Qashqadaryoda masjid imomi kaltaklandimi? IIB munosabat bildirdi

16:46 06 Aprel 2026 Jamiyat
463 0

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi “Xitoy” jome masjidi imom-xatibi uch-toʻrt nafar fuqaro kaltaklangani xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga ilova qilingan videoda diniy libosdagi erkak masjid hovlisidan kuch bilan olib chiqilib, yoʻl yoqasida doʻpposlangani aks etgan.

Mazkur holat keng muhokamalarga sabab boʻlgach, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Oʻrganishlar jarayonida aniqlanishicha, ushbu ushbu voqea joriy yilni 3-aprel kuni sodir boʻlgan.

Oʻsha kuni soat taxminan 13:40 larda masjidga namoz oʻqish uchun kelgan fuqarolar Jonimqulov, Sayimov va Egamberdiyev oʻrtasida oʻzaro janjal kelib chiqqan. Natijada fuqaro Jonimqulov yengil tan shikasti olgan.

Hozirda holat yuzasidan Muborak tuman ichki ishlar boʻlimi huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Sayimov va Egamberdiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlanishicha, janjalda “imom-xatib” deb koʻrsatilgan shaxs aslida masjidga namoz oʻqish uchun kelgan fuqaro ekani aniqlangan.

“Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoq faollaridan sodir etilgan holatni toʻliq oʻrganmasdan, notoʻgʻri maʼlumot tarqatmasliklarini soʻrab qolamiz”, deyiladi IBB xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?