Afgʻonistondagi zilzila oqibatida 8 kishi halok boʻldi

13:18 04 Aprel 2026 Dunyo
346 0

Kecha, 3-aprel kuni Afgʻoniston shimoli va Pokiston gʻarbida kuzatilgan 5,9 magnitudali zilzila oqibatida Kobul shahrida kamida 8 kishi halok boʻldi. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib, “Deutsche Welle” maʼlum qildi.

Zilzila epitsentri Hindukush togʻ tizmasida, Afgʻonistonning Qunduz shahridan taxminan 150 kilometr sharqda joylashgan. Yer silkinishi Afgʻonistonning turli hududlari, shuningdek, Pokiston va Hindistonda ham sezilgan. Ushbu silkinish kuchi hatto Oʻzbekiston hududiga ham taʼsir qildi.

Kobul viloyati hokimi matbuot kotibi Hofizulloh Bashoratning bildirishicha, poytaxt chetidagi uy qulashi oqibatida bir oilaning 8 aʼzosi halok boʻlgan, yana bir bola jarohat olgan. Rasmiylar zilzila epitsentri chekka hududda joylashgani sababli zarar koʻlamini toʻliq baholash vaqt talab qilishini aytmoqda. Shu bilan birga, Afgʻoniston boʻylab tibbiyot muassasalari yuqori shaylik holatiga oʻtkazilgan.

Pokiston Meteorologiya departamenti maʼlumotiga koʻra, yer silkinishi Islomobod, Peshovar, Chitral, Svat va Shangla shaharlarida ham sezilgan. Hindistonda esa Dehli, Panjob, Haryana, Jammu va Kashmir hamda Kargil hududlarida tebranishlar qayd etilgan.

Aytish joiz, Afgʻoniston zilzilalar tez-tez sodir boʻladigan hudud hisoblanadi. Xususan, oʻtgan yil avgust oyida Kunar viloyatida sodir boʻlgan 6,0 magnitudali zilzila 2200 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan, minglab kishilar jarohat olgan edi. Shuningdek, 2023-yil oktyabr oyida Hirot shahri yaqinida yuz bergan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida ham minglab insonlar qurbon boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?