Dogʻistonda ham toʻgʻon yorildi. Toshqinlar oqibatida toʻrt kishi halok boʻlgan

18:11 06 Aprel 2026 Dunyo
387 0

Foto: TASS

Dogʻistonda kuchli yomgʻirlar sabab yuzaga kelgan toshqinlar oqibatida toʻrt kishi halok boʻldi. Bu haqda “Interfaks” agentligi maʼlum qildi.

Joriy yilning 28-mart hamda 4–5-aprel kunlari kuzatilgan kuchli yogʻingarchiliklar oqibatida hududda uy-joylar, yoʻllar va elektr podstansiyalari suv ostida qolgan, qariyb 20 ta tumanda elektr taʼminoti cheklangan.

Respublika hukumati Maxachqala, Xasavyurt, Buynaksk, Dogʻiston Ogni, Kaspiysk shaharlari, shuningdek, Derbent, Qorabudoqkent, Xasavyurt, Gumbetov, Babayurt, Novolak va Qaytogʻ tumanlarida favqulodda holat rejimini joriy etgan. Maxachqala shahrida qariyb 3,8 mingta uy zarar koʻrgan.

Derbent tumanida federal trassaning bir qismi suv ostida qolgani oqibatida ikki nafar fuqaro halok boʻlgan, yana besh kishi qutqarib qolingan. Shuningdek, Qaytogʻ tumanidagi Kirki qishlogʻida koʻchki sabab vayron boʻlgan uy ostida yana bir qurbon topilgan.

Shuningdek, tumandagi Mamedqala qishlogʻi yaqinidan 5 yoshli qizchaning jasadi topilgan. Maʼlum qilinishicha, halok boʻlgan qizaloq Velkent qishlogʻidan boʻlgan. U Mamedqala posyolkasi yaqinidagi federal avtomobil yoʻli uchastkasidan suv sathi koʻtarilishi ortidan oqimga tushib ketgan. Qutqaruv ishlari davomida uning jasadi qishloq yaqinidan topilgan.

Hozirda barcha halokatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Gejux suv omboridagi dambaga zarar yetgani sabab Derbent tumanidagi toʻrtta mahalladan profilaktika maqsadida 4 mingdan ortiq aholini evakuatsiya qilgan.

Bundan tashqari, Qorabudoqkent tumanidagi “Solnechnыy bereg” oromgohidan toshqin xavfi sabab 10 ta avtobusda 150 nafar bola xavfsiz joyga koʻchirilgan. Maxachqala shahri Ayvazovskiy koʻchasida esa yer yuvilishi oqibatida olti qavatli uyga tutashgan uch qavatli qoʻshimcha bino qulab tushgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Qozogʻistonning Aqmola viloyatida joylashgan “Shoptikol” dambasi yorilib ketgani haqida xabar berilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?