Tramp Eronda urib tushirilgan F-15 uchuvchilari qutqarilganini eʼlon qildi

16:14 05 Aprel 2026 Dunyo
343 0

Illyustrativ foto

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat qurolli kuchlari Eron osmonida urib tushirilgan F-15 qiruvchi samolyoti ekipaji aʼzosini qutqarish boʻyicha “AQSH tarixidagi eng dadil qidiruv-qutqaruv amaliyotlaridan biri” amalga oshirilganini maʼlum qildi. Bu haqda u oʻzining “Truth social” ijtimoiy tarmogʻida xabar berdi.

Unga koʻra, amerikalik harbiy Eronning togʻli hududida, dushman nazorati ostida qolganiga qaramay, muvaffaqiyatli evakuatsiya qilingan.

“Biz uni topdik! Soʻnggi bir necha soat ichida AQSH harbiylari tariximizdagi eng dadail qidiruv-qutqaruv amaliyotlaridan birini amalga oshirdi. Men sizlarga u hozir sogʻ-salomat ekanini mamnuniyat bilan maʼlum qilaman”, deb yozdi Tramp oʻz bayonotida.

Oq uy rahbarining qayd etishicha, polkovnik unvoniga ega boʻlgan uchuvchi dushman hududida boʻlganiga qaramay, uning joylashuvi 24 soat davomida kuzatib borilgan va qutqarish rejasi puxta tayyorlangan. Uning buyrugʻi bilan qutqaruv amaliyotiga dunyodagi eng kuchli qurollar bilan jihozlangan oʻnlab harbiy samolyotlar jalb qilingan. Uchuvchi jarohat olgan boʻlsa-da, uning ahvoli yaxshi ekani taʼkidlangan.

Tramp bir kun avval yana bir amerikalik uchuvchi ham qutqarilganini, ammo ikkinchi operatsiyaga xavf tugʻdirmaslik uchun bu haqda darhol xabar berilmaganini ham aytgan. U, shuningdek, bu amaliyotlar davomida birorta amerikalik harbiy halok boʻlmagani va hatto jarohat olmaganini AQSHning Eron osmonida toʻliq havo ustunligiga erishgani bilan izohlagan.

Qoʻshimcha qilinishicha, harbiy tarixda ilk bor ikki nafar amerikalik uchuvchi dushman hududining ichkarisida alohida-alohida tarzda qutqarilgan.

Avvalroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQSH va Isroil bilan ziddiyat boshlanganidan buyon ikkinchi F-35 qiruvchi samolyoti urib tushirilganini maʼlum qilgan edi.

Tasnim agentligi dastlab katapulta orqali tushgan uchuvchi asirga olingan boʻlishi mumkinligini yozgan. Keyinchalik esa Tehron uchuvchini ushlash uchun mukofot eʼlon qilgani haqida xabarlar tarqaldi, bu esa avvalgi maʼlumotlarga zid keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?