Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkaziladi

20:43 03 Aprel 2026 Jamiyat
416 0

Foto: Mudofaa vazirligi

Ertaga, 4-aprel kuni Toshkent shahrida Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy boʻlinmalarining tantanali piyoda yurish marosimi boʻlib oʻtadi.

Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabariga koʻra harbiy boʻlinmalarning tantanali piyoda yurishlari Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan soat 08:00 da boshlanadi va 12:30 ga qadar davom etadi.

Maʼlum qilinishicha, harbiy boʻlinmalar dastlab boshlanish nuqtasi (“Pushkin” metro bekati yaqinida)dan “Parkent” va “Mustaqillik” koʻchalari boʻylab Amir Temur jangovar bayrogʻini koʻtargan holda, bugungi kundagi jangovar va kundalik harbiy liboslar bilan birga oʻsha davrga oid qurol-aslaha va kiyim boshda harakatlanadi.

Shuningdek, Amir Temur xiyobonidagi toʻxtash nuqtasida teatr sahnalari, faxriy qorovul jamoasi va qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari, boʻlinmalarning jangovar chaqirigʻi, harbiy orkestrning defile namoyishlari ijro etiladi. Shundan soʻng boʻlinmalar “Mustaqillik” va “Temiryoʻl” koʻchalari boʻylab ortga qaytadi.

Mazkur tadbir munosabati bilan 4-aprel kuni yuqorida keltirilgan koʻchalarda soat 08:00 dan 12:30 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi.

“Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz va barchani ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chorlaymiz!” deyiladi vazirlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?