Endilikda talabalar oliy taʼlim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilishlari mumkin boʻladi

11:51 07 Aprel 2026 Hujjatlar
239 0

Adliya vazirligi Oliy taʼlimga oid idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Bildirilishicha, mazkur hujjat bilan Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi nizom yangidan tasdiqlanib, unda oliy taʼlim tizimini tashkil etish, taʼlim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilangan.

Nizomga koʻra, oliy taʼlim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat taʼlimi kamida 3-yil davom etadi.

Oʻqish muddati kunduzgi taʼlim shakliga nisbatan:

  • sirtqi taʼlim shaklida kamida 1 oʻquv yili;
  • kechki taʼlim shaklida kamida yarim oʻquv yili muddatiga koʻproq boʻlishi kerak.

Oliy taʼlim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv taʼlim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi. Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos boʻlishini taʼminlash maqsadida oʻquv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Talabalarga quyidagi huquqlar berilishi belgilangan:

  • taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflar kiritish;
  • taʼlim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
  • kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
  • xalqaro almashinuv va qoʻshma taʼlim dasturlarida qatnashish;
  • oliy taʼlim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
  • mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy taʼlim tashkilotining oʻzida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
  • kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalar stipendiya olish.

Shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarni taʼlim olish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Talabalar oliy taʼlim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak boʻladi.

Bundan tashqari, taʼlim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?