“Yengilmas: Tokioga yoʻl”

16:44 04 Aprel 2026 Madaniyat
469 0

Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyi bu gal har doimgidanda oʻzgacha va shukuhli boʻldi. Qoʻllarida dasta gullar koʻtargan yosh-u keksa tezroq kino zaliga kirib, oldinroqdan joy olishga intilishar, film ijodkorlari va qahramonlariga ikki ogʻiz boʻlsa-da ezgu tilaklarini bildirishga oshiqardilar. Ikki karra jahon chempioni Bahodir Jalolovning zafarli hayot yoʻli ilk bor katta ekranda namoyish etilishi koʻplab qalbi qaynoq yurtdoshlarimizni mana shu maʼrifat maskanida jamladi. Jarayon shunday fayzli kechdi. Muxlislar eʼtiboriga havola etilayotgan bu ijodiy asar taqdimoti ham koʻtarinkilik bilan boshlandi.

Oʻzbek sporti tarixida, jumladan jahon boks tarixida oltin harflar bilan yozilgan nom — Bahodir Jalolov hayoti va uning buyuk gʻalabalarga toʻla hayot yoʻliga bagʻishlangan “Yengilmas: Tokioga yoʻl” badiiy filmining tantanali premyerasi boʻlib oʻtdi.

Tadbir yuqori saviyada va keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev, taniqli kino va sport arboblari, OAV vakillari, muxlislar hamda film qahramoni — ikki karra jahon chempioni va koʻp karra Osiyo chempioni Bahodir Jalolov oila aʼzolari bilan birga ishtirok etdi.

Shuningdek, premyera mehmonlari tadbir doirasida Oʻzbekiston Kino sanʼati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishib, milliy kinematografiya tarixiga oid noyob eksponatlar va boy meros bilan tanishib madaniy hordiq chiqarishdi.

— Film oddiy sport hikoyasi emas, — deydi rejissyor Akrom Isaqov. — Bu mashaqqatli mehnat, sinovlarga toʻla yoʻl, bukilmas iroda, qatʼiyat hamda buyuk orzular sari tinimsiz harakat haqidagi ilhomlantiruvchi asar, deya baralla aytishim mumkin. Filmning qanchalik muvaffaqiyatli chiqqanini doimgidek tomoshabinlarning munosib bahosidan bilamiz.

Asar ogʻriqni yenggan iroda, sinmagan ruh va hech qachon soʻnmaydigan orzular haqidagi yurakni larzaga soluvchi milliy kino hikoyasidir. U insonni oʻz chegaralaridan oshishga, ishonishga va hatto eng ogʻir pallada ham taslim boʻlmaslikka undaydi. Bu butun millat yuragi bilan uriladigan, har bir tomoshabinni ich-ichidan chuqur hayajonga soladigan maʼnaviy sayohatdir.

Mazkur film milliy kontent sifatida Oʻzbekiston imijini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalarini keng jamoatchilikka namoyish etadi.

Film taqdimoti va namoyishlari xorijda, jumladan Yaponiyada tashkil etilishi, shuningdek, onlayn platformalar orqali keng auditoriyaga yetkazilishi rejalashtirilgan. Asarning muvaffaqiyatli chiqishida rollarni qoyilmaqom tarzda ijro etgan Dadaxon Obidov, Saida Rametova, Boir Xolmirzayev, Erkin Komilov, Javohir Zokirov, Behzod Muhammadkarimov va bir qator xorijlik ijodkorlarning mehnatlari tahsinga sazovor.

Kartinada chempionning hayotidagi burilish nuqtalari, ring ortidagi kurashlari va insoniy fazilatlari chuqur badiiy talqin orqali yoritilgan. Har bir kadr — motivatsiya, har bir sahna kishini gʻururlantirmay qolmaydi!

“Yengilmas: Tokioga yoʻl” — bu nafaqat sport muxlislari, balki katta maqsad sari intilayotgan har bir inson uchun kuchli ilhom manbai boʻladigan film!

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?