pul mablagʻlarini yoʻqotadi. Ularning nomidan ham boshqalarga SMS xabar ketadi. “Qarz berib turing” deb katta miqdordagi summani soʻrashadi.

Agar virusli “apk” fayllar ochib qoʻyilgan boʻlsa, birinchi oʻrinda plastik kartalarni “muzlatish” – bloklatish kerak boʻladi. Bank plastik kartani bloklatish uchun bankga toʻgʻridan-toʻgʻri telefon qilsangiz, kutib qolish ehtimoli koʻp va vaqtdan yutqazasiz. Shuning uchun nomingizdagi plastik kartalardagi barcha pullarni yaqinlaringizning bank kartalariga tezkor oʻtkazish kerak. Keyin, bankka telefon qilib, nomingizdagi hamma plastik kartalarni bloklatish lozim.

Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi tomonidan maxsus “SamCyber102” ilovasi ishlab chiqarildi. Uni “Play Market”dan bemalol yuklab olish mumkin. Bu qanday ishlaydi? Yaʼni telefoningizga virusli fayl joʻnatilgan boʻlsa, nafaqat “apk” virus, balki boshqa turdagi virus kelsa ham, telefonning oʻzi avtomat ravishda sizni ogohlantiradi. Soʻng ilovaga kirib, virusli fayl qayerdan kelgan, telegram orqali kelganmi yoki instagram orqalimi, bemalol kirib oʻchirib yuborish imkoniyati boʻladi.

SizgaMarkaziy bank”, “Huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralari” yoki “Uyali aloqa kompaniyasi xodimiman” deb qoʻngʻiroq boʻlsa, nomingizga kredit rasmiylashtirilayotgan boʻladi. Yoki “Sizga yutuq chiqdi”, “Pul yutib oldingiz”, “Pulni olishingiz uchun ozroq mablagʻ kerak boʻladi” deyishsa ham sergak boʻling. “Tekin pishloq faqat qopqonda!” Zinhor SMS kodni aytib qoʻymang. Aytadigan boʻlsangiz, nomingizga kredit rasmiylashtiriladi. Firibgarlar shu qadar ayyor boʻlib ketganki, hatto siz kiberhujumga uchragan ekansiz, ular bu boʻyicha “Huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralaridanman” deb sizni firibgarga ulab berishadi. Keyin muloqot davomida shaxsingizni identifikatsiyadan oʻtkazishadi yoki yuborilgan kodni egallab oladi. Kod orqali nomingizga katta miqdorda kredit olinadi. Yaʼni aytaylik, 100 million soʻm pul plastik kartangizga tashlab beriladi. Bank hech qachon sizning nomingizga olingan pulni boshqa kartaga tashlab bermaydi. Siz muloqot davomida oʻzingiz bilmagan holda kartangizdagi pullarni yo oʻtkazib berasiz yoki ular yechib olishadi.

Misol keltiradigan boʻlsam, aeroportda ishlaydigan xodimga bankdan telefon boʻlgan. Unga «sizga kiberhujum boʻlayotgan ekan. Plastik kartangizdagi pullarni boshqa kartaga oʻtkazishingiz kerak. Bu boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralari shugʻullanadi” deb aytishgan. Firibgar jabrlanuvchining bank plastik kartasidagi pullarning aldov yoʻli bilan oʻz plastik kartasiga oʻtkazib olgan. Bu ham yetmagandek, jabrlanuvchining nomiga katta miqdorda turli xil banklardan kredit ham rasmiylashtirganligi aniqlandi.

Toʻgʻri, hozirda kredit olmaslik uchun https://my.gov.uz tizimi orqali kredit tarixini bloklab qoʻyish imkoniyati bor. Kreditga taqiq qoʻyganingizdan keyin, sizga firibgar telefon qilib, kod yuboradigan boʻlsa yoki shaxsingizni tasdiqlatsa ham, sizga kredit berilmaydi. Qachonki oʻzingizga kredit kerak boʻlsa, bankga borib, kredit tarixini ochdirishingiz mumkin.

Albatta, telefon qilganda firibgarlar “men bank xodimiman, agar ishonmayotgan boʻlsangiz, telegram orqali onlayn gaplashishimiz mumkin” deydi. Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardan telefon qilishadi. Muloqot paytida suhbat davomiyligini choʻzib, bemalol sizning rasmingizni identifikatsiyadan oʻtkazishadi. Oʻsha paytda nomingizga kredit rasmiylashtirib qoʻyishganini oʻzingiz ham bilmay qolasiz. Shubhali qoʻngʻiroq yoki video qoʻngʻiroq boʻlsa darhol oʻchirib qoʻying, shunda oʻzingizni va yaqinlaringizni asragan boʻlasiz.

Mamlakatimizda yangi tartib boʻyicha kiberjinoyatga uchragan fuqarolarning murojaatiga koʻra, ularning mablagʻini topish boʻyicha tergov-surishtiruv ishlari olib boriladi. Baribir hushyorlikni yoʻqotmaslik kerak. Hozirda bu jinoyatchilik butun dunyoda global muammo boʻlib turibdi. Buning oldini olish uchun fuqarolarning hushyorligini oshirish kerak. Zotan, virtual olamda tanimagan odamlar bilan muloqot qilmaslik, shubhali qoʻngʻiroqlarga javob bermaslik, ishonuvchan boʻlmaslik zamon talabidir.

Farxod ABDUVALIYEV,

Toshkent shahar Yunusobod tumani

Ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni oldini olish boʻlimi xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?